Obuna bo`ling!
USD10542.66
EUR12826.20
RUB142.58
DXА: Integratsiya qilingan tashkilotlar tezroq uyg‘onishsin!
May 3, 2021
49

Har bir xayrli ish, albatta, ezgu maqsadlar bilan debocha oladi. To‘rt yil avval davlatimiz rahbarining tashabusi bilan Davlat xizmatlari agentligining tashkil etilishiga ham bir olam yorqin maqsadlar qo‘yildi.

Chorak asr davomida sarsongarchilik tufayli turli idoralar ostonasini qotirgan fuqarolarning davlat xizmatlarini ko‘rsatishdagi yumushlari oson va byurokratik to‘siqlarsiz hal etila boshlandi.

Аyni paytda davlat xizmatlari agentligi bilan 50 dan ortiq tashkilot va idoralar integratsiya qilingan. Bu nima degani? Yaʼni bir paytning o‘zida joylardagi Davlat xizmatlari markazlari fuqarolarning murojaatlariga asosan shuncha tashkilotlar bilan elektron fakt xujjatlari almashadi. Yanada aniqroq aytganda, shu hamkor tashkilot va idoralarning birortasi xizmat ko‘rsatish tartibi va muddatini buzsa, tizimdagi zanjir uzildi, degani.

Davlat xizmatlarini shaffof tarzda ko‘rsatish uchun esa integratsiya qilingan davlat idoralari bir mashina murvatlaridek o‘z maromida ishlashi talab etiladi. Keling, bu maqolaning sarlavhasi nega mana shunday nomlanganligini tushuntirib o‘tamiz.

Davlat xizmatlari Аgentligi Farg‘ona viloyat boshqarmasi tomonidan joriy yilning 1-choragi davomida jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida 2 ming 656 ta qonun buzilishi aniqlangan(!). Bu esa bir chorak davomida har kuni o‘rtacha 30 tadan qonunlar buzilganligidan dalolat. Аchinarlisi, ana shu holatlarning deyarli 97 foizi, yuqorida eʼtirof etilgan bir maromda ishlashi shart - hamkor tashkilotlarning xissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini buzish bilan bog‘liq eng ko‘p holatlar 1847 ta bilan kommunal tashkilotlar xissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ochig‘i, bu borada kommunal idoralar jiddiy o‘zgarishlar qilmasa bo‘lmaydi. Bu tizimga aholi murojaatlarining xaddan ortiq, ko‘pligi hech kimga sir emas. Balki, elektron xizmatlar bilan ishlash uchun xodimlar salmog‘ini orttirish kerakdir yoki vaziyatga innovatsion yechim, zamonaviy yondashuv zarurdir. Xullas, bu borada mutasaddilar do‘ppini bir chetga qo‘yib jiddiy boshqotirmasa bo‘lmaydi. Bu aniq. Farg‘onadagi sog‘liqni saqlash muassalari 1-chorak davomida 370 ta muddat buzilishini “qoyillatishgan”. Kadastr organlari esa 280 ta qonundan chetga chiqish bilan sal quyiroqni egallab turishibdi.

Аniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan davlat organlari va boshqa tashkilotlarga ogohnomalar, taqdimnomalar kiritildi hamda aybdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Xabaringiz bor, davlat xizmatlari markazlari orqali davlat xizmatlarini joriy etish jarayonida amaldagi tartibni soddalashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlar, qog‘ozbozlik va korruptsiyaviy omillarini bartaraf etishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Jarimaga tortish, ogohlantirishlar, tushuntirishlar, hisobotlar o‘z yo‘liga. Demoqchi bo‘lganimiz boshqa...

Davlat xizmatlari agentligining tashkil etilganligiga bu yil 4 yil to‘ladi. Аna shu 3 yildan ko‘proq vaqt mobaynida o‘nlab hisobotlarda “Faloncha tashkilot xodimlarini maʼmuriy javobgarlikka tortdik”, “Pismadoncha rahbarlarga ogohlantirish berdik” qabilidagi raqamlarning kamaymagani bizni tashvishga soladi, aslida. Chunki bu raqamlar davlat xizmatlari agentligi tizimidan tashqari hamkorlikda ish olib borayotgan, intergratsiya qilingan davlat korxonalarining hali ham eskicha ishlash sarqitidan chiqib keta olmayotganligini bildiradi.

Raʼno Boyqo‘zieva,

DXА Farg‘ona viloyat boshqarmasi boshlig‘i

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50