Obuna bo`ling!
USD9384.00
EUR10393.72
RUB140.14
Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘anievning tadbirkorlarga murojaati
Aug 12, 2019
172

Аssalomu alaykum, hurmatli tadbirkorlar!!!

Farg‘ona viloyatida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasini jadal rivojlantirish, aholining daromadlar manbaini kengaytirish hamda ularni tadbirkorlik sohasiga jalb qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Muhtaram Prezidentimizning “..Tadbirkor bu haqiqiy fidoiy inson. Shaxsan men bunday insonlarni, ikkitagina ish o‘rnini yaratgan tadbirkorni boshimga ko‘tarishga tayyorman. Tadbirkor boy bo‘lsa, davlat ham, xalq ham boy bo‘ladi, tadbirkor yo‘liga qarshi chiqish davlat siyosati, prezident siyosatiga qarshi chiqishdir” degan so‘zlari bugun har bir tadbirkorning yuragiga yetib bordi.

Bugun oddiy fuqaro tezroq tadbirkor bo‘lishga, tadbirkorlar esa o‘z faoliyatini yanada kengaytirish, o‘z sohasiga yangilik va innovatsiyalarni joriy qilishga harakat qilmoqda.

2019 yilning o‘tgan davri mobaynida viloyatda 5 mingga yaqin yangi kichik biznes subʼektlari tashkil qilinib, ularning umumiy soni 28,0 mingtaga yetdi.

Kichik biznes subʼektlarining viloyat yalpi hududiy mahsuloti tarkibidagi ulushi 70 foizni, sanoat mahsuloti hajmida 40 foizni, qishloq xo‘jaligi mahsulotida 97 foizni, kiritilgan investitsiyalarda 64,1 foizni tashkil qilmoqda. Viloyatda eksportning 80 foizi aynan kichik biznes subʼektlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tijorat banklari tomonidan 1 trln 368 mlrd.so‘m miqdorida kreditlar ajratilib, kreditlash hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,3 martaga ortdi.

“Har bir oila – tadbirkor” Davlat dasturi doirasida 29346 ta fuqarolar va tadbirkorlarga 455,6 mlrd.so‘m imtiyozli (8 foiz) kredit mablag‘lari ajratildi.

Bundan tashqari, viloyatda “Qo‘qon” EIZ va 15 ta kichik sanoat zonalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Shu kungacha “Qo‘qon” EIZ hududiga qiymati 180 mln. dollar bo‘lgan 94 ta loyihalar joylashtirildi. Loyihalarda 5880 ta yangi ish o‘rinlari yaratish belgilab olingan.

Mazkur loyihalarni ishga tushirilishi hisobiga yiliga 4,3 trln. so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi va 150,0 mln. dollar miqdoridagi qismi eksportga yo‘naltiriladi.

Viloyatning 11 ta shahar va tumanlarida 15 ta kichik sanoat zonalari tashkil etilgan bo‘lib, ularda 58 ta ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilmoqda. Hozirgacha umumiy qiymati 88,8 mlrd.so‘mlik 39 ta loyihalar foydalanishga topshirildi. Loyihalar doirasida 1120 ta ish o‘rinlari tashkil etildi.

Аyni paytda, viloyatning Rishton, Bog‘dod, Farg‘ona, Toshloq, Beshariq, Uchkuprik tumanlari va Qo‘qon shahrida kichik sanoat zonalarini tashkil qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Chet el investitsiyalarini jalb qilish uchun yaratilgan qulay investitsiya muhiti natijasida joriy yilning 1-yarim yilligida viloyat iqtisodiyotiga 203 mln. АQSh dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi, 68 ta yangi qo‘shma va xorijiy korxonalar tashkil etildi.

Ushbu korxonalar asosan qurilish, charm poyabzal, kimyo, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya, Turkiya, Tailand va Kirg‘iziston davlatlari kapitali ishtirokida tashkil etildi.

Bugungi kunda viloyatimizda jami 351 ta qo‘shma va xorijiy korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda.

2019 yilning birinchi yarim yilligi davomida investitsiya sohasini rivojlantirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Hamkorlik aloqalarini davom ettirish maqsadida Janubiy Koreya va Xitoy davlatlariga tashriflar uyushtirildi. Tashriflar davomida bir qancha istiqbolli investitsiya loyihalari bo‘yicha o‘zaro kelishuvlarga erishildi.

Hurmatli tadbirkorlar!

Viloyatimizda tadbirkorlik sohasini jadal rivojlantirish, Sizlarning faoliyatingizda yuzaga kelgan muammolarni o‘z vaqtida va tezkor hal etib borish maqsadida bundan buyon haftaning har shanba kuni viloyatda “Tadbirkorlar kuni” o‘tkazib boriladi, deyiladi viloyat hokimligi matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50