Obuna bo`ling!
USD9411.30
EUR10421.13
RUB146.51
Marg‘ilonda o‘tadigan xalqaro festivalga tayyorgarlik ishlari avjida
Jul 4, 2019
170

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Buyuk ipak yo‘li» xalqaro folklor musiqa festivalini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan joriy yilning 11-13 iyul kunlari Marg‘ilon shahrida «Buyuk ipak yo‘li» xalqaro folklor musiqa festivali o‘tkaziladi.

Marg‘ilon azaldan ustoz-san’atkorlari, madaniyat va san’ati, sohir iste’dodlari bilan dunyoga mashhur: Tamaraxonim, Mukarrama Turg‘unboyeva, Ma’murjon Uzoqov, Yusufjon qiziq Shakarjonov... Bu san’atkorlarning muxlislari Evropa va Osiyo qit’asida ham ko‘plab topiladi. “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro folklor musiqa festivalining Marg‘ilonda o‘tkazilishini usta san’atkorlar ijodiga ehtirom namunasi, deyish mumkin. Bugungacha dunyoning 20 ga yaqin  davlati ijodiy jamoalari mazkur festivalda ishtirok etish niyatini bildirgani esa tadbirning nufuzi yuksakligidan dalolat beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Farg‘ona viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilayotgan mazkur festivalda bir qator xorijiy davlatlardan  san’at ustalari tashrif buyurishi ko‘zda tutilgan. Shu munosabat bilan Erkin Vohidov nomidagi istirohat bog‘ida matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbirni O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi raisi M.Obidov olib bordi. Viloyat hokimi o‘rinbosari F.Qosimov, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi xodimi B.Omonqulov va mas’ul mutasaddi tashkilotlar rahbarlari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.     

Anjumanda festival doirasida Marg‘ilon shahriga 30ga yaqin xorijiy davlatlardan tashrif buyuradigan mehmonlarni kutib olish hamda ularni ko‘hna shahar tarixi bilan yaqindan tanishtirish masalalari muhokama etildi. Jurnalistlarning festivalni xorijiy ommaviy axborot vositalarida yoritish, chet eldan tashrif buyuradigan sayyohlar haqidagi savollariga viloyat turizm masalalari boshqarmasi mutaxassisi javob qaytardi.

SHuningdek, festival doirasida ilk bor O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tomonidan volontyorlik xizmati tashkil etilgani, unga bir necha xorijiy tillarni biladigan, mamlakat, shahar tarixi haqidagi batafsil ma’lumotlarga ega yoshlar qabul qilingani aytildi.

Festival dasturi asosida Xitoy Xalq Respublikasi davlat televideniyesidan keladigan ijodiy guruh maxsus videofilm yaratish niyatida ekani, O‘zekistonda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan chet ellik jurnalistlarning barchasi festival tashkiliy qo‘mitasi huzuridagi matbuot markazi bilan uni yoritish masalalarini muhokama qilayotgani ta’kidlandi.

Festival g‘oliblariga (har bir nominatsiya bo‘yicha) 1 o‘rin 3 500 AQSH dollari, 2 o‘rin 2 500 AQSH dollari, 3 o‘rin 1 500 AQSH dollari miqdoridagi pul mukofotlari, tashkiliy qo‘mita tomonidan diplomlar, sovrinlar va festival ramzlari tushirilgan esdalik sovg‘alari topshiriladi.

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50