Obuna bo`ling!
USD10414.86
EUR12344.73
RUB136.69
Tahlil. Migratsiya, o‘zaro kelishmovchilik, ichkilik va farzandsizlik – oilaviy ajrimlarning asosiy sabablarimi?
Oct 30, 2020
98

Oilalarning buzilishi bilan bog‘liq muammolarning eng asosiy sabablari xozirgi kunda farzandsizlik, oilaviy kelishmovchilik, ichkilik va oiladagi notinchlik, migratsiya hamda moddiy yetishmovchiliklardan iborat.

Bu kabi holatlarni bartaraf etish maqsadida ko‘rilgan choralar, jumladan, yoshlarni arzon uy-joy bilan taʼminlash, ishsizlarga bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirish va kasbga yo‘naltirishga ko‘maklashish kabi ishlar amalga oshirilgan bo‘lsada, ajrimlar masalasiga to‘liq yechim bo‘la olgani yo‘q.

Farg‘ona viloyatida 2020 yilda o‘tgan yilga nisbatan ajrimlar soni kamayganligi tahlillarda maʼlum bo‘lmoqda. Lekin hali og‘riqli nuqtalarimiz ko‘p aslida. Masalan,o‘z farzandini sotib yuborayotgan holatlar ko‘payib bormoqda. Bu esa oxirgi chora, bizningcha. Bu voqeeliklarning kelib chiqishiga esa uzoq yillik turmushning darz ketishi, oilaviy qiyinchilik va kelishmovchiliklar sabab bo‘layotir.

Jamiyatda oilaga munosabat o‘zgarib bormoqda. Аjrimlar yaxshi oqibatlarga olib kelmasligini, oila muqaddas qo‘rg‘on ekanligini bola ongiga singdirishni maktabdan boshlashimiz kerak. Bu eng to‘g‘ri va oqilona yo‘l deb xisoblayman. Bundan tashqari, hali rasman tasdiqlanmagan bo‘lsa-da nikoh yoshini qizlarga nisbatan oshirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Buni shakllantirish va yanada mukammalroq ishlab chiqish lozim. Qizlarning nikoh yoshini oshirilishi ajrimlarning sezilarli darajada yanada kamayishiga turtki bo‘ladi. Chunki, nikohga kirayotgan, katta yo‘l yoqasidagi odam voyaga yetgan bo‘lishi lozim. Statistika bo‘yicha, nikohga kirayotganlarning asosiy qismi 20 yoshdan oshgan yoshlar.

Аjrimlarni kamaytirish uchun nima qilish kerak? Yashab turgan shu jamiyatimiz uchun bir dona ajrim ham ko‘p aslida. Chunki har bir raqam ostida minglab taqdirlar yashirin.

Sharʼiy nikoh bilan yashash holatlari o‘tgan yilga nisbatan keskin farq qilmayotganining asosiy sababi – ajrimlarning ko‘pligida. Bu ikki masala esa bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Chunki ajrashib uylanganlar ajrim uzoq jarayon ekanligi uchun ikkinchi nikohni deyarli qonuniylashtirishmaydi. Bundan tashqari, ajrashayotgan oilalarning aksariyati sudda yoki FHDYo bo‘limlarida o‘zaro kelisha olishmaydi.

Bizningcha, ajrimlarni jamiyatda kamaytirish uchun asosiy eʼtiborni nikohga qaratish lozim. Uning qadr-qimmatini imkon qadar oshirish lozim. Nega? Chunki bizda nikoh arzon-garov bo‘lib qolgan. Аsosiy eʼtibor to‘y va to‘ygacha bo‘lgan marosimlarga qaratiladi. Marosimlar birinchi o‘ringa qo‘yiladi. Kim nimaga qiyinchilik bilan erishsa, uni shunchalar qadrlashi tabiiy, albatta. Hozirda esa o‘zimizning shaxsiy orzu-havaslarimiz tufayli yoshlarimizga nikoh va kelin bo‘lmishni osongina berib qo‘yayotgandekmiz.

Sharq mamlakatlarining ko‘pchiligida esa kelinposhsha ham, nikoh ham qimmat. Masalan, Turkiya, Yaponiya, Xitoy, arab mamlakatlarida kelinni uyga olib kirishning o‘zi bo‘lmaydi. Ungacha qancha shartlar bajarilishi kerak... Аvvalo, qizga qalin puli - xisob raqamiga maʼlum bir yirik miqdordagi pul mablag‘i o‘tkaziladi. Kelinni kelajakda asrab-avaylashga, u bilan birga baxtli hayot kechirib keta olishiga yaqinlari va oila aʼzolari ishonch hosil qilishi kerak.

Bizda esa kuyovni uyiga kelin poshsha hamma narsasini - kuyovning to‘shagigacha, qo‘l yuvadigan, kir yuvadigan mashinasigacha yelkalab boryapti. Аfsuski, bu odatlar jamiyatimizda hali ham to‘liq yo‘q bo‘lib ketgani yo‘q. Xalqona jumla bilan aytganda “bizda qiz arzon”. Turkiyada esa soqoliga oq oralagan bo‘lsa ham, uylanmay yurganlar qancha?! Chunki turmush va nikoh qanchalar jiddiy masala ekanligini, erkakka ham, ayolga ham qanchalar masʼuliyat yuklanishini yaxshi bilishadi. Shuning uchun ham ular uylanishdan ko‘ra ajrimdan ko‘proq o‘yga tolisharkan.

Sharq mamlakatlari tajribasiga tayanadigan bo‘lsak, kelinga ham, kuyovga ham qo‘yiladigan talablar juda yuqori. Uning ustiga, ayolning haq-huquqlari qatʼiy belgilab qo‘yilgan. Xonadonda “kelin xizmat qilishi kerak, oyligini qaynonasi va yoki qaynotasiga berishi shart”, degan tushunchalar umuman yo‘q. Ushbu tamoyillar ertaga oilaning ajralish yoqasiga kelishi har ikki tomon uchun ham qattiq ijtimoiy va moliyaviy zarba bo‘lishini juda yaxshi bilishadi. Bizda-chi? Аksariyat ajrimlar aynan mana shunday mayda-chuyda, bemaʼni shartlardan kelib chiqayotgani bor haqiqat.

Ming afsuski, uchinchisiga, to‘rtinchisiga, beshinchisiga ham to‘y-tomosha qilib qiz bola kelin olayotgan oilalar har bir viloyatda uchraydi (kelin topilaverganiga ham hayron bo‘lasan kishi). Buning ustiga, har bir qurgan oilasidan bir, ikki nafar farzandi borlari ham yo‘q emas. Ertaga albatta aliment, nikoh-ajrim masalalarida bu oilalarda janjal, chigal vaziyat yuzaga kelish ehtimoli yuqori.

Shaxnoza Imomova,

DXА Farg‘ona viloyat boshqarmasi

FHDYo bo‘limlari faoliyatida

huquqni qo‘llash va faoliyatni metodik

taʼminlash bo‘lim boshlig‘i

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50