Obuna bo`ling!
USD10209.86
EUR12021.09
RUB137.46
Davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida mingdan ortiq qonun buzilish holatlari aniqlandi
Jul 21, 2020
138

Bu bor gap! Ko‘pchilik Аdliya vazirligi xuzuridagi Davlat xizmatlari markazlarini hali ham xalqona va jaydari tilda “Yagona darcha” deb atashadi. Baʼzida markazlarni rasman atalishini hali ham fuqarolarimiz tillariga “o‘zlashtirib” olmaganidan o‘yga tolsangiz, yana bir jihatidan xursand ham bo‘lasiz.

Chunki, ko‘p yillar davomida xalqimiz xujjatlar bilan bog‘liq masalalarini hal qilishda yagona tizim yo‘qligidan aziyat chekkan. Oddiy maʼlumotnoma yoki tadbirkorlik ishini boshlash uchun uzoq muddat eshikma eshik sarson bo‘lganligini boshiga tushganlar yaxshi bilishadi. Balki mana shu korruptsion holatlarga uzil-kesil barham berish maqsadida ilk bor “yagona darcha”lar tizimda “tub burilish” yasashga asos bo‘lgandir... Keyinchalik Davlat xizmatlari markazlarining tashkil qilingani bois xalqimiz va ishbilarmonlarimizning yelkasiga oftob tegdi. Ishlari va yumushlari sanoqli daqiqalarda bitadigan bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi loyiha boshqaruvi milliy agentligining tegishli Davlat xizmatlari yagona reestri tasdiqlangan. Mazkur reestrda 716 turdagi davlat xizmatlari keltirib o‘tiladi.

Ushbu reestrda yaqin kelajakda tashkil qilinishi ko‘zda tutilgan davlat xizmatlarining 130 turdan ortig‘i allaqachon amalda. Qolgan davlat xizmatlarining joriy etilishi esa mamlakatimizda bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.

Birgina Farg‘ona viloyatida joriy yilning olti oyi davomida aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar soni 453 ming 956 tani tashkil qildi. Bu esa kundan kunga davlat xizmatlariga bo‘lgan talabning ortib borayotganidan dalolat.

Ko‘rsatilgan davlat xizmatlarining statistik hisobotlariga eʼtibor beradigan bo‘lsa, Farg‘onada eng ko‘pi soliq to‘lovchining identifikatsion raqami (STIR) aniqlash, olish va o‘zgartirish – 118 ming, bolalarni davlat maktabgacha taʼlim muassasalariga qabul qilish – 34 ming, jismoniy shaxslarga, yaʼni elektron raqamli imzo sertifikatini berish – 44 ming, shuningdek, ko‘chmas mulk obʼektlariga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish – 21 mingtani tashkil etmoqda.

Markazlardan olis 20-50 kilometr uzoqlikda joylashgan hududlardagi qishloq aholisi uchun qulaylik yaratish maqsadida tashkil qilingan 4 ta Markaz filiallari tomonidan 1 ming 223 ta davlat xizmatlari ko‘rsatildi. 2020 yilda yana 6 ta shunday filiallar tashkil qilish rejalashtirilgan. Olis, qatnov qiyin, noqulay bo‘lgan qishloq va mahallalarda sayyor xizmatlar tashkil etildi.

Аmalga oshirilgan ishlarga qaramay, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida baʼzi qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilayotganligi aniqlanib, ular yuzasidan tegishli taʼsir choralari qo‘llanildi.

Davlat xizmatlari markazlari orqali davlat xizmatlarini o‘z vaqtida joriy etish choralarini ko‘rmaganligi uchun Аgentlik tomonidan Transport, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirliklari, Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligining bir qator masʼul xodimlari maʼmuriy javobgarlikka tortildi.

Xususan, 2020 yil davomida jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida jami 1 ming 247 ta qonun buzilish holatlari aniqlandi. Mazkur qonun buzilishlarning aksariyati yaʼni, 211 tasi kadastr, 68 tasi gaz taʼminoti, 425 tasi ichimlik va issiq suv taʼminoti, 70 tasi elektr taʼminoti idoralarining hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Аniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan vakolatli idoralarga 36 ta taqdimnoma, 109 ta ogohnoma kiritildi va 80 ta maʼmuriy jarima qo‘llanildi.

Bundan tashqari, davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayoni ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yuborilgan arizalarni ko‘rib chiqishda vakolatli organlar tomonidan qonun buzilishi holatiga yo‘l qo‘yilgan taqdirda fuqarolar mustaqil ravishda Аgentlikka xabar berish imkoniyati yaratilgan.

Shuningdek, Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali kelib tushgan arizalarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqmaslik yoki noqonuniy rad qilish holatlarini dxa.gov.uz elektron tizimda onlayn ravishda aks ettirish tartibi yaratildi.

Sodirjon Ibragimov,

 DXА Farg‘ona viloyat boshqarmasi

bo‘lim boshlig‘i

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50