Obuna bo`ling!
USD10650.06
EUR12497.85
RUB146.08
Jahon chempioniga yangi xonadon sovgʼa qilindi
Oct 6, 2019
778

Boks boʼyicha jahon chempioni Mirazizbek Mirzaxalilovga viloyat hokimligi tomonidan Fargʼona shahar markazidan yangi xonadon sovgʼa qilindi.

Mamlakatimizda sport sohasini rivojlantirishga qaratilgan keng koʼlamli ishlar va yaratilayotgan sharoitlar tufayli sportchilarimiz tomonidan ulkan yutuqlar qoʼlga kiritilmoqda. Xususan, joriy yilning 6-22 sentyabrь kunlari Rossiya Federatsiyasining Yekaterinburg shahrida dunyoning 80 ga yaqin mamlakatlari oʼrtasida boks boʼyicha boʼlib oʼtgan jahon chempionatida milliy terma jamoamiz birinchi oʼrinni qoʼlga kiritgani muhim voqea boʼldi.

Oʼzbekiston terma jamoasi safidan Fargʼona viloyatining Quva tumanida tavallud topgan Mirazizbek Mirzaxalilovning ham joy olgani bugun barcha fargʼonaliklarni behad quvontirdi. Chempionatning 57 kilogramm vazn toifasida ringga koʼtarilgan Mirazizbek Mirzaxalilov final uchrashuvida uch karra jahon chempioni va Olimpiada oʼyinlari sovrindori kubalik raqibini magʼlub etib, jahon chempioniga aylandi. Davlatimiz rahbarining joriy yil 27 sentyabrdagi farmoni bilan Mirazizbek Mirzaxalilov ham “Oʼzbekiston iftixori” unvoni bilan taqdirlandi.

Jahon chempioniga Fargʼona viloyati hokimligi tomonidan yangi bunyod etilgan koʼp qavatli uydan barcha sharoitlarga ega xonadonning kaliti topshirildi. 

 

–Xalqning olqishida, Prezidentimizning eʼtirofida boʼlish juda katta baxt ekan, – deydi M. Mirzaxalilov. – Yangi xonadon berilishini hech kutmagandim. Yangi uyda zamonaviy mebel jihozlaridan boshlab, telivizor, xolodilьnik, qoʼyingki, hamma narsa bor. Аlbatta biz sportchilarga bildirilayotgan ishonch hamda koʼrsatilayotgan eʼtibor yanada kuch-quvvat bagʼishlaydi. Niyatimiz – Oʼzbekiston bayrogʼini jahon arenalarida doimo baland koʼtarishdir.

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50