Obuna bo`ling!
USD10129.56
EUR10955.12
RUB137.54
Davlat boji belgilash va uni undirish: yangilik va o‘zgarishlar
Feb 14, 2020
153

Davlatning iqtisodiy salohiyatini kuchaytirish, xalq farovonligini ta’minlashda davlat boji, soliqlar va boshqa yig‘imlarning o‘ziga xos o‘rni bor. Biroq davlat boji undirishda, shuningdek soliq va boshqa yig‘imlarni to‘lashda fuqarolarimizga, tadbirkorlarga qanchalik yengilliklar, afzalliklar taqdim etilsa, ularning yashash sharoitlari uchun, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun qulay muhit yaratiladi.

Shu boisdan mazkur tushumlarni belgilash va ularni undirish bilan bog‘liq faoliyatda turli imtiyozlar, qulay sharoitlar yaratishga, ayniqsa, uning huquqiy asoslarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Zero, Yurtboshimiz Sh.Mirziyoyev joriy yilning 24 yanvar kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta’kidlab o‘tganidek, “Qonunchilikni yangilashdan maqsad – faqat qonun qabul qilish emas, aksincha, yangi qonunlar ertaga odamlarga qanday amaliy naf berishi, ularning hayotini qanday yengillashtirishi haqida bosh qotirishdan iborat bo‘lmog‘i lozim”.

Joriy yilning 6 yanvar kuni Prezidentimiz tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonuni imzolandi. Yangi qabul qilingan mazkur Qonunning ahamiyati shundaki, u endilikda davlat bojini belgilash, undirish, uni qaytarish va to‘lashdan ozod qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish bilan birgalikda, ushbu sohadagi munosabatlarni tartibga solib kelgan bir necha alohida-alohida normativ huquqiy-hujjatlarni jamlash imkoniyatini yaratdi.

“Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonun 5 bob, 31 moddadan iborat bo‘lib, qonun normalarining mazmun-mohiyati haqida, shuningdek ushbu qonun qabul qilinishi bilan bog‘liq yangiliklar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tish o‘rinli.

Eng avvalo, shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, qonunda “davlat boji” va “davlat bojini to‘lovchi” tushunchalariga aniq ta’rif berildi, davlat bojlarining turlari ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, qonunning 3-moddasiga muvofiq, davlat boji yuridik ahamiyatga molik harakatlarni amalga oshirganlik va (yoki) bunday harakatlar uchun vakolatli muassasalar va (yoki) mansabdor shaxslar tomonidan hujjatlar berganlik uchun undiriladigan majburiy to‘lovdir. Shuningdek, ushbu majburiy to‘lovlardan tashqari yana konsullik yig‘imi va patent boji ham davlat bojining turi sifatida qayd etildi.

“Davlat bojini to‘lovchi” tushunchasiga qonunning 4-moddasida ta’rif berilib, unga ko‘ra, vakolatli muassasalarga va (yoki) mansabdor shaxslarga murojaat qilayotgan va o‘ziga nisbatan yuridik ahamiyatga molik harakat va (yoki) hujjatlar berish amalga oshiriladigan yuridik va jismoniy shaxslar davlat bojini to‘lovchilardir.

Shuningdek, “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonun bilan davlat boji undirish ob’ektlari hamda davlat boji to‘lashdan ozod qilishning aniq mezonlari belgilab berildi. Jumladan, qonunning 5-moddasida 14 ta holat bo‘yicha davlat boji undirish obyektlari qat’iy ko‘rsatilib, ushbu moddada ko‘rsatilganidan tashqari holatlarda davlat bojini undirish qat’iyan taqiqlandi. Shuningdek, qonunning 2-bobida fuqarolik ishlari bo‘yicha, iqtisodiy va ma’muriy sudlarda, shuningdek, notarial harakatlar amalga oshirilganda, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi biometrik pasportini rasmiylashtirish va berishda, konsullik yig‘imini to‘lash jarayonida davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadigan jismoniy va yuridik shaxslarning qat’iy ro‘yxati tasdiqlandi. Xususan, ular ish haqi, alimentlar undirish to‘g‘risidagi da’volar yuzasidan, qonunga xilof ravishda hukm etganlik, jinoiy javobgarlikka tortganlik, ma’muriy jazo berganlik tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash bilan bog‘liq nizolar yuzasidan, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzayotgan davlat boshqaruvi organi, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga murojaat qilganda, pensiyalar va nafaqalar olish maqsadida ishonchnomani tasdiqlatganlik uchun, mol-mulkini davlat foydasiga, shuningdek yuridik shaxslar foydasiga hadya qilish to‘g‘risidagi vasiyatnomalar va shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun notarial idoralarda, diplomatik pasport berganlik uchun, o‘n olti yoshga to‘lmagan O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi biometrik pasportini berganlik uchun, to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi biometrik pasportini berganlik uchun davlat bojlarini to‘lashdan ozod etiladi. Bunga qadar jismoniy va yuridik shaxslarni davlat bojini to‘lashdan ozod etish masalasi Soliq kodeksi normalari bilan tartibga solingan edi.

Bundan tashqari, davlat bojining miqdorlari qonun bilan belgilandi. Bunga qadar davlat bojining miqdori O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 3 noyabrdagi “Davlat boji stavkalari haqida”gi 533-sonli qarori bilan tasdiqlangan va shu stavkalar bo‘yicha undirib kelingan.

Yana bir muhim o‘zgarishlardan biri sifatida, qonun bilan davlat bojining yangi turlari joriy etilganini e’tirof etish mumkin. Ya’ni endilikda chet davlat sudining hamda chet davlat hakamlik sudining (arbitrajining) hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish borasida (BHMning 2 baravari), to‘lov tizimi operatori faoliyatini amalga oshirishga litsenziya berganlik uchun (BHMning 5 baravari) va to‘lov tizimi faoliyatini amalga oshirishga litsenziya berganlik uchun (BHMning 5 baravari) davlat boji undiriladi.

Shuningdek, “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonun bilan davlat bojining to‘g‘ri hisoblab chiqarilishi, to‘liq undirilishi va O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetiga o‘z vaqtida o‘tkazilishi ustidan nazorat davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshirilishi belgilandi (qonunning 25-moddasi).

Xulosa qilib aytganda, mazkur Qonun davlat boji undirish hamda u bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solibgina qolmay, davlat bojini undirish jarayonida fuqarolarda yuzaga keladigan muammolarni hal qilishga, pirovardida “Islohot islohot uchun emas, avvalo inson uchun, uning farovon hayoti uchun” degan ezgu g‘oyani ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.

 

                        Lazizbek Xazratkulov,
Farg‘ona harbiy sudining

devonxona mudiri.

 

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50