Obuna bo`ling!
USD10414.86
EUR12344.73
RUB136.69
Sovuq qurolni olib yurganlik uchun javobgarlik belgilandi
Nov 13, 2020
50

Bugungi kunda mamlakatimiz fuqarolari o‘rtasida pichoq, bigiz va shu kabi boshqa sovuq qurollarni o‘zi bilan birga olib yurish, beysbol bitalari va boshqa shunga o‘xshash ashyolardan foydalanib turli huquqbuzarliklar sodir etish hollari ko‘plab uchramoqda.

Аyniqsa, yoshlar orasida bunday huquqbuzarliklarning keng tarqalayotgani judayam achinarli. Zero ushbu holat yurtimizda o‘sib-ulg‘ayayotgan farzandlarimizning tarbiyasida o‘zining salbiy taʼsirini ko‘rsatmasdan qolmaydi.

2020 yil 5 noyabr kuni davlatimiz rahbari tomonidan “Jamoat xavfsizligini taʼminlashga doir qonun hujjatlari yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun imzolandi.

Ushbu Qonun ko‘p jihatdan fuqarolar o‘rtasida yuqorida qayd etilgan sovuq qurollar bilan qonunga zid ravishda muomalada bo‘lish harakatlarini cheklash bilan birga, mazkur turdagi huquqbuzarliklarning sodir etilishini oldini olishga xizmat qiladi.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, Kodeks 1852-modda bilan to‘ldirilib, unga ko‘ra, sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni jamoat joylarida ochiq (g‘ilofsiz) holda olib yurganlik, xuddi shuningdek o‘zini-o‘zi himoya qilish maqsadida olib yurganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi.

Endilikda fuqarolar tomonidan mazkur huquqbuzarliklar sodir etilganda, ularga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan besh baravarigacha miqdorda jarima jazosi qo‘llaniladi, shu bilan birga huquqbuzarlik sodir etish quroli hisoblangan ashyolar musodara qilinadi.

Bundan tashqari, Kodeks yana 1853-modda bilan ham to‘ldirilib, O‘zbekiston Respublikasi hududida fuqaroviy va xizmat quroli sifatida muomalada bo‘lishi taqiqlangan ashyolarning qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lishi taqiqlandi. Fuqarolar tomonidan ushbu modda talablari buzilgan taqdirda, ularga nisbatan mazkur ashyolarni musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima jazosi yoki o‘n besh sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olish jazosi qo‘llanilishi nazarda tutildi.

Xulosa qilib aytganda, Qonun bilan yuqoridagi xatti-harakatlarni sodir etganlik uchun javobgarlikning belgilanishi, eng avvalo, yurtimizda jamoat tartibini saqlashga, ushbu orqali mamlakatimiz fuqarolarining tinch-totuv hayot kechirishini taʼminlashga, shuningdek, yoshlar tomonidan bunday turdagi huquqbuzarliklarning sodir etilishini oldini olishga qaratilgan.

Sh.Do‘saliev,

Farg‘ona harbiy sudining raisi

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50