Obuna bo`ling!
USD10173.38
EUR11411.48
RUB145.97
FHDYO va sog‘liqni saqlash muassasalarida ma’lumot almashish elektron tizimi qachon to‘liq yo‘lga qo‘yiladi?
Feb 13, 2020
143

Farg‘ona shahrida Davlat xizmatlari agentligi va FHDYO, sog‘liqni saqlash muassasalari o‘rtasida elektron ma’lumot almashish tizimidagi kamchilik va muammolarga bag‘ishlangan seminar tanqidiy ruhda o‘tdi.

Qonun fuqarolarning shaxsiy va mulkiy huquqlarini himoyalashni hamda davlat va jamiyat manfaatlarini hisobga olgan holda, fuqarolar hayotidagi muhim voqealar – tug‘ilish, nikoh tuzish, o‘lim va insonning muhim subyektiv huquqlari va majburiyatlarining yuzaga kelishi, o‘zgarishi va to‘xtatishiga sabab bo‘ladigan boshqa holatlarning vakolatli organlarda qayd etilishini belgilaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 iyundagi PQ-3785-son “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tuman (shahar) FHDYO bo‘limlari tomonidan aholiga tug‘ilish, nikoh, nikohdan ajralganlik va o‘limni qayd etish haqida dalolatnoma yozuvlarini rasmiylashirish faoliyati olib borilmoqda.

Fuqarolik holatini qayd etish fuqarolarning huquq va burchlari paydo bo‘lishiga sabab bo‘lib xizmat qiluvchi hujjat (gerbli guvohnoma) berish uchun asos bo‘ladi. Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etishning ahamiyati shundaki, unga asosan FHDYO organi tomonidan berilgan guvohnoma va unda ko‘rsatilgan faktning to‘g‘riligini tasdiqlovchi shaksiz dalil hisoblanadi.

Tug‘ilish va o‘limning o‘z vaqtida qayd etilishi, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi tibbiy ma’lumotnomaning, shuningdek perinatal o‘lim va o‘lim haqidagi tibbiy guvohnomaning to‘g‘ri va aniq to‘ldirilganligi uchun mas’uliyat O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash muassasalarida tuman va shahar sog‘liqni saqlash bo‘limlari rahbarlari zimmasiga yuklanadi.

– 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab tibbiyot muassasalari va FHDYO organlari o‘rtasida tug‘ilish va o‘lim haqida elektron ma’lumot almashish tizimi joriy etildi. Ushbu integratsiyalashuv jarayoni va tuman (shahar) FHDYO organlaridagi tug‘ilish va o‘lim haqida elektron ma’lumot almashish o‘rganib chiqildi, – deydi DXA FHDYO bo‘limlari faoliyatida huquqni qo‘llash va faoliyatini metodik ta’minlash bo‘limi boshlig‘i Shahnozaxon Imomova. – O‘rganish davomida tuman (shahar) tibbiyot muassasalari tomonidan “FHDYO yagona elektron arxivi” axborot tizimiga tug‘ilish va o‘lim haqidagi tibbiy ma’lumotlar Sog‘liqni saqlash vazirligining elektron tizimi orqali belgilangan muddatlarda yuborilmayotganligi aniqlandi. Buning natijasida FHDYO organlari tomonidan tug‘ilish va o‘lim haqidagi dalolatnoma yozuvlari qog‘oz shaklidagi ma’lumotnomalarga asosan rasmiylashtirilmoqda. Bu holat davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibining buzilishi hisoblanadi.

Bir narsani eslatib o‘tish lozim. Tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma bolaning tug‘ilganligini, uning ota-onasi kim ekanligini tasdiqlovchi yagona hujjatdir. O‘lim to‘g‘risidagi guvohnoma esa shaxsning o‘limini va uning huquqiy layoqati tugatilganligini tasdiqlovchi yagona hujjatdir.

Ushbu yildan boshlab tug‘ilish va o‘limning o‘z vaqtida qayd etilishi, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi tibbiy ma’lumotnomaning, shuningdek perinatal o‘lim va o‘lim haqidagi tibbiy guvohnomaning to‘g‘ri va aniq to‘ldirilganligi uchun mas’uliyat O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash muassasalarida tuman va shahar sog‘liqni saqlash bo‘limlari rahbarlari zimmasiga yuklandi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining hududlarda tibbiyot muassalarida elektron tizimni to‘liq yo‘lga qo‘yish hamda tug‘ruq, perinatal o‘lim va o‘lim haqidagi ma’lumotlarni o‘z vaqtida elektron tizimga kiritish borasida 2019 yilning 24 aprel kungi 192-sonli, 13 avgust kungi 408-sonli, 5 sentyabr kungi 441-sonli, 15 noyabr kungi 587-sonli topshiriq xati hududlarga chiqarilgan bo‘lsa-da, Furqat va Rishton tumanlari tibbiyot birlashmasi tomonidan tug‘ilganlik va o‘lim bo‘yicha integratsiya umuman yo‘lga qo‘yilmagan! Tumanlarda haligacha ma’lumotlar elektron tizimga kiritilmayapti. Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yilida bu holatni kechirib bo‘lmaydi.

Tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani olish uchun FHDYO bo‘limiga kelgan fuqaroning qo‘lidagi tibbiy ma’lumotnomada onaning tug‘ilgan sanasi yoki bolaning tug‘ilgan sanasi boshqa bo‘lsa-da, elektron kelgan tibbiy ma’lumotda boshqa sana ko‘rsatilganligi fuqarolarning tibbiyot muassasasi va FHDYO bo‘limi o‘rtasidagi sarsongarchiligiga olib kelmoqda! 2019 yil 20 noyabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “Tibbiyot muassasalarida tug‘ruq, perinatal o‘lim va o‘lim to‘g‘risidagi” ma’lumotlarni elektron tizimga kiritish natijalari” yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, hududiy sog‘liqni saqlash boshqarma boshliqlariga aniq ko‘rsatma va topshiriqlar belgilab berilganligiga qaramasdan, viloyatimiz hududlarida, ya’ni tuman (shahar) tibbiyot muassasalarida joriy yilning 12 fevral kuniga qadar ham o‘lim haqidagi tibbiy ma’lumotlarni bazaga kiritib borish yo‘lga qo‘yilmagan! Integratsiya yo‘lga qo‘yilgan shaharlarda esa ma’lumotlar xato kiritilmoqda!

Shuningdek, seminarda ta’kidlandiki, tug‘ilganlik va o‘limni (shu jumladan, perinatal o‘limni) elektron ro‘yxatga olish axborot tizimini to‘liq tatbiq etish maqsadida Sog‘liqni saqlash tizimidagi 426 nafar tibbiyot xodimlari o‘qitildi. Bu bo‘yicha viloyat tumanlar va shaharlar kesimida dislokatsiya shakllantirilib, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga axborot ham taqdim etilgan. Lekin amaliy natija hali-hanuz yuz ko‘rsatmayapti.

Sog‘liqni saqlash va FHDYO bo‘limi xodimlari bu harakatlari bilan qo‘pol ravishda qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘ymoqdalar. Bu bilan fuqarolarga qilinayotgan xizmatlar sifati tushishiga zamin yaratilmoqda.

Seminarda mas’ullar ogohlantirilib, kelgusida mazkur qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgan taqdirda ma’muriy javobgarlikka tortilishlari eslatildi. Shuningdek, davlat xizmatlari agentligi bilan hamkorlikda ishlashlari ta’kidlandi.

 

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50