Obuna bo`ling!
USD9554.22
EUR10637.67
RUB121.10
«Chellenj» davom etadi: Zulayho Mahkamova To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi etib tayinlandi
Mar 4, 2020
60

Bugun, 4-mart kuni xalq deputatlari To‘raqo‘rg‘on tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Namangan24.uz nashrining xabar berishicha, deputatlar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, jurnalistlar ishtirok etgan sessiya ishida tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.

To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi G‘ulomjon Sobitxo‘jayevich Murodxo‘jayev o‘z lavozimidan ozod etildi. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Zulayho Bahriddinovna Mahkamova To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi etib tayinlandi.

Sessiya ishida Namangan viloyati hokimi, senator Xayrullo Bozorov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi o‘rinbosari Qahramon Quronboyev ishtirok etdilar.

Ma’lumot o‘rnida, Zulayho Bahriddinovna Mahkamova 1968-yilda Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 1989-yili Namangan davlat pedagogika instituti va keyinchalik Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan. Mutaxassiligi o‘qituvchi-pedagog.

U mehnat faoliyatining dastlabki yillarida Yangiqo‘rg‘ondagi umumta’lim maktablarida o‘qituvchilik qilgan. Shuningdek, mehnat faoliyati davomida Yangiqo‘rg‘on tumani hokimining o‘rinbosari - tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, Fermer va dehqon xo‘jaliklari uyushmasi Yangiqo‘rg‘on tumani vakilligi, Fermerlar uyushmasi Yangiqo‘rg‘on tumani fermer xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatish markazi direktori, Namangan viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi raisi, Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari - viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimlarida ham faoliyat yuritgan.

Zulayho Mahkamova 2018-yilning aprel oyidan hozirgi kunga qadar O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi. U Namangan viloyati hokimining qaroriga binoan 2020-yil 4-mart kunidan e’tiboran To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi etib tayinlandi. Mazkur qaror tuman Kengashi deputatlari tomonidan bir ovozdan ma’qullanib, sessiyada tasdiqlandi.

Eslatib o‘tamiz, bu bugunning o‘zida uchinchi ayol hokimning tayinlanishi: bungacha Sadbarxon Mamitova Andijon viloyatining Bo‘ston tumaniga, Maqsuda Mustafoyeva Qarshi tumaniga hokim etib tayinlanishgandi.

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50