Obuna bo`ling!
USD9411.30
EUR10421.13
RUB146.51
Xorijiy OTM diplomlarini nostrifikatsiya qilish haqidagi arizalarni Davlat xizmatlari markazlari qabul qiladi
Sep 10, 2019
58

Yuzlab yoshlarimiz xorijda ta’lim olib, intiqlik bilan kutgan va qo‘lga kiritgan hujjatlarini bir necha o‘n yillar davomida nostrifikatsiyalash, ya’ni ekvivalentligini qayd etishda qiynalishar yoki uddasidan chiqa olishmas edi.

Buning eng asosiy sabablaridan biri – bu jarayonda ko‘p vaqt sarf etilishi, ortiqcha hujjatbozlik, ovoragarchilikning benihoya ko‘pligi bo‘lsa, yana bir tomondan talabgorlarning nostrifikatsiyalash jarayonida ularga to‘siq bo‘layotgan korrupsion g‘ovlarning bartaraf etilmaganligi edi.

Sir emaski, ta’lim sohasidagi bu kabi muammolar yillar davomida bir havodan nafas olayotgan minglab aziz yurtdoshlarimizning “bosh og‘rig‘i”ga aylanib qolgandi.

Joriy yilning 16-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Ta’lim sifatini nazorat qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Bu muhim va uzoq kutilgan qarorga ko‘ra, joriy yil 1-martdan boshlab xorijiy davlatlarda berilgan ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiya qilish tartibi joriy etildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan «Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi xujjatlarni tan olish tartibi haqida NIZOM» tasdiqlandi.

Ushbu hujjatning eng muhim jihati shundaki, xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatni tan olish to‘g‘risidagi talabgorlarning arizalari faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinishi belgilab qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-aprel kungi PQ-3662-son Qaroriga asosan, 2018-yil 1-iyun kunidan eksperiment tariqasida Qo‘qon shahar Davlat xizmatlari markazi tomonidan xorijiy davlatlarda berilgan ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiya qilish davlat xizmati ko‘rsatila boshlandi.

Shu yilning 8 oyi davomida Farg‘ona viloyatining 19 tuman va shahar davlat xizmatlari markazlariga xorijiy davlatlarda o‘qiganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni nostrifikatsiyalash to‘g‘risida 1514 ta arizalar kelib tushgan. Shundan Farg‘ona, Qo‘qon, Quvasoy shaharlari va Quva, Rishton, So‘x tumanlarida bu ko‘rsatkich salmoqli qismni tashkil qilmoqda.

2008-yilda Qirg‘iz-o‘zbek universitetining pedagogika va boshlang‘ich ta’lim metodikasi fakultetini tamomlaganman, – deydi Oltiariq tumani Katput qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Marhabo Xolmatova. – Shu yilning avgust oyiga qadar qiyinchilik va ortiqcha hujjatbozlikning ko‘pligidan xorij diplom-hujjatimni nostrifikatsiya qilishning uddasidan chiqa olmaganman. Endilikda yaratilgan ulkan imkoniyatdan unumli foydalanib, Davlat xizmatlari markazi orqali xorijiy davlatda o‘qiganlik to‘g‘risidagi hujjatimni nostrifikatsiyalash to‘g‘risida ariza bilan murojaat qildim. To‘g‘risi, sodda va shaffof tizim orqali yumushlarim osongina hal bo‘ldi. Xorijiy davlatlarda ta’lim olganligim tan olindi.

Yozyovon tumani Xonobod ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqaro Ibodat G‘afurova ham 2007-yilda Qirg‘iz-o‘zbek universitetini tamomlagan. Rishton tumani Mehnatobod qishlog‘ida yashovchi Kamola Ahmedova esa 2011-yilda Batken davlat universitetining Qizilqiya gumanitar pedagogika institutini a’lo baholar bilan yakunladi. Biroq shu kunga qadar bu sobiq bitiruvchilar mazkur diplomlaridan foydalana olishmagan. Davlat xizmatlari markaziga kerakli hujjatlarni taqdim qilganlaridan so‘ng, I.G‘afurova hamda K.Ahmedovalarning xorijiy davlatda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjati tan olinib, nostirifikatsiya qilindi.

 

Davlat xizmatlari agentligi

Farg‘ona viloyati boshqarmasi

matbuot xizmati

 

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50