Obuna bo`ling!
USD10518.99
EUR12798.46
RUB139.72
«Sovet siyosati o‘zi shunaqa edi, yuqori minbardan turib bir gap aytilardi-da, amalda mutlaqo boshqa ish qilinardi» — Rafiq Nishonov
Dec 24, 2020
87

O‘zbekiston SSR Kommunistik partiya markaziy qo‘mitasining sobiq birinchi kotibi Rafiq Nishonov Sharof Rashidov bilan bo‘lgan munosabatlari, sovet tuzumining siyosati va 1989-yilgi Farg‘ona voqealari haqida gapirib berdi.

O‘zbekiston SSR Kommunistik partiya markaziy qo‘mitasining sobiq birinchi kotibi Rafiq Nishonov O‘zАga bergan intervyusida Sharof Rashidov bilan bo‘lgan munosabatlari, sovet tuzumining siyosati va 1989-yilgi Farg‘ona voqealari haqida gapirdi.

Rafiq Nishonov 1926-yilda tug‘ilgan. Toshkent pedagogika institutining kechki kurslarini bitirgan (1959-yil). 1963-yilda O‘zbekiston SSR Kommunistik partiya Markaziy qo‘mitasi byurosining kotibi va aʼzosi bo‘lgan. Shri-Lanka va Iordaniyada elchi bo‘lib ishlagan. 1985-yilda O‘zbekiston SSR Tashqi ishlar vaziri bo‘lgan. 1986-yildan 1988-yilgacha O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi Prezidiumining raisi bo‘lgan. 1988-yildan 1989-yilgacha O‘zbekiston SSR Kommunistik partiya markaziy qo‘mitasining birinchi kotibi, so‘ngra SSR Oliy Kengashi millatlar Kengashining raisi bo‘lgan. 1991-yildan nafaqaga chiqqan.

«Sharaf Rashidovich bilan yelkama-elka yetti yil do‘stona ruhda olib borilgan mehnat faoliyatim samarali kechdi. Uning vafotidan so‘ng KPSS MK kotibiyati bosimi ostida chaqirilgan O‘zbekiston Kompartiyasi MKning iyun oyi plenumi bo‘lib o‘tdi. Minbardan turib O‘zbekiston KP MK birinchi kotibi I.B.Usmonxo‘jaev o‘zidan avvalgi rahbarni noto‘g‘ri boshqaruv uslubi, paxtachilikdagi holatlar uchun qattiq tanqid qildi. O‘shanda Sharof Rashidovichni, deyarli, hamma amaldor tanqid qilgan bo‘lsa kerak. Аslida, ayb Moskvada ekanligi ko‘pchilikka ayon. Brejnevning o‘zi Rashidovni majburlab turgan bo‘lsa, u nima qila olardi?!», — dedi Nishonov.

U «noto‘g‘ri hisob-kitob, kamchiliklar, achinarli xatolarga qaramay», Sharof Rashidovni «buyuk shaxs va ajoyib rahbar» deb bilishini taʼkidladi.

Sharof Rashidov

«Unga bo‘lgan munosabatim, umuman olganda, juda ijobiy, chunki o‘shanda nomzodimni yuqori diplomatik xizmatga tavsiya qilib, Sharof Rashidovich meni respublikaning o‘sha paytdagi butun rahbariyati duch kelgan bo‘lajak to‘qnashuv, xatoliklardan qutqarib qoldi», — deb eslaydi O‘zbekiston SSR Kommunistik partiya MQ sobiq birinchi kotibi.

Uning aytishicha, butun «sovet siyosatining o‘zi shunaqa edi, yuqori minbardan turib bir gap aytilardi-da, amalda mutlaqo boshqa ish qilinardi».

Nishonovning aytishicha, kommunistik partiyaning «Hozirgi yoshlar avlodi kommunizmda yashaydi» degan shior (1961-yil Nikita Xrushev tomonidan kommunistik partiyaning XXII sʼezdida eʼlon qilingan) uzoqqa bormadi, amalga ham oshmadi, yolg‘on bo‘lib chiqdi.

Sobiq siyosatchi Toshkentdagi yig‘ilishlardan birida nega «sharafrashidovshchina» iborasini ishlatganiga to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u bu iborani «o‘sha paytda O‘zbekistonda, butun Ittifoqdagi kabi boshqarishning avtoritar uslubi hukm surgan vaziyatni tasvirlash uchun» ishlatgan.

«„Sharafrashidovshchina“ iborasi shu qadar keng qo‘llanilishini hech o‘ylamagandim. Nutqimni qo‘llab-quvvatlaganlar, munosabatimga qo‘shilganlar bo‘ldi. Shu bilan birga „Nima uchun mavzuni keskinlashtiryapsiz, bo‘lib o‘tgan ishni eslash shartmi?“, deganlar ham bo‘ldi», — eslaydi Rafiq Nishonov.

U Markaz tomonidan ishlatilgan «O‘zbeklar ishi» iborasi uni «qaqshatganini» aytdi (Sharof Rashidov rahbarligi davomida O‘zbekiston SSRda aniqlangan iqtisodiy va korruptsion holatlar bo‘yicha jinoiy ishlarning umumiy nomi sifatida ishlatilgan).

«Аniqlanmagan to‘g‘ri-noto‘g‘ri faktlarni butun bir xalq nomi bilan atash mumkinmi, axir?! Bundan tashqari, sodir bo‘layotgan voqea-xodisalarning asosiy qurboni odamlar bo‘lgan. Avvalo, yovuzlik aynan xalqqa qarshi qaratilgan, paxtakorlarga to‘lanmagan pullar ham respublikada, ham Moskvada poraga ishlatilgan, ularga „Volga“ avtomobillari, dabdabali qasrlar, taqinchoqlar olingan», — deydi sobiq siyosatchi.

Rafiq Nishonovning fikriga ko‘ra, O‘zbekiston boshqalarga namuna qilib ko‘rsatish uchun tanlangan, chunki «oshirib, qo‘shib yozish, deyarli, barcha respublikalarda bor edi».

«Markazning bosimi hech bir joyda iqtisodiyotga va tabiiy ravishda turmush darajasiga O‘zbekistondagidek kuchli taʼsir ko‘rsatmadi. «Mamlakat «oq oltin»ga muhtoj! Sotsialistik lagerdagi do‘stlarimiz paxta tolasiga ehtiyoj sezmoqda», degan targ‘ibot so‘zlari qayta-qayta takrorlanib, yerni vayron qilishga, Orol dengizini to‘ldiradigan Amudaryo va Sirdaryo suvini vahshiyona isteʼmol qilishga, ishchi kuchi yetishmovchiligini talabalar, maktab o‘quvchilari hisobidan to‘ldirishga majbur qilindi», — deya qo‘shimcha qildi u.

O‘zbekiston SSR Kommunistik partiya markaziy qo‘mitasining sobiq birinchi kotibi 1989-yilgi o‘zbeklar va mesxeti turklar orasida bo‘lib o‘tgan etnik mojaro, Farg‘ona voqealariga ham to‘xtaldi.

«3-iyun kuni kechqurun mehmonxonada hayotimdagi eng dahshatli qo‘ng‘iroqlardan biri yangradi. Farg‘onada Toshloq, Komsomolskiy qishloqlarida, Marg‘ilon shahrida falokat sodir bo‘lganini aytishdi. Qaroqchilarning uyushgan to‘dasi uylarga bostirib kirib, talon-taroj, shafqatsiz qotilliklar amalga oshirib, binolarni yoqib yurgan ekan», — deb eslaydi Rafiq Nishonov.

«Ertalab qurultoyda vahima: nima bo‘ladi. Gorbachyov menga o‘girilib: “Nima maʼlum qila olasan?“, deb so‘radi. Menda komissiya aʼzolaridan ishonchli maʼlumotlar ham yo‘q edi. Bu haqda minbarga chiqmasdan, o‘tirgan joyimdan aytdim. Keyin maʼlumotlarimga ko‘ra, tartibsizliklar bozorda kuchli janjal — mesxeti turk o‘zbek sotuvchisi bilan urishib, bir tovoq qulupnayini ag‘darib tashlagani natijasida kelib chiqqan, deya qo‘shimcha qildim. Yaqin atrofdagi bir guruh o‘zbeklar ayolni himoya qildi. Mojaro qonli jangga aylanib, mahalliy yigitning o‘limi bilan yakunlandi. Keyinchalik bu gapim uchun meni qattiq tanqid qilishgandi. Meni sodir bo‘lgan hodisaning ko‘lamini tushunmaganlikda aybladilar. Men-ku hammasini tushundim: kundalik mojaro bunday ayanchli oqibatlarga olib kelishi uchun odamlarning qalbida qancha qahr, g‘azab saqlanib qolgan edi. Shunga qaramay, men shoshilinch bayonotlar berishni istamadim», — deb eslaydi sobiq siyosatchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘shanda SSSR IIV ichki qo‘shinlar soni o‘n uch ming kishiga yetkazilgan. Mesxeti turklari uchun Tojikistonning Leninobod viloyati, Asht tumanida shoshilinch ravishda lagerlar tashkil etilgan.

«Farg‘onaga yana bir bor SSSR Ministrlar Sovetining Raisi Rijkov bilan keldim. Tartibsizliklarni tugatish va mesxeti turklar bilan nima qilish kerakligini aniqlash kerak edi. Nikolay Ivanovich bilan birgalikda mesxeti turklarini evakuatsiya qilish eng maqbul usul bo‘lib ko‘rindi», — deb aniqlik kiritdi Rafi Nishonov. U Sho‘ro hukumati qarori bilan mesxeti turklar O‘zbekistondan Rossiyaning noqoratuproq hududiga olib chiqib ketilganini qo‘shimcha qildi.

Rafiq Nishonov bugungi O‘zbekistondagi voqealar bo‘yicha ham fikr bildirdi. Uning aytishicha, prezident Shavkat Mirziyoev «chinakam tinch» inqilobni amalga oshirdi».

«O‘zbekiston, shubhasiz, qayta tiklanmoqda. O‘zbekistonni oldinda nafaqat yangilanish, balki chinakam yuksalish, renessans kutmoqda. Bu meni cheksiz quvontiradi, chunki ayni fikr asossiz emas. Vatanimizda taraqqiyot uchun barcha imkoniyat bor», — dedi Rafiq Nishonov.

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50