Obuna bo`ling!
USD9384.00
EUR10393.72
RUB140.14
Buyuk Britaniyalik kelinchak xonadonidan reportaj
Jul 25, 2019
599

Farg‘onaga Buyuk Britaniyalik qizning kelin bo‘lib tushgani haqidagi xabarga aniqlik kiritish maqsadida ushbu oila vakillarining xonadoniga yo‘l oldik. Ingliz qizining o‘zbekona lutf bilan salom berib mehmon kutayotgani, yaxshi boring, deya dona-dona qilib kuzatib qo‘yishi yosh oilaga bo‘lgan havasingizni keltiradi.

 Kelinchakning otasi Maykl va onasi Kristina xonim ham Nurilloxonning oqko‘ngil, bilimdon, mehribon ekanligini ko‘rib, qizlari bilan turmush qurishiga rozi bo‘ldi.

Xonadonda to‘y tashvishlari tugasa ham haligacha keldi-ketdi uzilgani yo‘q. Jenni va Nurilloxon bundan 3 yil ilgari Birlashgan Arab Amirligining Dubay shahrida tanishganlar. Nurilloxon bu shaharda turizmni rivojlantirishga ixtisoslashgan kompaniyada xizmat qiladi. Jenni esa bolalar tarbiyachisi. Taqdir nasib deganlaridek, yoshlar bir-biriga ko‘ngil qo‘ydi. Ularning ota-onalari ham munosabatlarni ijobiy qabul qilishdi. Avvaliga Dubayda tantanali to‘y bo‘ldi, 16 iyul kuni bu erda. Jenni xonim hamma urf-odatlarimizni o‘zlashtirishga harakat qilyapti, barchasini yurakdan bajaryapti. Eng muhimi, hech ikkilanmasdan e’tiqodimizga amal qilib, muqaddas dinimizni qabul qildi. Ko‘rib-turganingizdek, oilada hamma baxtiyor.

Muhayyoxon HAYDAROVA, qaynona:

– Oilamizda hamma ingliz tilida gaplasha oladi. SHu sababli kelinchak bilan muloqot qilishda hech qanday muammo bo‘lgani yo‘q. O‘g‘illarim xorijda yursa, ularning oldiga tez-tez borib turamiz. Kelinim bilan tanishuvimiz ham shunday uchrashuvlardan birida ro‘y berdi. To‘g‘ri, u Yevropa tarbiyasini ko‘rgan qiz. Ammo bir ko‘rishdayoq uning samimiyligini, kamtarinligi va odobini yoqtirib qoldim. Baraka topgur, birpasda o‘zbekona shart-sharoitlarimizga o‘rganib oldi. Ovsinlaridan qolishmasdan ro‘zg‘or ishlarini binoyidek uddalayapti. Mahalla ahlining tilida ham shu kelinim. Shukr, Jannatxonning samimiyligini qo‘ni-qo‘shnilar og‘zidan bol tomib maqtayapti. Farzandlarim qo‘sha-qarishsin. Ota-onaga bundan ortiq baxt yo‘q aslida. Kelinimni Jannatxon deb chaqira boshlaganimda e’tiroz bildirmadi. Aksincha bu ismni yoqtirib qoldi. Erta tongda uyg‘onib ko‘chalarni ozoda qilib supuradi, nonushta tayyorlaydi. Qisqasi, bir kelin bajaradigan vazifalarni ortig‘i bilan uddalayapti.

Jenni DOBSON, kelin:

– Tong saharda uyg‘onib, ko‘cha supurish, nonushta tayyorlashning ham o‘ziga hos zavqi bor ekan. Men avvaldan musulmon oilasiga  havas bilan qarardim. Orzularim amalga oshdi. Oilada hamma ingliz tilini yaxshi biladi. Onajonim meni Jannatxon deb chaqiradilar. O‘zbekcha ismim chiroyli talaffuz qilinar ekan. Fuqarolik pasportimga ham shu ismni qayd ettirsammikan, deb o‘ylab qoldim. O‘zbek taomlarini ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rib o‘rgandim. Manti, mastava, somsa, osh tayyorlashga harakat qildim. Oilamiz a’zolaridan maqtov eshitdim. Albatta, ro‘zg‘or yumushlarini o‘rganishimda, avvalo qaynonamning, ovsinlarim Muyassarxon va Muxlisaxonlarning yordamiga tayanyapman. Ularning ko‘magi bilan boshqa o‘zbek milliy tamolarini tayyorlashni o‘rganyapman. Juda-juda baxtliman.

Jannatxon o‘zbekcha an’analarga shu qadar tez ko‘nikdiki, uning o‘zbek opa-singillarimizdan sira farqlay olmaysiz. Bag‘rikeng oila bilan esa faxrlansa arziydi. Qaysi mintaqadan, qaysi millat vakili bo‘lmasin xalqimizning bag‘rikengligi chegara bilmaydi. Eng asosiysi, dil bitta, til bitta, qalblar mushtarak.

 

Madaminjon SOLIJONOV 

 

 

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50