Obuna bo`ling!
USD10496.99
EUR12551.25
RUB138.59
Sudlar faoliyatini raqamlashtirish fuqarolarga qanday imkoniyatlar yaratadi?
Mar 26, 2021
63

So‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash, sudning nufuzini oshirish, fuqarolar hamda tadbirkorlik subʼektlarining huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, ushbu orqali ularning sud hokimiyatiga nisbatan ishonchini yanada oshirishga qaratilgan bir qancha Farmon va qarorlar qabul qilindi.

Shu haqda so‘z yuritganda, 2020-yil 3-sentyabrda imzolangan “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ 4818-sonli Prezident qarorida belgilangan chora-tadbirlar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tish joiz. Ushbu chora-tadbirlarning amalga oshirilishi sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash bilan birga, sud hokimiyatining nafaqat yurtimizda, balki xalqaro hamjamiyatdagi o‘rnini ham mustahkamlanishiga sabab bo‘ladi.

Eng avvalo, shuni alohida taʼkidlash kerakki, Qaror bilan endilikda sudlar faoliyatining har bir bosqichiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etiladigan bo‘ldi. Yaʼni shu kunga qadar sudlarga masofadan turib murojaat qilish, sud majlislarida videokonferents-aloqa tizimidan foydalanib ishtirok etish, sudьyalar o‘rtasida ishlarni avtomatik tarzda taqsimlash, sud qarorlarini internet tarmog‘ida eʼlon qilish, ijro hujjatlarini elektron shaklda majburiy ijroga yuborish tizimlari joriy etilgan bo‘lsa, 2021-yil 1-oktyabrdan boshlab sudga elektron tarzda murojaat qilish;

2022-yil 1-yanvardan boshlab sud qarorlarini ish bo‘yicha taraflarga onlayn tarzda, ularning iltimosi bo‘yicha esa qog‘oz shaklida taqdim etish;

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, advokatlar tomonidan sudlarga daʼvo, ariza va shikoyatlarni faqat elektron shaklda taqdim etish;

manfaatdor shaxslar tomonidan daʼvo, ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish jarayonini onlayn tarzda kuzatib borish;

2023-yil 1-yanvardan boshlab sud ishlarini davlat arxiviga elektron shaklda topshirish va qabul qilish belgilandi.

Yuqoridagilardan ko‘zlangan asosiy maqsad, birinchidan, fuqarolar sarson bo‘lishining oldini olish, bildirilayotgan murojaatlarni avtomatlashtirish va tizimlashtirish bo‘lsa, ikkinchidan, fuqarolarga sudlarga murojaat etish bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqlaridan kengroq foydalanish imkoniyatini yaratishdir. Qolaversa, sud faoliyatining raqamlashtirilishi sud tizimida uchrayotgan sansalorlik, byurokratizm va suisteʼmolchilik kabi salbiy illatlarga barham beradi.

Qaror bilan shuningdek videokonferentsaloqa tizimidan foydalanish ko‘lamini yanada kengaytirish nazarda tutildi. Chunki bugungi kunda mazkur tizimdan foydalangan holda sud majlislarini o‘tkazish ommalashdi va aksar sudlarda o‘zini oqladi. Bu esa o‘z navbatida sud protsessi ishtirokchilarining vaqti hamda pul mablag‘larini tejash bilan bir qatorda, onlayn tarzda sud muhokamasida qatnashish hamda barcha jarayondan xabardor bo‘lish imkoniyatini beradi.

Аyniqsa, bunda jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar uchun qulaylik yaratiladi, ularni sud protsessiga olib kelish va olib ketish bilan sarf-xarajatlar kamayadi. Аyni shu sababdan Oliy sudga 2020-yil yakuniga qadar sud majlislarida videokonferentsaloqa rejimida ishtirok etish imkonini beruvchi mobil dasturni ishlab chiqish va uni amaliyotga joriy etish;

Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda jazoni ijro etish muassasalarida maxsus xonalarni mahbuslarning sud majlislarida va sud rahbariyati qabullarida videokonferentsaloqa rejimida ishtirok etishlari imkonini beruvchi uskunalar bilan jihozlash choralarini ko‘rish vazifalari yuklatilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, mazkur Qaror sudlar faoliyatiga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishni taʼminlash bilan bir qatorda, fuqarolar va tadbirkorlik subʼektlari o‘z huquqlari va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan sudga murojaat qilishlarini yanada erkinlashtiradi, umuman odil sudlovga erishishni oshirish hamda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash imkonini beradi, pirovardida “Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun, uning farovon hayoti uchun” degan ezgu g‘oyani ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.

O‘.Maxkamov,

Farg‘ona harbiy sudining sudya yordamchisi

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50