Obuna bo`ling!
USD10518.99
EUR12798.46
RUB139.72
Namangandagi ko‘prik tadbirkor tomonidan otasining vasiyatiga ko‘ra qurilayotgan ekan
Jan 8, 2021
31

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatining Davlatobod tumanidagi Shimoliy Farg‘ona kanali ustida qurilayotgan ko‘prik qulab tushgani haqida xabarlar tarqaldi.

Mazkur hodisa bugun, 8-yanvar kuni soat 11:00 atrofida ro‘y bergan. Buning oqibatida qurbonlar yoki jabrlanganlar bo‘lmagan, deyiladi Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati xabarida.

Uzunligi 37 metr, eni 3 metr bo‘lgan va piyodalar qatnovi uchun mo‘ljallangan ko‘prik mahalliy tadbirkor tomonidan “O‘n bir Аhmad” ziyoratgohiga keluvchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida barpo etilayotgan bo‘lgan. Buning uchun davlat byudjetidan mablag‘ sarflanmagan.

Buni “Namangan ko‘priklardan foydalanish” unitar korxonasi rahbari Sanjarbek Shodmonov ham tasdiqladi.

—Ko‘prik qurilishi dasturlarga kiritilmagan, byudjet mablag‘i ham sarflanmagan. Tadbirkor Maʼrufxon Hojixonovning tashabbusi va shaxsiy mablag‘i hisobidan qurilayotgan, hali yakuniga yetmagan edi, — deydi Sanjarbek Shodmonov.

Tadbirkor Maʼrufxon Hojixonovning taʼkidlashicha, bu ishga yaqinda 90 yoshida qazo qilgan otasining vasiyatini amalga oshirish uchun kirishgan.

—Dadamning vasiyatlariga ko‘ra “O‘n bir Аhmad” ziyoratgohiga keladiganlar qiynalmasligi uchun shu ishga qo‘l urgandim. Ko‘prik tayyor bo‘lganidan keyin shu atrofdagi avtoturargohda bir hafta 5 tonnadan oshiq yuk qo‘yilgan holatda turdi, qilt etmadi. Keyin joyida sinab ko‘rdik. Havo harorati pasayib, kanaldagi suv oqimi ko‘paygani sababli hali ishimiz oxiriga yetmagan edi, — deydi Maʼrufxon Hojixonov.

Tadbirkorning aytishicha, ko‘prikning montaj ishlari to‘liq yakunlanmagan, ikki tomoniga yana tros va temir o‘rnatiladi.

Bularning barchasiga ikki hafta atrofida vaqt talab etiladi. Shundan so‘ng ko‘prik avvalgi joyiga mustahkam etib o‘rnatiladi, deyiladi xabarda.

 

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50