Obuna bo`ling!
USD9411.30
EUR10421.13
RUB146.51
Farg‘onada jurnalistlar uchun bayram tadbiri tashkillandi
Jun 26, 2019
186

Farg‘ona shahridagi “Jasmin” tantanalar saroyida Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tadbir tashkil etildi. Unga viloyatdagi taniqli jurnalistlar, matbuot faxriylari, elektron va bosma nashrlar, teleradiokanallar vakillari, matbuot xizmati xodimlari taklif etildi.

Tadbir ochilish marosimida ta’kidlandiki,  milliy jurnalistikada ham qator yangilanishlar ro‘y berayotir. Materiallarda xolis tanqid ruhi kuchaygan. Tantanalar davomida farg‘onalik jurnalistlarning davlat mukofotlari bilan taqdirlangani, ularning xalqaro OAVlar bilan o‘zaro hamkorligi ravnaq topayotgani mamnuniyat bilan e’tirof etildi.

E’tiborli jihati, yaqinda viloyat hokimligi hamda Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida Farg‘onada Xalqaro Press-klub tashkillangan edi. Mazkur Press-klubga viloyat hokimligi tomonidan “Cobalt” avtomobili tantanali ravishda topshirildi. 

An’anaga ko‘ra, viloyat miqyosida  o‘tkazib kelinayotgan “Yilning eng faol jurnalisti” ko‘rik-tanlovi o‘tgan yillarda eng yaxshi ijodkorlarni aniqlash va ularni rag‘batlantirishda muhim o‘rin tutadi. Bu yil ham “Eng yaxshi televizion jurnalistik ish uchun”, “Eng yaxshi radiojurnalistik ish uchun”, “Bosma nashrlardagi eng yaxshi jurnalistik ish uchun”, “Internet jurnalistikasidagi eng yaxshi ish uchun” yo‘nalishlarida eng munosib nomzodlar saralab olindi.

Shuningdek, tanlov doirasida internet tarmog‘ida ovoz berish orqali aniqlangan eng yaxshi jurnalistlar va rag‘batlantiruvchi nominatsiyalar bo‘yicha sovrindorlar nomi ham e’lon qilindi. Barcha sovrindorlarga va rag‘batlantiruvchi o‘rin sohiblariga O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limining diplom va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi. Bundan tashqari, faxriy jurnalistlarga “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limining esdalik sovg‘alari ulashildi.

– Farg‘ona vodiysiga qilgan tashrifimiz, jurnalistlar davrasidagi muloqotlar bizga o‘zgacha ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi, – deydi tadbirda mehmon sifatida qatnashayotgan Surxondaryodagi  afg‘on-o‘zbek maktabi  talabasi Feruzulloh  Sirdosh. –  “Mening o‘quv markazim” ijodiy tanlovida  ishtirok etib, g‘olib bo‘ldim. Juda hayajondaman. Biz azaldan qadrdon xalqlarmiz. Davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar o‘zbek va afg‘on xalqi hayotida ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar yasamoqda. Bizning O‘zbekistonda tahsil olayotganimiz ana shu mustahkam do‘stlikning bir misolidir. Bu hamjihatlik doimo bardavom bo‘lishini istayman.

Elyorjon EHSONOV

 

 

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50