Obuna bo`ling!
USD9554.22
EUR10637.67
RUB121.10
DXX Farg‘onada “Tramadol” kontrabandasi bilan shug‘ullangan shaxslarni qo‘lga oldi
Nov 16, 2019
774

Davlat xavfsizlik xizmati Farg‘ona viloyati boshqarmasi va boshqa huquq tartibot organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor qidiruv tadbirlari davomida ko‘p miqdordagi giyohvandlik vositasi kontrabandasi va savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi.

Joriy yilning 14 noyabr kuni Qo‘qon shahar Sunbula ko‘chasida harakatlanayotgan fuqaro Yorqin Asqarov boshqaruvida bo‘lgan “Lasetti” rusumli avtomashina to‘xtilganda, u mashina salonida polietilen paketga joylashtirilgan “Tramadol” giyohvandlik vositasiga o‘xshash tabletka konvalyutalarini tashqariga uloqtirib, voqea joyidan qochishga harakat qilgan.

Tadbirda guruh tomonidan avtomashinani majburiy to‘xtatish choralari ko‘rildi. U tashlab yuborgan polietilen paket ichidagi narsalar o‘zi va xolislar ishtirokida olinib, ko‘zdan kechirilganda uning ichida “Tramadol Lannaxer” yozuvi tushirilgan 999 dona konvalyutada 9990 dona tabletkalar borligi aniqlandi.

Sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, Yo. Asqarovdan olingan moddalar “Tramadol” tabletkalari bo‘lib, uning umumiy og‘irligi 499,5 grammni tashkil etishi ma’lum bo‘ldi.

Tergovga qadar tekshiruv tadbirlari davomida Yo. Asqarov I. Alimov va “Minavar” ismli shaxs bilan “Tramadol” giyohvandlik vositasini Qozog‘iston Respublikasidan O‘zbekistonga kontrabanda qilish haqida jinoiy reja tuzganligi aniqlandi.

Unga ko‘ra, Yo. Asqarov, I. Alimov joriy yilning 10 noyabr kuni Toshkent shahrida “Minavar”ning tanishi bo‘lgan Davronga 4000 konvalyuta “Tramadol” uchun 6 ming 400 AQSh dollarini berib, uni olib kelish uchun Qozog‘istonga o‘tishgan. U erda “Minavar”ning jinoiy sherigidan kelishilgan tramadolni olib, Qirg‘izistonning Bishkek shahriga borishgan. I. Alimovning tanishi Qirg‘iz Respublikasi fuqarosi “Suyon” bilan uchrashib, giyohvandlik vositasini 100 AQSh dollari evaziga aylanma yo‘llar orqali Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanining Vodil qishlog‘iga o‘tkazib berishga kelishilgan.

Shundan so‘ng ular “Madaniyat” bojxona posti orqali qonuniy O‘zbekiston Respublikasiga o‘tishgan hamda 11 noyabr kuni I. Alimovga tegishli “Spark” rusumli avtomashinada Vodilda “yuk”ni o‘tishini kutishgan. Qirg‘iz fuqarosi “Suyon” aylanma yo‘llar orqali “tramadol” vositasini olib o‘tib, ularga topshirgan.

Shu kuni I. Alimov Qo‘qon shahriga kelib, mazkur “tramadol” vositasini 2000 konvalyutasini “Olmos”ga 40 million so‘m, 1000 konvalyutasini “Aziz” ismli shaxsga 20 million so‘mga sotib, qolganini keyinchalik sotish maqsadida saqlab kelgan. Mazkur giyohvandlik vositasini sherigi Yo. Asqarovga o‘z uyidan berib yuborib, u avtomashinasida ketayotgan vaqtda ushlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan fuqarolar Yo. Asqarov va I. Alimovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ma’sudjon Sulaymonov

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50