Obuna bo`ling!
USD9384.00
EUR10393.72
RUB140.14
Ilhom Ibrohimov: “Yangi san’at asari o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi”
Aug 13, 2019
44

Farg‘onada azal-azaldan o‘ziga xos qo‘shiqchilik maktabi shakllangan. Sozandalikda Usta Olim maktabi, katta ashulada Mamatbuva, Madali hofiz, Jo‘raxon Sultonov, Ma’murjon Uzoqov, Rasulqori Mamadaliyev, «O‘zbekiston bulbuli» deya e’tirof etilgan Tavakkal Qodirov asos solgan qo‘shiqchilik, musiqa va san’at maktabining alohida o‘rni bor.

Bugun ana shu qutlug‘ go‘shada ta’lim-tarbiya olib, ustozlar ishini davom ettirib kelayotgan san’atkorlar ko‘p. Ular haqida gap ketganda, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbekiston xalq hofizi Ilhom Ibrohimov alohida e’tirof etiladi. Uning ijodiy repertuaridan o‘rin olgan «Talabalik davrim mening», «Farg‘ona yallasi», «Salomat bo‘l, ey do‘st», «Ipak ro‘mol» kabi qo‘shiqlar guldastasi, mana necha yildirki, qo‘shiq shinavandalariga manzur bo‘lib, davralarda qayta-qayta kuylanmoqda.

«Zuvalasi pishiq bo‘lmagan qo‘shiqning umri suv yuzida qalqib turgan ko‘pikdek...»

— Qo‘shiqchilik olamiga kirib kelishimda mustaqillikning ilk yillarida yosh ijrochilar o‘rtasida tashkil etilgan «Kamolot» ko‘rik-tanlovining o‘rni katta bo‘lgan, — deydi Ilhom Ibrohimov. — Nufuzli tanlovda  «Kelin», «Alamim bor yor-yor aytgan qizlarda», «Gap bo‘ldi» qo‘shiqlarim oliy o‘ringa loyiq  ko‘rilgan. Bu yutuq bir jihatdan quvontirgan bo‘lsa, boshqa tomondan zimmamdagi mas’uliyatni ikki hissa oshirgan. Qolaversa, xalqning e’tirofiga loyiq bo‘lish, yangi ijod namunalari yaratish orqali shinavandalar mehrini qozonish oliy maqsadga aylangan. To‘g‘ri, bugun ham turli ko‘rik-tanlov, tok-shoular  o‘tkazilib, g‘olib va sovrindorlar aniqlanmoqda. Ammo yil o‘tmay,  o‘sha tanlovda saralangan ijodkorlarning aksariyati san’at olamida izsiz «g‘oyib» bo‘ladi. Nega, nima uchun? CHunki ayrim yoshlar o‘z san’ati bilan birinchi galda xalqqa xizmat qilishni emas, balki qanday qilib bo‘lsa ham mashhur bo‘lishni o‘ylaydi. Bu yo‘lda ayrim yutuqlar va  e’tiroflar ham bo‘ladi. Lekin vaqt oliy hakam. Zuvalasi pishiq bo‘lmagan qo‘shiq, ijodning umri suv yuzida qalqib turgan ko‘pikdek, hech qanday ma’no-mazmun kasb etmaydi. Aytmoqchi bo‘lganim, iste’dodli yoshlarni izlab topish, ularni qo‘llab-quvvatlash uchun, eng avvalo, yosh bolalar ishtirokidagi ko‘rik-tanlovlarni ko‘paytirishimiz, nufuzini oshirishimiz kerak. Buning uchun nafaqat tumanlar, balki chekka qishloq va mahallalarda ham musiqa va san’at to‘garaklari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash zarur.

Quvonarlisi, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh tashabbusda musiqa va  san’at turlarini rivojlantirish orqali yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga alohida urg‘u berilgan. Bu e’tibor va g‘amxo‘rlik yangi ovoz sohiblari, iqtidorli san’atkor yoshlarni kashf etish imkonini beradi.

 

«Kuylasang kuylayver, faqat «oha-hay»ini joyiga qo‘yib qo‘y…»

Qo‘shiqchilikda ijrochilikdan ko‘ra ixtirochilik muhim hisoblanadi. Qo‘shiq kuylashga moyilligi, qiziqishi bo‘lgan odam har qanday san’at namunasini maromiga yetkazib ijro eta olishi mumkin. Lekin bu uni san’atkor, hofiz sifatida elga mashhur qila olmaydi. Chunki u aytgan qo‘shiqning ijrochisi, ijodkori boshqa. U har qancha yaxshi kuylamasin, haqiqiy muxlis shu qo‘shiq, soz va so‘z uyg‘unligini yaratgan ijodkor mahoratiga baho beradi.

Ochig‘ini aytganda, keyingi paytlarda ustozlar bisotida kuylangan kuy-qo‘shiqlarni o‘zgartirib ijro qilish, «aranjirovka» qilish odat tusiga kirdi. Albatta, ustozlar aytgan qo‘shiqni kuylash, uni zamonga moslashtirish, zamonaviylashtirishning yaxshi tomonlari ham bordir. Lekin bundan kim yutadi? Avvalo, qo‘shiq ixtirochisining mahoratiga tasannolar aytiladi. Shu bois har bir san’atkor ijroga emas, qo‘shiq yaratish yo‘lidagi izlanishlarga katta ahamiyat qaratishi kerak.

Ixtiro bo‘lmagan joyda rivojlanish, taraqqiyot yo‘q. Qolaversa, yangi san’at asari o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi. U yillar davomida olib borilgan izlanishlar, mashaqqatli mehnat, ustozlar o‘giti va maslahatlari asosida yaratiladi. SHu sababdan ham qo‘shiqchilikda har bir taniqli san’atkorning o‘ziga xos ijro yo‘li bor. Jumladan, Ma’murjon Uzoqov, Komiljon Otaniyozov, Sherali Jo‘rayev, G‘ulomjon Yoqubov, Kamoliddin Rahimov singari san’atkorlar tomonidan yaratilgan qo‘shiqlar o‘ziga xos ixtiro sifatida e’tirof etiladi.

Shu o‘rinda bo‘lib o‘tgan bir voqea yodimga tushdi. Ustoz Kamollidin Rahimovning «Nargiz» qo‘shig‘ini bir xonanda ustozdan so‘ramay, zamonaviy kuyga solib kuylaydi. Bir davrada xonanda bilan uchrashib qolgan hofiz bu haqda o‘z fikrini aytsa, yosh ijodkor «nima bo‘pti kuylasak» degandek gap qilibdi. Bundan ranjigan ustoz: «Kuylasang kuylayver, faqat «oha-hay»ini joyiga qo‘yib qo‘y», – degan ekan. Afsuski, bizda bundaylarga aksariyat hollarda qonun doirasida chora ko‘rilmaydi. Bu ishga mas’ul bo‘lgan shaxslar ham «Sen menga tegma, men senga» qabilida ish tutishga odatlanib qolishgan. Axir, bundan uyalishimiz kerak.

 

She’r — inson ruhiyatining kundaligi

Yaxshi qo‘shiq yaratish, ijro qilish bir qaraganda oson ishdek ko‘rinadi. So‘z va soz uyg‘unligi ijro mahoratining o‘zaro mushtarakligi bu jihatda qo‘l keladi. Lekin uni umrboqiy qo‘shiqlar sirasiga kiritish mushkul vazifa. Buning uchun ijodkor mehnati, izlanishi, bilim va dunyoqarashining kengligi alohida ahamiyat kasb etadi. Bunda shoir va yozuvchilar bilan ijodiy hamkorlikning o‘rni katta. CHunki she’r ilohiy tuyg‘u, inson ruhiyatining kundaligi. Bir she’r ko‘ngilga quvonch ulashsa, boshqa biri mahzunlik kasb etadi. Demak, umrboqiy qo‘shiqlar yaratilishda qalb qo‘ridan otilib chiqqan tuyg‘ularning o‘zaro mutanosibligi, ijrochining yaratuvchilik borasidagi ixtirosi, qobiliyati muhim hisoblanadi. Yana bir jihati, bugun yaratilgan biror san’at asarini umrboqiy qo‘shiq bo‘libdi, deb baho bera olmaymiz. U yillar davomida shakllanib, xalq mehrini qozona olsagina ana shunday yuksak nomga sazovor bo‘la oladi.

 

«Avvallari qo‘shiq yaratishda shoshma-shosharlikka borilardi»

Nufuzli unvonni qo‘lga kiritish, albatta, sharafli, lekin unga munosib bo‘lish katta mas’uliyat talab etadi. Avvallari qo‘shiq yaratishda shoshma-shosharlikka borilardi. Buni ustozlar pand-nasihatlari orqali bilib, keyingi ijodiy faoliyatimda bu xatolarni takrorlamaslikka harakat qilganman. «O‘zbekiston xalq hofizi» sifatida esa har qachongidan-da ko‘proq mehnat qilyapman, izlanyapman, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki bu unvon mening mehnatlarim, izlanishlarim, ustozlarim pand-nasihatining mahsuli ekanligini his qilib turaman. Hozirda o‘ndan ortiq yangi qo‘shiqlar yaratish ustida izlanishlar olib boryapman. Maqsad, xalqimiz ko‘ngliga manzur bo‘ladigan sara qo‘shiqlar yaratish.

 

Jonli ijro — muxlislar oldidagi hisobot

Jonli ijroda qo‘shiq ayta olish xonandaning mahorati, qobiliyati va haqiqiy iste’dodini ko‘rsatib beradi. Qolaversa, bu shinavandalar oldidagi o‘ziga xos hisobot hamdir. Bugun xonandalarga jonli ijro bo‘yicha qo‘yilayotgan talablar to‘g‘ri deb o‘ylayman. Xalqni to‘plab, bir bora o‘z ovozi bilan xonish qila olmagan, o‘z yo‘lini topolmay sarson bo‘lib yurgan  xonanda faoliyatini tasavvur qilib ko‘ring. Bu bilan kim kimni aldayapti? Zero, o‘zbek qo‘shiqchilik san’ati o‘ziga xos talablari, ohang va qochirimlari bilan boshqa xalq qo‘shiqlaridan ajralib turadi.

Prezidentimiz Shavkat ­Mirziyoyev mamlakatimiz ijodkor ziyolilari, san’at ahli bilan qilgan ochiq muloqotida el sevgan ustoz san’atkorlarning musiqa maktablarida faoliyat olib borishlari yuzasidan bergan ko‘rsatma va vazifalaridan so‘ng, Farg‘ona shahridagi 3-bolalar musiqa va san’at maktabida ishlab kelyapman. Maktabimizda san’atsevar yoshlar uchun yaratib berilgan sharoit va imkoniyatlarni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Hozir bu yerda milliy musiqa, an’anaviy ijrochilik yo‘nalishida yangi ovoz sohiblari, iqtidorlarni   tarbiyalash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yo‘lida ish olib boryapmiz.  Yangi o‘quv yilida baxshichilik sinfini ochishga taraddud ko‘ryapmiz. Bu esa Farg‘ona qo‘shiqchilik yo‘nalishida yangi maktab bo‘ladi.

Rasuljon KAMOLOV suhbatlashdi.

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50