Obuna bo`ling!
USD10414.86
EUR12344.73
RUB136.69
Oliy sud tuzilmasida investitsiyaviy nizolarni ko‘rish bo‘yicha sudlov tarkibi tuziladi
Aug 28, 2020
133

Yurt rivojlanishi va ravnaqida sud hokimiyatining ham o‘ziga xos o‘rni bor. Zero sud o‘zining odil sudlovni amalga oshirish faoliyati orqali korruptsiya va davlat iqtisodiyotiga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi boshqa jinoyatlarning oldi olinishiga xizmat qiladi.

So‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash, fuqarolar, tadbirkorlar hamda chet el investorlarining huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, bu orqali ularning sud hokimiyatiga nisbatan ishonchini yanada oshirishga qaratilgan bir qancha Farmon va qarorlar qabul qilindi.

Bu borada 2020-yil 24-iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF 6034-sonli Farmonda belgilangan chora-tadbirlar sud hokimiyatining jamiyatdagi o‘rnini kuchaytirish bilan birga mamlakatimiz investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Farmonga muvofiq, Ortiqcha sud bosqichlarini bekor qilish orqali sud tizimiga “bir sud – bir instansiya” tamoyilini joriy etiladi.

Xususan:

•    sud ishlarini nazorat tartibida ko‘rish instituti tugatiladi;

•    bir sudda ishlarni ikki bosqichda (birinchi hamda apellyatsiya yoki kassatsiya) ko‘rish amaliyotiga barham beriladi.

Mazkur Farmonga muvofiq, Oliy sud tuzilmasida investitsiyaviy nizolarni hamda raqobatga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha sudlov tarkibi tuziladigan bo‘ldi. Ushbu sudlov tarkibiga investitsiya kiritilgan sanada 20 million АQSh dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdorda investitsiyani amalga oshirgan jismoniy yoki yuridik shaxslar (yirik investorlar) va davlat organlari o‘rtasida yuzaga keladigan investitsiyaviy nizolar hamda raqobatga oid ishlarni ko‘rish vakolati berildi. O‘z navbatida, qolgan investitsiyaviy nizolar investorlarning xohishiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiy sudlari tomonidan birinchi instantsiya sudi sifatida ko‘rilishi mumkinligi belgilandi.

Mamlakatimiz iqtisodiy rivojlanishi ko‘p jihatdan faol investitsiya siyosatiga bog‘liq. Shunday ekan, chet el investorlari uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilib, sud orqali tadbirkorlik huquqlari kafolatlarining himoya qilinishi mamlakatimiz sud hokimiyatiga nisbatan ishonchining oshishiga, pirovardida, yurtimizda yangi ishlab chiqarish korxonalarining ishga tushishiga, yangi ish o‘rinlari yaratilib, xalqimiz farovonligining taʼminlanishiga xizmat qiladi.

D.Tursunbaev,

O‘zbekiston Respublikasi

Harbiy sudining sudyasi

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50