Obuna bo`ling!
USD10518.99
EUR12798.46
RUB139.72
Televizorda 45 daqiqalik film oralig‘ida qancha reklama berish mumkin?
Jan 8, 2021
47

TVda isteʼmolchilar huquqlari taʼminlanyaptimi? Ushbu savolga javob topish maqsadida «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylangan deputatlari tomonidan joylarda «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning ijrosi o‘rganildi.

O‘rganishlar asosida bu borada yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar umumlashtirildi, jamoatchilik fikri o‘rganildi, xulosa esa amaldagi qonunning hayotiyligini taʼminlash zarurati borligini ham ko‘rsatdi.

Аholining aksariyat qismi ayni kunda telekanallarimizda reklamaning haddan tashqari ko‘payib ketganligidan norozi: yomoni – diqqatni bo‘lishi, bitta reklamaning qayta-qayta takrorlanishi oqibatida asab buzilishi. Berilib filьm qahramonlari bilan voqea, hodisalar girdobiga ayni tushib turganingda to‘satdan reklama qo‘yib yuborishadi yoki ekranning pastida esa yozuvlar, suratlar bodroqday bo‘rtib chiqadi. Yana tag‘in harakatlanadi. Kimnidir ko‘tarib kelib, tashlab yuborishadimi-ey. Fikrni bo‘ladi. Endi, hozir yozuvlarni o‘ylab topishibdi. Nima emish, filьmga birozdan keyin qaytarmish yoki qisqa muddatdan keyin qaytarmish. Reklamasi kinodan uzun.

BU BORАDА QONUNChILIKDА QАNDАY NORMАLАR MАVJUD?

Eʼtirozlar qanchalik darajada to‘g‘ri? Bu borada qonunchilikda qanday normalar mavjud?

«Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 17-moddasi televidenie va radiodagi reklamaga bag‘ishlangan. Unga ko‘ra, reklamaga ajratilgan vaqt ko‘rsatuvning har bir soatiga 10 foizdan oshib ketmasligi kerak. Oddiy til bilan aytadigan bo‘lsak, har soatda 6 minut reklama berilishi mumkin. Lekin qonunimizda bu talab ko‘rsatuvning ixtisoslashtirilgan reklamaviy kanallariga tatbiq etilmasligi belgilab qo‘yilgan. Tabiiy savol tug‘iladi: bu kanallar qaysilari? Qonundan bu savolga javob topilmaydi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlovchi qonunlar qabul qilinayotganligi eʼtiborga olinsa, qonunda ixtisoslashtirilgan reklamaviy kanallarni ochiqlashtirish kerakdir. Ularning xalq vakillari tomonidan belgilab berilishi esa qonuniylikni taʼminlaydi.

Mazkur moddada 45 minutdan ortiq davom etadigan kontsert-tomosha va sport dasturlari, kino va telefilmlar reklama uchun to‘liq 45 minutlik vaqt oralig‘ida ko‘pi bilan bir marta uzib qo‘yilishi mumkinligi mustahkamlab qo‘yilgan. Bu norma reklamaviy telekanallar uchun bo‘lsa kerak! Negaki, kuzatishlar ayrim telekanallarda bu normaga umuman amal qilinmayotganligini ko‘rsatdi. Filьm nari borsa, yarim soat davom etgani holda kamida ikki-uch marta uzilib, reklama qo‘yiladi.

Shuningdek, 17-moddaga muvofiq dasturlarning reklama qismlari tovushini teleradio dasturning tovushiga nisbatan balandroq qilish taqiqlanadi. Аmmo amalda-chi? Reklama boshlanishi bilan birdan televizor ovozining shang‘illab balandlab ketishi, asablar tarang holda ovozni pasaytirish uchun pulьtni qidirib qolish odatiy holga aylandi.

Qonunda reklama ko‘rsatuvlarning boshlanishi oldidan yoki ular tugaganidan so‘ng joylashtirilishi mumkinligi belgilangan. Аmmo u majburiy tus olgan. Shundan kelib chiqib, qonunda majburiyligini belgilash maqsadga muvofiqdir. Mana shu joyda reklama uchun ko‘proq vaqt ajratilsa, diqqatni bo‘lish, fikrni chalg‘itish, asabni egovlashning oldi olingan bo‘lar edi.

Mazkur moddada ishlashi gumon bo‘lgan normalar ham mavjud. Masalan, 10 minutdan ortiq davom etadigan teleko‘rsatuvlarga mualliflik huquqi egasi bilan kelishmasdan turib reklama joylashtirilishi mumkin emasligi haqidagi norma. Yaxshi norma, lekin unga qanchalik darajada amal qilinmoqda?

YANА BIR GАP...

Teleko‘rsatuvlarning boshlovchilari, diktorlari va boshqa qatnashchilari reklama uchun ajratilgan vaqtdan tashqari paytda mahsulotni bilaturib namoyish qilish yoki uning isteʼmol xususiyatlarini bevosita yoki bilvosita tavsiflash huquqiga ega emas.

Televidenie va radio xodimlariga axborot niqobi ostida reklama bilan shug‘ullanish, yaʼni mahsulot ishlab chiqaruvchining rekvizitlarini, joylashgan manzilini, telefon raqamini, mahsulotning tijorat belgilarini ko‘rsatish taqiqlanadi. Bugungi kunda ushbu moddaga zid holatlarni telekanallardan istagancha uchratish mumkin. Boshlovchi ust-boshidagi kiyimidan tortib, qo‘lidagi yoki stoli ustida turgan idishi orqali ham ayrim mahsulotlarni reklama qilmoqda. Ko‘rsatuv homiylari sifatida eslatish orqali ham qator mahsulotlar reklama qilinmoqda.

O‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalar davrasiga mo‘ljallangan ko‘rsatuvlarda reklama taqiqlanishi, bu taqiq ijtimoiy reklamali axborotga tatbiq etilmasligi belgilangan. Birinchidan, sir emaski, «Bolajon» kanalida tijoratga oid har xil shirinlik va saqichlar reklamasi avj olgan. Ikkinchidan, bu normada axborot mahsulotining yoshga oid tasnifi eʼtiborga olinmagan, chunki tasnifda 14 yosh ko‘rsatilmagan.

Uchinchidan, boshqa kanallarda berilayotgan ayrim ko‘rsatuvlarda ushbu axborot mahsulotining yoshga oid toifasi belgisi bolalar ham ko‘rishi mumkinligiga ruxsat etsa, unda bu ko‘rsatuvda ijtimoiy reklamali axborotni qamrab olgan reklamadan boshqa reklama berish mumkin emas, degan xulosani beradi. Ko‘rinib turganidek, mazkur norma tahrirga muhtoj.

Telekanallarda harakatlanuvchi satrlardan faqatgina reklama payti foydalanish mumkin. Teleko‘rsatuvlar namoyish etilayotganda reklama maqsadlarida harakatlanuvchi satrlardan foydalanish bo‘yicha taqiqqa amal qilinmayotir. Bu yerda nafaqat satrlardan, balki oddiy va animatsiyali suratlardan ham foydalanilmoqda. Аlbatta, bu reklama emas, anons deyish mumkin. Аmmo anons nima? «Reklama to‘g‘risida»gi qonunda anonsning huquqiy asoslari o‘z yechimini topishi kerak.

Manba: O‘zA

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50