Obuna bo`ling!
USD10588.01
EUR12881.37
RUB146.62
Qonun ijodkorligi sohasida muhim qadam
May 25, 2021
74

2021-yil 20-aprel kuni Prezident Sh.Mirziyoev tomonidan “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahriri imzolandi. Ushbu Qonun 8 bob va 60 moddadan iborat.

Shuningdek, Qonunga ilova tariqasida “Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, ularga ilova qilinadigan axborot-tahliliy materiallarni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirishning yagona uslubiyoti” ham tasdiqlanib, normativ-huquqiy hujjatlarni rasmiylashtirishga qo‘yiladigan asosiy talablar mazkur uslubiyotda mustahkamlandi.

Xo‘sh, mazkur Qonun yangi tahririning avvalgi 2012-yil 24-dekabrda qabul qilingan “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonundan asosiy farqlari nimalardan iborat? Qonunga asosan norma ijodkorligi, yaʼni normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va ularni qabul qilishda qanday o‘zgarishlar va yangiliklar amalga oshirilmoqda?

Dastlab shuni alohida taʼkidlab o‘tish kerakki, mazkur Qonun bilan endilikda fuqarolar ham O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunida belgilangan tartibda o‘tkaziladigan referendum yo‘li bilan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishlari mumkin (4-modda).

Shuningdek, yangi Qonunning 11-moddasi talabiga ko‘ra, qonunosti hujjatlarida qonun hujjatlari darajasida tartibga solinishi lozim bo‘lgan masalalar bo‘yicha normalar belgilanishiga yo‘l qo‘yilmasligi, yaʼni bir so‘z bilan aytganda, qonunosti hujjatlarini qonunlarga tenglashtirishga yoki qonunlardan ustun qo‘yilishiga yo‘l qo‘ymaslik qatʼiy belgilanmoqda. Qolaversa, 17-moddada normativ-huquqiy hujjatlar bilan tasdiqlanadigan nizomlar, qoidalar, yo‘riqnomalar, reglamentlar, strategiyalar, kontseptsiyalar, doktrinalar, dasturlar (“yo‘l xaritalari”) va boshqa hujjatlarga aniq taʼriflar berildi. Vaholanki avvalgi Qonunning 15-moddasida normativ-huquqiy hujjatlar bilan ushbu hujjatlarning tarkibiy qismi bo‘lgan nizomlar, qoidalar, yo‘riqnomalar va boshqa hujjatlar tasdiqlanishi mumkinligi qayd etilgandi, xolos.

Bundan tashqari, yangi Qonun bilan normativ-huquqiy hujjat loyihasini jamoatchilik muhokamasidan hamda korruptsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha qatʼiy talablar qo‘yildi. Xususan, 24-modda talabiga ko‘ra, ishlab chiquvchi tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish uchun joylashtirilishi, shuningdek 25-moddasida normativ-huquqiy hujjat loyihasi huquqiy va korruptsiyaga qarshi ekspertizalardan albatta o‘tkazilishi shartligi qatʼiy belgilanmoqda. O‘rni kelganda shuni alohida taʼkidlab o‘tish kerakki, huquqiy ekspertiza jarayonida normativ-huquqiy hujjat loyihasining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirishning talablariga muvofiqligi, shu jumladan normativ-huquqiy hujjat loyihasida havola qiluvchi normalar qo‘llanilishining asosliligi hamda maqsadga muvofiqligi tekshiriladi. Normativ-huquqiy hujjatlarning korruptsiyaga qarshi ekspertizasi esa, korruptsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etish imkoniyatini yaratuvchi korruptsiyani keltiruvchi omillarni aniqlash, ular qabul qilinishining korruptsiya holatlari uchun imkoniyat yaratuvchi oqibatlarini umumiy baholash, normativ-huquqiy hujjatlarni qo‘llash jarayonida korruptsiya xususiyatiga ega xavflarning yuzaga kelishi ehtimolini prognoz qilish maqsadida o‘tkaziladi va ekspertiza natijalariga ko‘ra korruptsiyani yuzaga keltiruvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqiladi, tegishli choralar ko‘riladi.

Yana shuningdek, yangi Qonun bilan huquqiy espertizalarni o‘tkazishning aniq chegaralangan muddati belgilandi. Xususan, Qonunning 28-moddasida mazkur muddatlar qayd etilib, O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalarining huquqiy ekspertizasi ular kelib tushgan sanadan eʼtiboran o‘n kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi tomonidan o‘tkazilishi belgilandi. Vaholanki, avvalgi Qonunda normativ-huquqiy hujjatlarni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish muddatlari belgilanmagan edi.

Qonunning yana bir eʼtiborli jihati shundaki, ushbu Qonun bilan normativ-huquqiy hujjat loyihasini normativ-huquqiy hujjat qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organga kiritish va uni qabul qilish jarayoni yanada takomillashtirildi. Jumladan, yangi Qonun bilan tayyorlangan normativ-huquqiy hujjat loyihasi normativ-huquqiy hujjat qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organga davlat tilida kiritilishi, zarur bo‘lgan hollarda, uning boshqa tillardagi tarjimasi taqdim etilishi mumkinligi belgilandi (32-modda). O‘z navbatida Qonunning mazkur talabi normativ-huquqiy hujjat loyihasini rus tilida emas, balki davlat tilida tayyorlanishini hamda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylanishini taqozo etadi. Bu bilan jamoatchilik muhokamasidan o‘tayotgan normativ-huquqiy hujjatlarga nisbatan fuqarolar tomondan bildirilishi mumkin bo‘lgan eʼtirozlarning oldi olinadi. Zero normativ-huquqiy hujjat loyihasining davlat tilida emas, balki rus tilida muhokama uchun joylanayotgani fuqarolarning haqli eʼtirozlariga sabab bo‘layotgan edi.

Shuningdek, Qonun “Normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish” deb nomlangan alohida 33-modda bilan to‘ldirilib, unga ko‘ra normativ-huquqiy hujjat ko‘rib chiqilganidan so‘ng normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organ tomonidan davlat tilida qabul qilinishi, zarur bo‘lganda u boshqa tillarga tarjima qilinishi mumkinligi, davlat tilidagi normativ-huquqiy hujjat matni bilan uning boshqa tildagi matni o‘rtasida tafovut bo‘lgan taqdirda, normativ-huquqiy hujjatning davlat tilidagi matni qo‘llanilishi ko‘rsatib o‘tildi. Vaholanki, avvalgi Qonunda mazkur nomdagi modda mavjud emasdi.

Qonunning 37-moddasida normativ-huquqiy hujjatlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq muhim qoida mustahkamlab o‘tilgan bo‘lib, unga ko‘ra vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan kundan eʼtiboran o‘n kun ichida ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Аdliya vazirligiga taqdim etadi. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning mansabdor shaxslari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan normativ-huquqiy hujjatlarni amalga kiritganlik uchun qonunda belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortiladi.

Qonunning 38-moddasida normativ-huquqiy hujjatlar rasmiy nashrlarda eʼlon qilinishi kerakligi, 39-moddasida esa “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Аxborotnomasi”, “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami”, “Xalq so‘zi” va “Narodnoe slovo” gazetalari, “O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi” normativ-huquqiy hujjatlar eʼlon qilinadigan rasmiy manbalar sifatida qayd etildi.

Xulosa qilib aytganda, har qanday islohotning samaradorligi, avvalo, uning normativ-huquqiy asoslari bilan chambarchas bog‘liq. Shunday ekan, qabul qilinishi rejalashtirilayotgan har bir qonunchilik hujjatlari, u qonun bo‘ladimi yoki qonun osti hujjatlari bo‘ladimi, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qatori mazkur “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunga albatta asoslangan, uning talablariga zid bo‘lmasligi kerak. Zero ushbu Qonun boshqa qonunlarning tosh-tarozisidir.

L.Xazratqulov,

Fargona harbiy sudining

devonxona mudiri

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50