Obuna bo`ling!
USD10517.12
EUR12661.56
RUB141.85
Prezident murojaatnomasida harbiy sohadagi islohotlar haqida ham alohida to‘xtaldi
Jan 28, 2021
61

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondonining Oliy Majlisga Murojaatnomasi davlatimiz va jamiyatimizning 2021-yildagi rivojlanishining asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi desak, adashmagan bo‘lamiz.

Prezident Sh.Mirziyoev o‘zining Oliy Majlisga Murojaatnomasida mamlakatimiz Qurolli Kuchlari faoliyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi. O‘zbekistonning hududiy yaxlitligi va xalqimizning osoyishta hayotini himoya qilishda ishonchli kafolat, tog‘dek tayanch bo‘lib kelayotgan milliy armiyamiz qo‘shinlarida jangovar tayyorgarlik, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, taʼminot, ijtimoiy himoya yo‘nalishlarida boshlangan ishlar izchil davom ettirilishini taʼkidlab o‘tdi.

Zero yaqin va uzoq xorijda yuzaga kelayotgan millatlararo nizolar, to‘qnashuvlar Qurolli Kuchlarimizda davr sharoiti oldimizga qo‘yayotgan talablariga javob beradigan islohotlar o‘tkazishni, shaxsiy tarkibni nafaqat zamonaviy qurol-aslahalar, balki maʼnaviy himoya vositalari bilan ham qurollantirishni zaruriy ehtiyoj sifatida shakllantirmoqda.

Bugungi kunda mavjud bo‘lgan nizo va to‘qnashuvlarning kelib chiqish sabablariga eʼtibor bersak, ular avvalo, insonning aql-idrokiga, fikrlashiga, ongiga g‘araz maqsadlarda taʼsir ko‘rsatish orqali yuzaga keltirilayotganligini va keyinchalik qurolli to‘qnashuvlarga aylanayotganligini ko‘rishimiz mumkin. Bu esa harbiy xizmatchilardan har tomonlama, yaʼni ham jismonan, ham maʼnan barkamollikni o‘zida mujassamlashtirishni talab qiladi.

Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Sh.Mirziyoev boshchiligida Qurolli Kuchlarimizda sog‘lom maʼnaviy muhitni shakllantirish yuzasidan salmoqli islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda. Bu borada Prezidentimizning 2018-yil 4-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Quroli Kuchlari harbiy xizmatchilarining maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risidagi” Qarori dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ushbu Qaror asosida haftaning har juma kuni Qurolli Kuchlarimizda “Maʼnaviy yuksalish va vatanparvarlik” kuni etib belgilanib, Qurolli Kuchlar tizimida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish kontseptsiyasi tasdiqlab berildi. Shu asosda harbiy xizmatchilar milliy madaniyatimiz va qadriyatlarimizga hurmat bilan, xalqimiz va vatanimizga fidoyilik, sadoqat va halollik bilan o‘z harbiy xizmatlarini o‘tab kelmoqdalar.

Prezident Sh.Mirziyoev tomonidan amalga oshirilgan pragmatik islohotlar natijasida milliy armiyamiz tom maʼnoda hayot maktabiga aylandi, yoshlarni vatanparvarlik va vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlarida faol ishtirok etib kelmoqda. Buni harbiy xizmatchilar tomonidan joylarda tashkil etilayotgan ko‘rgazmali chiqishlarda, harbiy qismlarga uyushtirilayotgan yoshlar tashriflarida, harbiy tuzilmalar tomonidan fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin aloqalar o‘rnatilganligida ko‘rishimiz mumkin.

Harbiy xizmatchilarning moddiy va ijtimoiy taʼminotiga ham Murojaatnomada alohida to‘xtalib o‘tilib, bu yo‘nalishdagi ishlar kelgusida ham izchil ravishda davom ettirilishi taʼkidlab o‘tildi. O‘tgan davr mobaynida harbiy xizmatchilarni uy-joy bilan, ularning oila aʼzolarini ish bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratildi, shuningdek harbiy xizmatchilarning farzandlariga oliy o‘quv yurtlariga kirishda katta imtiyozlar taqdim qilinishi belgilab qo‘yildi. Davlatimiz rahbariyati tomonidan ko‘rsatilayotgan bu kabi g‘amxo‘rliklar harbiy xizmatchilarda o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirishi bilan bir qatorda, harbiy xizmat sifati va harbiy intizomning yuqori darajada bo‘lishini taʼminlaydi.

Xulosa o‘rnida shuni taʼkidlash joizki, Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi va 2021-yil 14-yanvar – “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan yo‘llagan tabrigi joriy yilda Qurolli Kuchlarimizda amalga oshiriladigan islohotlarning huquqiy asosi, shuningdek sharafli kasb egalari bo‘lgan harbiy xizmatchilarga nisbatan bildirilgan katta ishonch namunasi sifatida xizmat qiladi.

Sh.Do‘saliev,

Farg‘ona harbiy sudining raisi

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50