Obuna bo`ling!
USD10518.99
EUR12798.46
RUB139.72
Xalq deputatlari Qo‘qon shahar Kengashining navbatdagi sessiyasi avvalgilardan qanday farq qildi?
Dec 16, 2020
118

Qo‘qon shahar hokimligining faollar zalida Xalq deputatlari Qo‘qon shahar Kengashining oltinchi chaqiriq XVIII sessiyasi o‘tkazildi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati vodiy24.uz ga maʼlum qildi

Sessiyada Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonov, shahar Kengashi deputatlari, shahar hokimining o‘rinbosarlari, idoralar, korxona, tashkilotlar rahbarlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Sessiyada Qo‘qon shahar hokimining Qo‘qon shahrini 2020 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha yakuniy hisoboti hamda kelgusi yilgi rejalari bo‘yicha murojaati shahar Kengashi deputatlari va faollarga o‘qib eshittirildi.

Sessiya ishtirokchilari oldida nutq so‘zlagan Marufjon Usmonov so‘nggi yillarda mamlakatimizda Muhtaram Yurtboshimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar aholining barcha qatlamlarining turmush farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotgani, yurtimiz tom maʼnodagi evrilish, yangilanish, renessans davrini boshdan kechirayotganini taʼkidlab o‘tdi.

Pandemiya davrida xalqimiz boshidan og‘ir kunlarni boshdan kechirgan bo‘lsa-da, Prezidentimiz boshchiligida hukumatimiz tomonidan o‘z vaqtida ko‘rilgan choralar sinovli kunlarni yengib o‘tishga imkon berganini taʼkidlab o‘tdi.

"Pandemiyaning iqtisodiyotimiz tarmoqlariga ko‘rsatgan salbiy taʼsirini kamaytirish borasida amalga oshirilgan ishlar ko‘plab sohalarda ishlab chiqarish surʼatlarini saqlab qolishga imkon berdi, ayrim ko‘rsatkichlar bo‘yicha esa, 9 oylik natijalarga ko‘ra, o‘sish kuzatilganining guvohi bo‘ldik", - dedi shahar hokimi.

Pandemiya davrida Muhataram Yurtboshimiz tashabbusi bilan vujudga kelgan "Saxovat va ko‘mak" xalq harakati doirasida vaqtincha ishsiz qolgan, ijtimoiy muhofazaga muxtoj minglab hamshaharlarimizga ko‘rsatilgan yordam, og‘ir ijtimoiy holatdan chiqib ketishga imkon berganini taʼkidlab o‘tdi.

Shahar hokimi 2020 yilda erishilgan iqtisodiy yutuqlarga to‘xtalar ekan, Qo‘qon shahri bo‘yicha 2020 yil uchun davlat daromadlari umumiy rejasi 278 mlrd. co‘m etib belgilangan bo‘lib, bugungi kunga qadar byudjetga 274 mlrd. so‘m mablag‘ jalb qilingani, yil yakuni bilan jami byudjet tushumi 299 mlrd. so‘mga yetkazilib, yillik reja 107,4 foizga bajarilishi kutilayotganini aytib o‘tdi.

"Byudjetga hisoblangan soliq va to‘lovlarni yig‘iluvchanlik darajasi 103,2 % ni tashkil qilib, Xukumat tomonidan belgilangan reja to‘liq bajarilmoqda", - dedi shahar hokimi.

Marufjon Usmonov Qo‘qon shahriga jalb etilgan xorijiy investitsiyalar va eksport hajmi xususida gapirar ekan, 2020 yilning o‘tgan davrida 440 mlrd. so‘m va 37,7 mln. АQSh dollari miqdoridagi mablag‘lar o‘zlashtirilgani, 89 ta loyiha ishga tushirilishi natijasida 2000 ta yangi ish o‘rni yaratilgani, jami 90 mln. АQSh dollaridan ziyod qiymatdagi mahsulotlar eksport qilinganini taʼkidlab o‘tdi.

Qo‘qon shahri xududida kichik sanoat zonalarini tashkil etish borasida rejalashtirilgan ishlar xususida ham maʼlumot berdi. Unga ko‘ra 2021 yil davomida Qo‘qon shahrida 4 ta xududda kichik sanoat zonalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Tashkil etiladigan kichik sanoat zonalarida qiymati 420,5 mlrd so‘mdan ortiq 30 taga yaqin investitsion loyihalar amalga oshiriladi hamda 1500 dan ortiq yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi.

2021 yilda umumiy qiymati 1 trln 867,5 mlrd so‘m qiymatidagi 91 ta loyihalar amalga oshiriladi hamda 4218 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi. Аmalga oshiriladigan loyihalarga 80,9 mln АQSh dollari qiymatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya mablag‘lari jalb etiladi.

Import xajmini qisqartirish, tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturiga jami hududiy tasarrufdagi 4 ta sanoat korxonalarida 5 ta loyiha amalga oshiriladi hamda 27,4 mlrd. so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqariladi.

Hokim Qo‘qon shahrida joriy yilda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlarga ham alohida eʼtibor qaratib o‘tdi.

“Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida 891 nafar fuqaro va tadbirkorlarga 22,5 mlrd. so‘m, “Hunarmandchilikni rivojlantirish” dasturi doirasida 162 nafar hunarmandga 4,9 mlrd. so‘m, “Xotin-qizlar va oilani qo‘llab-quvvatlash” dasturi doirasida 34 nafar xotin-qizlarga 672,0 mln. so‘m, “Yoshlar kelajagimiz” dasturi doirasida 4 nafar yosh tadbirkorga 1.3 mlrd. so‘m ajratilganini maʼlum qildi.

Аholini elektr, gaz, suv taʼminotini yaxshilash borasida qilingan ishlarga alohida to‘xtalib, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 11 noyabrdagi “2017-2021 yillarda past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya va yangi qurilish dasturi to‘g‘risida”gi PQ-2661-sonli qaroriga asosan 9 dona yangi transformatorlar o‘rnatilganini, 610 metr liniyalar yangi tortilganini 9,07 km havo liniyalari rekonstruktsiya qilinganini taʼkidlab o‘tdi.

"Bugungi kunda Qo‘qon shahridagi 10 920 metr ichimlik va 2290 metr oqava suv tarmog‘i tortilib, 2 051 mln so‘m mablag‘lar sarflandi.

2021 yilda aholini ichimlik suv hamda oqava suv tarmog‘larini yaxshilash, ichimlik suvini baqarorlashtirish maqsadida 15 km ichimlik suvi va 20 km oqava suv tarmog‘i tortiladi.

"O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2019 yil 14 dekabrdagi "2020-2024 yillarda Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon va Qo‘qon shaxarlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi VM-1001-sonli qarori bo‘yicha 2020 yil yakuniga qadar 12,2 km tarmoqlar rekonstruktsiya qilinadi, 20,3 km tarmoqlarda yangi qurilish ishlari amalga oshiriladi hamda 7 ta yangi transformatorlar o‘rnatiladi", - dedi shahar hokimi.

Shahar hokimi 2020 yilda aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qilingan ishlar xususida so‘zlar ekan, jumladan shunday dedi: "O‘tkazilgan xatlovlar natijasida aniqlangan 6742 ta ehtiyojmand oilalardagi 29 556 nafar fuqaro “Temir daftar”ga kiritildi.

Oilalardagi mehnatga layoqatli 5 422 nafar ishsiz fuqarolarni yil yakuniga qadar ishga joylashtirish orqali “Temir daftar”dan chiqarish rejalashtirilgan.

Bugungi kunga qadar 5522 ta oilaning aʼzolari ish bilan taʼminlanganligi hamda daromad manbai yaratilganligi sababli, shahar Kengashining qarori va fuqarolarning shaxsiy murojaatlariga asosan “Temir daftar”dan chiqarildi.

Hozirgi kunda “Temir daftar”da 1220 ta oilaning 5556 nafar fuqarosi qolmoqda. Temir daftarda qolayotgan oilalardagi mehnatga layoqatli fuqarolarni ishga joylashtirish choralari ko‘rilmoqda", dedi shahar hokimi.

Marufjon Usmonov davlat korxonalarini xususiylashtirish, sog‘liqni saqlash, taʼlim tizimlarini takomillashtirish, jinoyatchilik va huqubuzarliklarning oldini olish, turizm va hunarmandchilikni rivojlantirish borasida qilingan ishlar va kelgusi yilga belgilangan rejalar xususida ham batafsil maʼlumot berdi.

2021 yilda o‘tkaziladigan Xalqaro hunarmandchilik festivalini yuqori saviyada o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish, innovatsion va axborot texnologiyalarini keng joriy etish, shahrimiz qiyofasini yanada go‘zal va ko‘rkam ko‘rinishga keltirish, aholi farovonligini yuksaltirish borasida rejalashtirilgan ishlar xususida axborot berdi.

"2021 yilda Qo‘qon shahrida jamoat transporti xizmatlari sifatini ko‘tarish rejalashtirilgan, 20 ta avtobus bekatlari yangilanadi. Аholini arzon uy-joyga bo‘lgan extiyojini qondirish maqsadida 20 ta arzon ko‘pqavatli uylar quriladi. Shu bilan bir qatorda, davlat xususiy sherikchiligida 5 ta maktab, 10 ta bog‘cha, 5 ta klinika, 5 ta stadion, sport zal va fitnes klublar hamda 5 ta yangi kutubxona quriladi. Ko‘pqavatli uylarda yashovchilarga sharoit yaratish maqsadida 27 ta bolalar o‘yingog‘i, 40 ta qariyalar va ayollar o‘tirish joylari barpo etiladi.

Аholini jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishiga keng imkoniyatloar yaratish maqsadida 10 kilometrdan ziyod piyoda va veloyo‘laklar barpo etiladi. Shahrimizni soya-salqinligi, havoning musaffoligini saqlash maqsadida 10 000 dan ziyod manzarali daraxtlar ekiladi, 15 ta hududda yashil zonalar barpo etiladi.

Qo‘qon shahrida 2021 yil oliy taʼlim, ilm-fanni rivojlantirish yili bo‘ladi. Birorta ham bitiruvchi ish axtarib yurmaydi, barcha ishlash niyatida bo‘lgan ayollarning bandligi taʼminlanadi. Mehnat migrantlari chetga chiqishlariga extiyoj bo‘lmaydi, barchasi shahrimizda ish bilan taʼminlanadi", dedi shahar hokimi.

Sessiyada Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Saidmurod Аminjonov ham ishtirok etib, sessiyada ko‘rilgan masala yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonov hisoboti va murojaatnomasida ko‘tarilgan masalalar yuzasidan deputatlar va jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Sessiyada ko‘rilgan masalalar yuzasidan bir qator deputatlar o‘z takliflarini bildirdilar.

Sessiyada ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50