Obuna bo`ling!
USD10414.86
EUR12344.73
RUB136.69
Qo‘qon xonlarining saroy kutubxonalari haqida eshitganmisiz?
Nov 5, 2020
66

O‘rta Osiyo xonliklari madaniy hayotining rivojlanishida kutubxonalar alohida ahamiyat kasb etgan. Buxoro amirligi, Xiva va Qo‘qon xonliklarida xon saroylari, maktablar, madrasalar va masjidlar qoshida turli fanlarga oid kitoblar jam bo‘lgan kutubxonalar faoliyat ko‘rsatar edi.

Shuningdek, manbalarda boy zamindorlar, maʼrifatparvar davlat amaldorlari, ayrim viloyatlar hokimlari o‘z mulklarida shaxsiy kutubxonalar barpo etganligi haqida maʼlumotlar uchraydi.

XVIII asrda tashkil topgan Qo‘qon xonligida kutubxonalar barpo etish va ularni turli noyob kitoblar bilan boyitib borishga alohida eʼtibor berilgan. Xonlikdagi eng yirik kutubxona Qo‘qon xonlarining sulolaviy saroy kutubxonasi edi. Tarixiy anʼana asosida kutubxona barcha maʼrifatparvar xonlar tomonidan qo‘lyozma kitoblar bilan to‘ldirilib borilgan. Аyniqsa, Umarxon va uning rafiqasi Nodirabegim davrida qo‘lyozma kitoblarni yig‘ish va ularni ko‘paytirishga alohida ahamiyat berilgan.

Qo‘qon xonligida saroy kutubxonasiga alohida eʼtibor berilganligini xonlikning saroy boshqaruv tizimida kitobdor lavozimidagi amaldor faoliyat yuritganligidan ham bilish mumkin. Xon o‘zining saroyi (O‘rda)ga ega bo‘lib, xonlik hududida shunday unvon va mansablarni, vazifa va martabalarni joriy etgandi. Xususan xonlikda o‘rta martabali unvonlarga kitobdor, risolachi, bakovul, mirzaboshi, sarmunshiy kabilar kirar edi.

Umarxon hukmronligi davrida ilk bor kitobdor lovozimi taʼsis etilib, Mulla Mirza Qalandar Mushrif ushbu lavozimga tayinlangan. Keyin uning farzandlari ham kitobdorlik mansabida saroy kutubxonasini boshqarganlar. Bu haqda manbalarda quyidagicha maʼlumot uchraydi: “Muhammad Аlixon davrida Mirza Аyyub Behjat saroy kutubxonasiga kitobdor lavozimiga tayinlanadi. Mirza Аyyub Behjat – Mirza Qalandar Mushrifning o‘g‘lidur. Bular Isfara qaryasinda bo‘lib mulkdor, mansabdor kishilar edi. Xon saroyida kitobdorlik mansabi berilganidan bularning avlodi kitobdor laqabini o‘zlariga iftixor familiya etib yuritadilar”.

Qo‘qon xonligini 1858-1862 yillarda idora etgan Mallaxon hukmronligi davrida saroy kutubxonasini Xoja Kitobdor boshqargan bo‘lib, u Mallaxon elchisi sifatida Peterburgga yuboriladi. O‘rta Osiyoga kelgan rus sayyoh va olimlarining bergan maʼlumotlaridan maʼlum bo‘lishicha, Qo‘qon xonlari saroy kutubxonasini ruslar bosqini davrida Sarimsoq hoji idora etar edi.

Qo‘qon xonlarining saroy kutubxonasi to‘g‘risida Qo‘qon madaniyati tarixi davlat muzeyi katta ilmiy xodimi Yahyoxon Dadaboev maʼlumotlari ham muhimdir. Uning taʼkidlashicha: “Xudoyorxon o‘rdasidagi madrasa qoshida katta kutubxona mavjud bo‘lgan. Bu kutubxonada nafaqat kitob saqlangan, balki islom dinida muhim bo‘lgan Qurʼon tavsir, hadis hamda fiqhga oid kitoblar ko‘p nusxada ko‘chirtirilib, ularga Xudoyorxon muhri hamda “mulki vaqf” degan yozuv bor muhrlar tushirilgan. Bu kitoblar madrasalarga, qorixonalarga va boshqa diniy muassasalarga vaqf mulki sifatida tarqatilgan. Bunday muhr qo‘yilgan kitoblarni bozorga chiqarish taʼqiqlangan”.

Bugungi kunda Qo‘qon madaniyati tarixi davlat muzeyi va Farg‘ona o‘lkashunoslik muzeylarida Xudoyorxon saroy kutubxonasidan qolgan bir nechta Qurʼoni Karim nusxalari saqlanadi.

Saroy kutubxonalaridagi kitoblardan asosan xonning oila aʼzolari saroy mulozimlari va xizmatchilari foydalanishgan. Xudoyorxonning o‘g‘li O‘rmonbek yoshligidanoq saroy kutubxonasida ko‘p vaqtini mutolaa bilan o‘tkazar edi. Tarixchi Mirza Аziz bo‘lsa qo‘lyozmalardan tez-tez foydalanib turgan. U “Qo‘qon xonligi tarixi” nomli katta hajmdagi kitobni tuzgan, unda Markaziy Osiyo davlatlari va mo‘g‘ullar davlati tarixiga oid maʼlumotlar ham qamrab olingan edi.

Qo‘qon xonlarining qo‘lyozma kitoblardan iborat kitob omborlari va kutubxonalari haqidagi baʼzi bir maʼlumotlar rus qo‘shinining 1875 yilgi Qo‘qon xonligiga istilochilik yurishi ishtirokchilari xotiralarida uchraydi. Xususan, mazkur yurishda qatnashgan А.L.Kunga qo‘lyozmalar va boshqa madaniy boyliklarni yig‘ish topshirilgan.

Rus hokimiyati vakillari Ko‘qon xonlari Xudoyorxon va Mallaxon saroyida xizmat qilgan Mirzaolim Mushrifdan 50 ta qo‘lyozma kitob topib berishni talab qiladi. Аmmo u axtarib, topib bera olmaydi, vahshat-dag‘dag‘a haddan oshib ketgach, nihoyat 10 ta kitob berib, qutuladi. Mirzaolim Mushrif ham Xudoyorxon saroy kutubxonasining kitobdori bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Chor Rossiyasining O‘rta Osiyoga istilochilik yurishlari davrida ruslar tomonidan Qo‘qon xoni saroyidagi kutubxonadan 103 ta qo‘lyozma olingan bo‘lib, ular asosan arab tilidagi diniy kitoblar (Qurʼon nusxalari, payg‘ambarlar, avliyolarning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan kitoblar, musulmonlar rivoyatlari, to‘plamlari) edi. Kitoblar orasida falsafa, mantiq, grammatika va notiqlik sanʼatiga, tibbiyotga doir qo‘lyozmalar (masalan, “Bahr al-javohir” yoki Otabib Xorzaning “Marvarid dengizi”), 15 nomdan ortiq fors tilidagi asarlar, musulmon qonunchiligi, tarixiy mazmundagi “Tuhfat ul-xoniy” (Muhammad Rahimxon hukmronligi tarixi), Jigan Lodining “Tarixi Jahongiri”, Shohruh davridan tortib Xudoyorxon davrigacha bo‘lgan Farg‘ona hamda Qo‘qon xonligi tarixiga doir kitoblar bo‘lgan. Kitoblar orasida, shuningdek “Tavorixi Shoxruxiy”, “Tarixi Muqimxoniy”, “Jahonnoma”, “Rashaxot”, “Rashonax ul-funun” kabi ko‘plab noyob qo‘lyozma asarlar ham bor edi. Ularning barchasi Rossiyaga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasi (bugungi Rossiya Milliy kutubxonasi)ga topshirilgan.

1897 yilda rus tadqiqotchisi K.G.Zaleman Qo‘qonga kelib Xudoyorxon kutubxonasini izlashga kirishadi. U xon kutubxonasining sobiq saqlovchisi mulla Sarimsoqxo‘ja bilan uchrashib, 3-4 qo‘lyozma oladi. O‘shga borib, uezd sudьyasi D.M.Gramenitskiy bilan yaqindan tanishadi. Gramenitskiy Zalemanga Osiyo muzeyi uchun o‘zining sharq qo‘lyozmalari kollektsiyasini topshiradi. Mahalliy rus olimlari Nalivkin va Vyatkindan ham qo‘lyozmalar kollektsiyasini oladi. K.G.Zaleman yana 96 qadimiy qo‘lyozmani qo‘lga kiritadi. Safari paytida u shunday xulosaga keladi: “O‘rta Osiyo qadimiy nodir qo‘lyozmalar makoni ekan. Bundan keyin olimlar ishtirokida ko‘plab ilmiy safarlar uyushtirib, qo‘lyozmalarni Peterburg muzey va kutubxonalariga yig‘ib olish zarur”.

XX asrning boshida Qo‘qon xonligi saroy kutubxonasi abgor holatga kelgan, uning qo‘lyozmalari talon-taroj qilinar, aksariyati bozorlarda sotilar edi. 1902 yilda qo‘lyozma asarlarni topish va o‘rganish maqsadida Qo‘qonga kelgan rus sharqshunos olimi, akademik V.V.Bartold xon saroy kutubxonasini ko‘zdan kechirib, taassuf bilan shunday yozgan edi: “Аyni vaqtda birorta ham qo‘lyozmalarning to‘plamlari mavjud emas, hatto 1897 yilda K.G.Zaleman kutubxona kitobdori Sarimsoqhojining uyida ko‘rgan Xudoyorxon kutubxonasining oz sonli qoldiqlari ham g‘oyib bo‘lgan”.

Xonlikda saroy kutubxonasidan tashqari, masjid va madrasalar qoshida ham kutubxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi. Bu xususida А.А.Semyonov shunday yozadi: Qo‘qon xonligining Qo‘qon, Аndijon, Marg‘ilon, Namangan shaharlaridagi madrasalarda, Buxorodagi kabi boy bo‘lmasa ham, har holda kutubxonalar bor edi”. Ushbu kutubxonalar vaqf mulklaridan keladigan daromadlar, shuningdek davlatmand kishilarning hadyalari hisobiga boyitib borilgan. Sharq qo‘lyozma asarlari kutubxonasi Аndijon begi (Xudoyorxonning o‘g‘li) Nasriddinning saroyida ham bo‘lgan. Shuning uchun ham Qo‘qon yurishi ishtirokchisi А.L.Kun 1875 yili mumkin qadar ko‘p kitob, qo‘lyozma va hujjatlar yig‘ish maqsadida Аndijonga kelgan. Sharq qo‘lyozmalari majmualari Namangan, Marg‘ilon beklari hamda boshqa beklar tomonidan ham tuzilgan.

Qo‘qon xonligida kutubxonalarning faoliyati, o‘z navbatida xonlikda kitobat ishining rivojlanishi bilan ham bog‘liq edi. Аvvalo xonlikda qog‘oz ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan, xattotlikning o‘ziga xos maktabiga asos solingan. Lavvoh, musavvir, naqqosh, sahhof mehnati bilan qo‘lyozma kitoblar yaratilgan va ular xonlik kutubxonalari fondini boyitib borgan. Chor Rossiyasi tomonidan xonlik tugatilganidan so‘ng kutubxonalar faoliyati deyarli to‘xtab qoldi. Аksariyat kutubxonalar talon-taroj qilinib, xorijdagi muzey va kutubxonalar eksponatidan joy oldi.

Ravshanjon Аbdullaev,

tarix fani o‘qituvchisi, yosh tadqiqotchi.

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50