Obuna bo`ling!
USD10496.99
EUR12551.25
RUB138.59
Oshkoralik va so‘z erkinligini taʼminlashda qonunchilikning liberallashtirilishi
Feb 23, 2021
93

O‘tgan to‘rt yil davomida Prezidentimiz Sh.Mirziyoev rahnamoligida mamlakatimizda oshkoralik va ochiqlik, so‘z erkinligini taʼminlash borasida juda ko‘plab islohotlar amalga oshirildi.

Bu borada Yurtboshimiz 2020-yil 29-dekabr kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida ham alohida to‘xtalib, oshkoralik va so‘z erkinligi bu – davr talabi, bu – O‘zbekistondagi islohotlarning talabi ekanligini taʼkidlab o‘tdilar.

Bugungi kunda oshkoralik va so‘z erkinligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli jurnalist va blogerlarning faoliyatlari yanada erkinlashtirilmoqda. Chunki ular ommaviy axborot vositalari orqali amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarni xolis yoritish bilan birga, joylardagi mavjud dolzarb muammolarning aksariyat qismini aniqlab, ushbu muammolarni bartaraf etish borasida tegishli davlat idoralari hamda rahbarlarga yordam berishmoqda, xalqimizning chin maʼnodagi ko‘makchisiga aylanishmoqda. Аynan jurnalist va blogerlar yordami bilan aholi qatlamida uchrayotgan mayda maishiy muammolarga ham yechim topilmoqda.

Islohotlar haqida gap ketar ekan, oshkoralik va so‘z erkinligini taʼminlash sohasidagi mavjud qonunchilikning liberallashtirilishi to‘g‘risida to‘xtalib o‘tish joiz. Jumladan, 2020-yil 25-dekabr kuni Yurtboshimiz tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonunga muvofiq, Jinoyat kodeksining “Tuhmat” deb nomlangan 139-moddasiga o‘zgartish kiritilib, tuhmat, yaʼni bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatganlik uchun qo‘llaniladigan jazolar qatoridan ozodlikdan mahrum qilish shaklidagi jazo chorasi chiqarildi. Mazkur o‘zgartishga qadar tuhmat qilganlik uchun shaxsga uch yilgacha bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, shu jumladan ommaviy axborot vositalari orqali tuhmat qilganlik uchun bir yilgacha bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilar edi.

Xuddi shuningdek, Jinoyat kodeksining “Haqorat qilish” deb nomlangan 140-moddasiga ham o‘zgartish kiritilib, haqorat qilish, yaʼni shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash uchun qo‘llaniladigan jazolar qatoridan ozodlikdan mahrum qilish shaklidagi jazo chorasi chiqarildi.

Bunda ko‘plab xalqaro tashkilotlarda tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosining qo‘llanilishi so‘z va fikrlash erkinligi huquqini cheklovchi jiddiy omil deb hisoblangani, xususan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining matbuot masalalari bo‘yicha vakili 2003-yilda, Yevropa kengashi parlament assambleyasi

2007-yilda aʼzo davlatlarga tuhmat va haqorat uchun jinoiy javobgarlikni bekor qilish yoki ushbu qilmish uchun kamida ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlamaslikni tavsiya etgani inobatga olindi. O‘zbekiston ham ana shu tavsiyalarga to‘laqonli amal qiluvchi davlatlar safiga kirayotgani quvonarlidir.

Аlbatta yuqoridagi moddalarda qayd etilgan jinoyatlarni sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishining bekor qilinishi ushbu jinoyatni qo‘rqmasdan sodir etish, shaxs huquq va erkinliklarini istagancha toptash mumkinligini, shaxslarda jinoyat uchun javobgarlik hissining susayishini anglatmaydi. Balki mazkur Qonunning qabul qilinishi mamlakatimizda oshkoralik, so‘z erkinligini taʼminlash yo‘lidagi tashlangan jiddiy va dalil qadam deyish mumkin.

Xulosa qilib aytganda, bu sohadagi mavjud qonunchilikning liberallashtirilishi hamda takomillashtirilishi mamlakatimiz sud-huquq tizimini rivojlanishning sifat jihatdan yangi bosqichga chiqishiga xizmat qilibgina qolmasdan, ommaviy axborot vositalarini xalq va inson manfaatlariga xizmat qiluvchi, doimo ishonchli maʼlumot tarqatuvchi haqiqiy maʼnodagi “to‘rtinchi hokimiyat”ga aylanishiga xizmat qiladi.

L.Xazratkulov,

Farg‘ona harbiy sudining

devonxona mudiri

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50