Obuna bo`ling!
USD9526.28
EUR10329.35
RUB148.82
“Ahmadboy ishi”. Sudda ular nima deyishdi? (video)
Feb 13, 2020
57

12-fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Quyi Chirchiq tuman sudi binosida sudlanuvchilar — Ahmadjon Tursunboyev va uning sheriklariga nisbatan jinoyat ishining tergov bilan yakunlangan qismini ko‘rib chiqish bo‘yicha to‘rtinchi ochiq sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.

Bu haqda “Daryo” xabar berdi.

Chinozlik Ahmadboy sud jarayonida ajratilgan qisqa tanaffus vaqtida OAV vakillarining o‘nlab savollariga javob berdi.

“Faoliyatimni 2006-yilda boshlaganman. Avvaliga faqat chorvachilik qilganman. Men qassobman. O‘zim mol olardim va fuqarolarga mol berardim. Shuning ustidan foydalanardim. To‘g‘ri, men o‘z ishimdan pushaymonman, afsusdaman. Xudoning o‘zi kechirsin. Mollarni foiz evaziga berganman. Masalan, bir fuqarodan 5 million so‘mlik molni 7 millionga olib, uni boshqasiga 8-9 million so‘mga o‘tkazganman. O‘zim ham pul aylantirib, pul chiqarganman. Lekin foizga o‘ynaganman. Shu o‘yinga kirganman. Kirganingizdan keyin chiqolmaysiz, bu qiyin narsa. Odamlar o‘tirib olib ‘Mana bunday qilsa bo‘ladi, unday qilsa bo‘ladi’, deb gapiraveradi. Fuqarolar ko‘payganidan keyin ularning pulini ferma va boshqa narsalarga qo‘yib, mablag‘larni aylantirganman va pullarini yana o‘zlariga taqsimlab bermoqchi bo‘lganman. Vaziyat esa mana bunday bo‘ldi”, — dedi Ahmadjon Tursunboyev.

Ahmadboy o‘z intervyusida o‘n yillik faoliyati mobaynida unga birov to‘sqinlik qilmagani, fuqarolardan shikoyat tushmaganini ta’kidlagan.

“Agar siz birovdan pul olib, vaqtida qaytarmasangiz, u ariza yozadi va yopadi. Men fuqarolar pulini to‘lab, joy-joyiga qo‘yib beryapman. Pul topib, ularga qanday qaytarish mening ishim. Maqsadim yomonlik bo‘lmagan, faqat ishlash edi. Fuqarolarni aldash niyatim bo‘lmagan. Mahallamdagilarga ziyonim tegmagan. Qo‘limdan kelganicha yo‘llar, qabristonlar obodligiga yordamlashdim. O‘n yillik faoliyatim davomida ustimdan hech kim shikoyat qilib, ariza yozmagan.

Menga yengil jazo berilsa, imkonim boricha, chorvachilikni qayta yo‘lga qo‘yardim. Fuqarolar pul olib kelsa, qaytib olmayman. O‘ylab ko‘ring, agar bu ishni qilsangiz, yana ertaga odam ko‘payadi, pul aylanadi va yana qamalasiz. Eng haloli, tinchgina chorvamni, dehqonchiligimni qilaman. Ishimdan qattiq pushaymonman. Avvalo, Xudodan kechirim so‘rayman. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevdan ham ming bor uzr so‘rayman”, — dedi Tursunboyev.

Sudlanuvchilar orasida bo‘lgan Ahmadboyning jiyani — Murodjon Tursunboyev muzokara so‘z navbatini olganda o‘sha yerda ishlaganidan pushaymonligini bildirdi. U, shuningdek, ayrim holatlardan norozi ekanini yashirmadi.

“Prokuror janoblari zararni solidar tartibda qoplashni aytdi. Hurmatli prokuror, kamida 100 milliard so‘m pulni hamkasblaringiz yo‘q qilib yuborgan. Buni xalqqa kim to‘laydi? Yana bu amakim bo‘yniga ilinib ketyapti. Men-ku, mayli, 5 yilda chiqib kelarman. Chunki aybsizligimni hamma biladi. Lekin kim to‘laydi? Shularni ham e’tiborga oling, o‘sha pullarni o‘g‘irlaganlar ham to‘lab yuborsin”, — deya muzokara so‘zini bildirdi u.

“Gazeta.uz”ning yozishicha, Murodjon so‘z boshlaganda sud qamog‘ida bo‘lgan Ahmadboy va boshqalar uni imo-ishoralar bilan to‘xtatishga harakat qilgan. Oxiri Ahmadboy sud zalida o‘tirganlarga eshitarli qilib, “jim” deya qat’iy ta’kidlagan. Shundan so‘ng Murodjon so‘zdan qolgan.

Eslatib o‘tamiz, 12-fevral kuni o‘qilgan sud hukmiga ko‘ra, Ahmadjon Tursunboyevga nisbatan 1 yil muddatga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilingan holda 14 yil 4 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Ahmadboy (Ahmadjon Tursunboyev) 2016-yil iyunida qo‘lga olingan edi. Qo‘lga olingan kuni uning va yaqin qarindoshlarining uy-joylari va ularga tegishli korxonalarda 13,1 milliard so‘m va 7,9 million dollar miqdoridagi mablag‘ borligi aniqlanib, bu pullar daliliy ashyo sifatida olingani malum qilingan.

 

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50