Obuna bo`ling!
USD10777.04
EUR12140.34
RUB142.21
Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlashda muhim qadam
Nov 1, 2021
102

So‘nggi yillarda mamlakatimizda sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, malakali kadrlarni tanlash, sudyalik kasbiga tayyorlash va tayinlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Ayniqsa, 2021-yil 20-sentabr kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun bu borada amalga oshirilayotgan ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Mazkur Qonunga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi Qonunga bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, Qonunning 6-moddasiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, Kengashga:

- sudyalar orasida korrupsiya holatlarining oldini olish va ularni barvaqt aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish;

- sud tizimida aniqlangan har bir korrupsiya holatini ko‘rib chiqish va prinsipial baholash;

- Kengashning hamda sud tizimining faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish vazifalari yuklatilmoqda.

Shuningdek, Qonunning 7-moddasiga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, Kengash sudyalarga nisbatan xizmat tekshiruvini o‘tkazish tartibini belgilaydi; sudyalar faoliyatini ochiq va shaffof elektron reyting dasturi asosida baholash mezonlarini aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘radi.

Bundan tashqari, Qonun bilan Kengash raisi va uning o‘rinbosari vakolatlariga ham o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan, Kengash raisi (9-modda) Kengash faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshirish va Kengash zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan mas’ul bo‘lish bilan birgalikda, sud hokimiyati mustaqilligini, sudyalar daxlsizligini ta’minlashga va odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan omillar haqida, shuningdek sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning holati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yil yakunlari bo‘yicha axborot taqdim etishi belgilandi.

Kengash raisi o‘rinbosari (11-modda):

- sudyalar daxlsizligini ta’minlash va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha sud inspeksiyasining faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi, uning faoliyati samaradorligini ta’minlash uchun javobgar bo‘ladi;

- axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga, shuningdek axborot xavfsizligini ta’minlashga doir ishlarni tashkil etadi.

Qonunning 18-moddasiga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, Kengash raisi sudyalarning daxlsizligini buzganlik va odil sudlovni amalga oshirishga aralashganlik holatlari yuzasidan prokuratura organlariga taqdimnoma kiritishi mumkin. Mazkur taqdimnoma 1 oy muddatda ko‘rib chiqiladi va Kengash jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligi to‘g‘risida yoki uni qo‘zg‘atish rad etilganligi haqida Bosh prokuratura tomonidan xabardor qilinadi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, yuqoridagi qo‘shimcha sudyalarning odil sudlov bilan bog‘liq faoliyatiga har qanday aralashuvning oldini olish maqsadida o‘rnatilgan maxsus tartib hisoblanadi.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi faoliyatidagi yuqorida qayd etilgan o‘zgarishlar sud hokimiyati mustaqilligining yanada kuchayishida, sudyalar daxlsizligining ta’minlanishi va tizimda korrupsiyaning oldini olinishida muhim ahamiyat kasb etadi

 

Sh.Do‘saliyev,
Farg‘ona harbiy sudining raisi.

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50