Obuna bo`ling!
USD10517.12
EUR12661.56
RUB141.85
O‘zbekistonda aholini koronavirusga qarshi emlash boshlanadi
Feb 16, 2021
50

Kecha Vazirlar Mahkamasida Respublika Maxsus komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Maxsus komissiya yig‘ilishida birinchi marta bir guruh Oliy Majlis Qonunchilik deputatlari ham ishtirok etdi.

Yig‘ilish kun tartibida O‘zbekistonda koronavirusga qarshi vaktsinalarni ishlab chiqish hamda aholini koronavirusga qarshi ommaviy emlash ishlarini boshlash va tashkillashtirish choralari muhokama qilindi.

Jamoatchilikka yaxshi maʼlumki, bugungi kunda O‘zbekistonda Innovatsiya vazirligi boshchiligida Xitoyning Zhifei Longcom kompaniyasi bilan hamkorlikda ZF-2001 rekombinant vaktsinasining 3-faza klinik sinov bosqichi o‘tkazilmoqda. Hozirga qadar 3-faza klinik sinovi doirasida 6697 ta ko‘ngilli hamyurtimiz vaktsinaning 1-dozasi bilan emlangan bo‘lsa, yana 1209 tasi 2-dozani ham qabul qilganlar.

Klinik sinovning dastlabki natijalariga ko‘ra, vaktsina qabul qilganlar orasida 1-darajali nojo‘ya taʼsirlar (allergik reaktsiya, biroz isitma chiqishi, bosh og‘rig‘i) 5 nafar shaxsda kuzatilgan yoki 0.3%ni tashkil etgan xolos (solishtirish uchun, bu ko‘rsatgich "Pfizer/Biontech"da 2-3.8%, "Sutnik V"da esa 0.3-0.4%ni tashkil etgan). 2-va 3-darajali nojo‘ya taʼsirlar esa kuzatilmagan.

Ushbu klinik sinovning muvaffaqiyatli natijalari ortidan Innovatsiya vazirligi O‘zbekistonda aholini emlashda mazkur vaktsinadan foydalanishni hamda buning uchun Maxsus komissiya tomonidan vaktsinadan favqulodda foydalanish uchun ruxsat (EUA) berilishini taklif qilmoqda.

Аgar maxsus komissiya tomonidan bunday ruxsat berilgan taqdirda, vaktsina yaratilishida hamkor tomon sifatida O‘zbekistonga vaktsina imtiyozli narxlarda va yetarli quvvatlarda yetkazib beriladi. Shuningdek, mamlakatda vaktsina ZF-UZ-2001 nomi ostida O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda tijoratlashtirilishi rejalashtirilmoqda.

Maxsus komissiya raisiga ko‘ra, Xitoy kompaniyasi mahalliy farmatsevtika kompaniyalar bilan hamkorlikda ZF-UZ-2001 vaktsinatsini joriy yilda 300 mln. donagacha ishlab chiqish quvvatiga ega hamda bizga aholi soni va talablari asosida yetarli miqdorda vaktsina dozalarini yetkazib berishi mumkin. Bu esa joriy yil oxirigacha mamlakat aholisini ommaviy ravishda emlash imkoniyatini yaratadi.

Shuningdek, Hukumat rahbari Xalqaro Vaktsinalar Ittifoqi (GAVI) tomonidan O‘zbekistonga 2.5mln. ga yaqin Astra-Zeneca (Oksford, Britaniya) vaktsinalarini bepul yetkazib berilishi bo‘yicha ham muzokaralar yakunlanayotganini maʼlum qildi. Muzokaralar yakuniga qarab, ushbu vaktsinalarning dastlabki 800 ming donasi joriy yilning mart oylarida O‘zbekistonga keltirilishi kutilmoqda.

Umuman olganda, O‘zbekiston hukumati aholini katta qismini, birinchi navbatda yoshi katta, surunkali kasalligi bor, fuqarolarga birinchi xizmat ko‘rsatuvchi soha xodimlarini (shifokor, o‘qituvchi, IIO xodimlari va hokazo) joriy yil oxirigicha koronavirusga qarshi vaktsina bilan to‘liq emlashni o‘z oldiga maqsad qilgan. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muxtoj, yoshi katta va aholini boshqa zaif qatlamlari vakillarini vaktsina bilan emlash bepul tarzda yaʼni byudjet mablag‘lari hisobiga amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Jahonni eng rivojlangan, boy davlatlarida ham emlash ishlari sust ketayotgan bir paytda O‘zbekiston hukumati tomonidan bu borada aniq manzilli ishlarni amalga oshirish bo‘yicha harakatlar bo‘layotgani ham quvonarli, ham faxrlanarli holat, deb hisoblayman.

Doniyor G‘aniev,

Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50