Obuna bo`ling!
USD9554.22
EUR10637.67
RUB121.10
O‘g‘li MXXda ishlagan namanganlik Ahmadjon Odilov haqida kitob nashr etildi
Dec 14, 2019
362

U haqda eshitishgan, bilishgan, biroq asl haqiqatni hamma ham anglayvermagan. Turli gap-so‘zlar, mish-mishlar, ovozalar tarqalgan. Uning nomidan ayrimlar vahimaga, g‘ulg‘ulaga tushgan. Kim o‘zi bu shaxs?

Nima uchun uning suronli yillari panjara ortida o‘tdi? Shu qadar ziddiyatli odam edimi? Qaysi jinoyatlari uchun yigirma uch yil qamoqda yotdi? Odilov shu qadar sirli shaxs bo‘lganmi yoxud buning ortida boshqa gaplar bormi?

«Yangi kitob» nashriyoti tomonidan chop etilgan «Odilovni otmoqchi edilar» kitobida yuqoridagi savollarga javob bor. To‘plamda aks etgan zamon taloto‘plari, davr evrilishlari, insoniy munosabatlar va qismatlar sizni befarq qoldirmaydi. Qamoqxonadagi azob-uqubatlar, kechinmalar, mahbuslar irodasini sindirish, ularni jisman yo‘q qilishga qaratilgan harakatlar bor bo‘yi bilan namoyon bo‘ladi.

Ochig‘ini aytganda, Ahmadjon Odilov haqida bugun ham ayrimlar salbiy fikrda. Uning qamalgani bejiz emas, deydi ular. Biroq kechagi kunga teran nazar tashlasak, «o‘zbeklar ishi», «paxta ishi» bo‘yicha ko‘plab shaxslarning hibsga olingani ham aybiga yarasha edimi? Qolaversa, Ahmadjon Odilov sud hukmisiz sakkiz yil qamoqda yotgan. Undan keyin... mustaqillik yillarida yana ozodlikdan mahrum etilgan.

Kitobda shunday so‘zlar bor:

«...Qarang, o‘ylab ko‘rsam butun bir yigit umriga teng shu davr ichida O‘zbekistonda ham, Rossiyada ham biz o‘tirmagan hibsxona qolmapti, hisob. Andijon, Toshkent, Qarshi, Zarafshon... U yoqda oting o‘chko‘r «Butirka», «Lifertova», «Krasnaya tishina»... Hamma joyda ham turli usullar bilan joningni egovlab, qoningga tashna qilishadi. Goh sen yotgan kameraga ashaddiy kallakesarlarni, goh «quloq»larni kiritishadi. Va goh cho‘ntagingga bildirmasdan taqiqlangan narsa tashlab qo‘yib, karserga tiqishadi. Ba’zida ko‘zingga tirjaygancha qarab oshkora jig‘ingga tegishadi. Bunday paytda bo‘ralatib so‘kardim. Boshqa nima qilish kerak? Yana karser... Yana o‘sha qiynoqlar...»

Darvoqe, Ahmadjon Odilovning o‘g‘li MXXda ishlagan. U otasining ikkinchi marta qamalishini bilgan, hatto sanasigacha xabardor bo‘lgan, biroq...

Kitob muallifi – namanganlik jurnalist va yozuvchi Ortiqali Nomozov. U Ahmadjon Odilov bilan bir necha marta bevosita uchrashgan. Darvoqe, O.Nomozov ham qamalib chiqqan. Bu haqda keyinroq...

«Odilovni otmoqchi edilar» kitobidan, shuningdek, «G‘aroyib nayrang», «Malomat toshi» qissalari ham o‘rin olgan.

Manba: xabar.uz

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50