Obuna bo`ling!
USD10650.06
EUR12497.85
RUB146.08
Farg‘onaning ayrim MTMlarida maʼmuriy huquqbuzarlik holatlari aniqlandi
Oct 7, 2019
684

Farg‘ona viloyatidagi ayrim maktabgacha taʼlim muassasalarida ichki ishlar organlari tomonidan maʼmuriy huquqbuzarlik holatlari aniqlandi.

Toshloq tumani maʼmuriy sudiga Farg‘ona viloyati Qo‘riqlash boshqarmasi tomonidan O.Yuldasheva, D. Аhmadalieva va M.To‘raevaga O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik Kodeksining 61-moddasi 1-qismi bilan to‘plangan maʼmuriy ish materiallari mazmunan ko‘rib chiqish uchun kelib tushdi.

O.Yuldasheva Marg‘ilon shahar maktabgacha taʼlim bo‘limi tasarrufidagi 10-maktabgacha taʼlim muassasasida oshpaz, D.Аxmadalieva esa oshpaz yordamchisi vazifasida ishlashadi. Ular joriy yil 12 sentabr kuni tarbiyalanuvchi bolalar ovqatiga ishlatish uchun o‘zlariga ishonib topshirilgan 2 kilogramm xom go‘shtni muassasaga oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish bilan shug‘ullanib keluvchi А.Аzizovga ushbu mahsulotni kelgusida sotib yuborish maqsadida berib yuborgan. Mazkur holat viloyat qo‘riqlash boshqarmasi 9-alohida otryadi xodimlari tomonidan aniqlangan.

Bundan tashqari, M.To‘raeva 14-maktabgacha taʼlim muassasasida omborchi vazifasida ishlab kelib, 12 sentabr kuni tarbiyalanuvchi bolalar ovqatiga ishlatish uchun o‘ziga ishonib topshirilib, omborda saqlanayotgan 2 kilogramm 310 gramm xom go‘shtni ham sotib yuborish maqsadida muassasaga oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish bilan shug‘ullanib keluvchi А.Аzizovga bergan.

– Sudning qaroriga ko‘ra barcha huquqbuzarlarga nisbatan qonunda nazarda tutilgan miqdorda jarima jazolari tayinlanib, odil sudlov taʼminlandi, – deydi Toshloq tuman maʼmuriy sudi raisi А. Аkramov. – Masalaning o‘ziga xos tarafi shundaki, murg‘ak bolalar uchun davlat byudjeti hisobidan ajratilgan pul mablag‘lari evaziga sotib olinib, bolalarni oziqlantirish uchun muassasaning masʼul xodimlarga topshirilgan va ovqatlanish meʼyorlarida eng muhim ozuqa hisoblangan go‘sht mahsulotlarini ana shu xodimlar tomonidan o‘zlashtirilishi achinarli holat. Balki, bu achinarli holat yillar davomida sodir etib kelingandir. Faqatgina endi aniqlangandir.

M.Sulaymonov

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50