Obuna bo`ling!
USD10315.62
EUR12210.60
RUB136.28
Gulnora Karimova 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi
Mar 19, 2020
224

Oliy sud axborot xizmatining xabar berishicha 18 mart kuni, jinoyat ishlari bo’yicha Toshkent shahar sudi sudlanuvchi Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o’zlashtirish va rastrata yo’li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topib, 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi.

Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo’yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015- yil 21-avgustdan boshlab hisoblash belgilandi.

Qolgan sudlanuvchilarga ham sodir etilgan jinoyatlarning og’irlilik va ijtimoiy xavflilik darajasi hamda ularning jinoyatlardagi ishtirokidan kelib chiqib, tegishli jazolar tayinlandi.

Avvalroq  Gulnora Karimova Prezident Shavkat Mirziyoevga xat bilan murojaat qilib, jinoiy ishlar bilan ta’qib qilish to’xtatilishi evaziga Shveytsariyada muzlatib qo’yilgan 686 million dollar miqdoridagi mablag’ga da’vodan voz kechishga tayyorligini bildirgan edi.

Eslatib o’tamiz, O’zbekiston Bosh prokuraturasi 2017-yil iyulida Gulnora Karimovaga 2015-yil avgustida besh yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlanganini ma’lum qilgan edi. O’sha vaqtda unga nisbatan boshqa jinoyat ishi bo’yicha tergov harakatlari davom etayotgan edi. Ikki jinoyat ishi bo’yicha davlat va fuqarolar manfaatlariga yetkazilgan zarar 3,7 trillion so’mga baholangan.

Gulnora Karimova 2019-yil martidan beri Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan umumiy tartibdagi 21-son koloniyada saqlanmoqda. Unga nisbatan yana bir necha jinoyat ishlari ochilgan, jumladan, u talon-toroj qilish va davlatga zarar yetkazishda ayblanmoqda. 2019-yil oxirida Bosh prokuratura Gulnora Karimovaning 1,3 milliard dollardan ortiq miqdordagi daromadlarini qaytarish masalasida AQSH, Shveytsariya, Frantsiya, Rossiya va Latviya bilan birgalikda ish olib borayotganini ma’lum qilgan edi, alohida mamlakatlarda ushbu mablag’lar bo’yicha ham jinoyat ishlari ochilgan

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50