Obuna bo`ling!
USD9554.22
EUR10637.67
RUB121.10
Baliq, qarmoq va Captiva haqida
Jan 29, 2020
81

Qo‘chqorovning o‘rinbosari Shohrux Shoahmedov Sirdaryo viloyati misolida keltirgan holat esa barchaning kulgisiga sabab bo‘ldi.

Xalqaro press klubning Prezident murojaatiga bag‘ishlangan sessiyasida Bosh vazir o‘rinbosari, moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ehtiyojmand oilalarga mahalla orqali nafaqa tayinlanishi noto‘g‘ri ekanligi va vazifasini o‘tab bo‘lganini tan olib, buni “professionallar bajarishi kerak”ligini bildirdi.

Qo‘chqorovning o‘rinbosari Shohrux Shoahmedov Sirdaryo viloyati misolida keltirgan holat esa barchaning kulgisiga sabab bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, viloyatda tajriba tariqasida joriy etilgan yangi tizim mahalladan 400 ming so‘m atrofidagi nafaqa pulini so‘rab murojaat etgan oila ixtiyorida Captiva, Malibu va Nexia borligini aniqlangan.

Bu misol nafaqalar ajratilishi va sayyor qabullardagi murojaatlar bilan bog‘liq shunga o‘xshash ajabtovur hangomalarni esga soldi.

Chekka tumanlardan birida uyini ta’mirlashda ko‘mak so‘ragan oilaga homiy sifatida biriktirilgan tashkilot rahbari yordamga otlanibdi. Uyga borib, ko‘zdan kechirib, 5 million so‘mlik hisob-kitobni aytsa, xonadon egalari “biz senga gadoymizmi, uyni boshdan-oyoq ta’mirlab berasan”, deb haydab solibdi.

Hokimlik xodimlarining aytishicha, ayollarini yordam so‘rashga yo‘llab, o‘zlari natijasini mashinasida kutib o‘tiradigan, kattakondan nima undirganini o‘smoqchilaydigan erkaklar ham yo‘q emas.

Tashkilotlardan birida ishlaydigan hisobchi do‘stim hikoya qiladi: “Xonamning eshigi taraqlab ochilib, davangirdek yigit kirib keldi. Vajohatidan ot hurkadi. ‘Men kam ta’minlanganman, qani, kim manga yordam beradi?’ deb o‘dag‘ayladi. ‘Bugun kech bo‘ldi, kattaning qabul kunlariga yozilib, arz-dodingizni o‘shanda aytasiz’ deb zo‘rg‘a kuzatvordim”, — deydi u.

Shavkat Mirziyoyev Parlamentga Murojaatnomasida mazkur muammoni boricha ochiqladi.

“Hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda aholining aksariyat qismi yetarli daromad manbasiga ega emasligi sir emas. Har qanday mamlakatda bo‘lgani kabi bizda ham kam ta’minlangan aholi qatlamlari mavjud. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, ular taxminan 12—15 foizni tashkil etadi. Bu o‘rinda gap kichkina raqamlar emas, balki aholining 4—5 millionlik vakillari haqida bormoqda.

Ba’zi odamlar ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam pulini to‘lash yoki ularning miqdorini oshirish orqali ushbu muammoni hal etish mumkin, deb o‘ylaydi. Bu — bir tomonlama yondashuv bo‘lib, muammoni to‘la yechish imkonini bermaydi”, — dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev xalqaro tashkilotlar bilan birga Kambag‘allikni kamaytirish dasturini ishlab chiqishni taklif qildi.

Bunda e’tiborni nafaqalar yoki moddiy yordamning boshqa turlariga emas, aynan tadbirkorlik tashabbuslari, xususan, yoshlar va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, munosib ish joyi bilan ta’minlashga ahamiyat berishga qaratish zarurligi ta’kidlandi.

Davlat rahbari ta’biri bilan aytganda, “baliq emas, qarmoq berish” zarur. Istihola shuki, ertaga qarmoq tutqazganlarimiz “buning chuvalchangi qani?” deb hafsalamizni pir qilmasa bo‘lgani...

Manba: daryo.uz

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50