Obuna bo`ling!
USD9411.30
EUR10421.13
RUB146.51
Andijonda O‘zbekiston gerbi timsolidagi ekoaeroport quriladi
Jun 26, 2019
298

Andijon aeroporti qayta ta’mirlanib, o‘rnida jahon standarti talablariga har tomonlama javob beradigan O‘zbekiston gerbi timsolidagi ekoaeroport qurib bitkaziladi. Bu haqda “Daryo” xabar bermoqda.

25-iyun kuni viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Xitoyning Zhejiang Comminications Construction Group Co. Ltd kompaniyasi vakili Xu Ren Kiong va Italiyaning “Yevrokom” kompaniyasi raisi Valter Ferroni qabul qildi va ular tomonidan ilgari surilayotgan investitsion loyihalar bilan tanishdi.

Viloyat rahbari mehmonlarga mamlakatda so‘nggi yillarda investitsion loyihalarni rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar yaratilayotganligi, bundan unumli foydalanish har bir investorning o‘ziga bog‘liqligini, hokimlik tomonidan qanday yordam kerak bo‘lsa tayyor ekanligini bildirdi.

“Andijon aeroportini mahalliy mutaxassislar bilan birgalikda ko‘zdan kechirdik, — deydi Xu Ren Kiong. – To‘g‘risi qiziqishimiz yanada ortdi. Hozir viloyat rahbariga aytganimizdek ushbu aeroport o‘rnida yangi zamonaviy jahon standarti talablariga javob beradigan ekoaeroport barpo etiladi. Loyihaning e’tiborli jihatlaridan yana biri port terminali O‘zbekiston gerbi timsolida bo‘ladi. Qurilish ishlari joriy yilning avgust-sentabr oylarida boshlanib, kelgusi yilning oxiriga qadar yakunlanadi”.

“Kompaniya xalqaro miqyosidagi yirik loyihalarni moliyalashtirish bilan shug‘ullanadi, — deydi Valter Ferro. – Andijondagi bir qator loyihalarga qiziqish bildirayapmiz. Jumladan, Andijon city loyihasini amalga oshirishni moliyalashtirish taklifini berganmiz. Mutasaddilar ushbu tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlashiga ishonamiz”.

Uchrashuv yakunida ikki tomonlama anglashuv memorandumi imzolandi.

Shuningdek, Pokiston va Turkiyadan tashrif buyurgan investorlar bilan ham uchrashuv o‘tkazilib, muzokaralar olib borildi.

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50