Obuna bo`ling!
USD10650.06
EUR12497.85
RUB146.08
O‘zbekiston xalqaro maydonda o‘z nufuzini yuksaltirish yo‘lidan bormoqda
Aug 31, 2021
73

“Prezident Sh.Mirziyoev tomonidan amalga oshirilayotgan misli ko‘rilmagan islohotlar nafaqat mamlakatda, balki mintaqada ham siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy jihatlardan yangi muhit yaratmoqda” (Bertelsmann Stiftung (Bertelsmann Stiftung) tashkiloti Transformatsiya indeksining 2020 yil uchun hisobotidan)

Bosib o‘tilgan yo‘l va tajribani xolisona baholash, mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar va kamchiliklarni tahlil qilish, hamda aholining keng qatlamlari, jamoatchilik va ishbilarmon doiralar vakillari, davlat organlari rahbarlari va mutaxassislari bilan amaliy suhbat hamda muhokamalarda berilgan takliflar, amaldagi qonun hujjatlari, milliy va xalqaro tashkilotlarining axborot-tahliliy materiallari, ma’ruzalari, tavsiyalari va sharhlari o‘rganish, shuningdek rivojlangan mamlakatlar tajribasini tahlil qilish natijasida, axborot maydonlari orqali kelib tushgan takliflarni umumlashtirish asosida O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ishlab chiqildi.

Hujjatda ko‘plab sohalar qatori mamlakatni xalqaro maydonda o‘z nufuzini mustahkamlash va Xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yuksaltirish va xalqaro arenada O‘zbekiston Respublikasining ijobiy imidjini yaxshilash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilib, o‘tgan davr mobaynida salmoqli ishlar tashkil etildi.

Jumladan, Harakatlar strategiyasining beshinchi “Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish” ustuvor yo‘nalishida O‘zbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish, mamlakatimizning xalqaro nufuzini mustahkamlashga oid vazifalar o‘z ifodasini topgan.

Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun dastlab sohaning huquqiy asoslari ishlab chiqildi.

Xususan, 2019-yil 7-martda Iqtisodiy va siyosiy-huquqiy xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yaxshilash, bu borada mutasaddi vazirlik va idoralarning faoliyatini samarali muvofiqlashtirish, xalqaro maydonda mamlakatimiz mavqeyini yanada yuksaltirish, xorijiy reyting agentliklari bilan hamkorlikni tizimli ravishda amalga oshirish, mas’ul davlat organlari rahbarlariga yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishida ularning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yaxshilashga oid chora-tadbirlarni tizimlashtirish to‘g‘risida”gi PF-5687-sonli Farmoni imzolandi. Unga ko‘ra Ustuvor xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashni muvofiqlashtirish bo‘yicha komissiya hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tuzilmasida Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boshqarmasi tuzildi.

Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-iyunda “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish to‘g‘risida” PF-6003-sonli Farmoni qabul qilindi. Unda inson huquqlari himoyasini kafolatlash, aholi turmush darajasini oshirish, iqtisodiy faoliyatda erkinlikni ta’minlash, sud-huquq sohasidagi moddiy va protsessual normalarni takomillashtirishga qaratilgan islohotlar mamlakatimizning xalqaro reyting va indekslardagi ko‘rsatkichlari oshishiga sabab bo‘layotganligi va so‘nggi to‘rt yil mobaynida mamlakatimiz Meros jamg‘armasining «Iqtisodiy erkinlik» indeksida 52 pog‘onaga, Jahon bankining «Logistika samaradorligi» indeksida 19 pog‘onaga, «Biznes yuritish» indeksida 18 pog‘onaga ko‘tarilganligi qayd qilingan.

Farmonga asosan Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi tashkil etildi.

Muhim o‘zgarishlardan biri Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash tizimining komissiyasi endilikda Respublika kengashi Parlament nazorati ostida bo‘ladi. Senat raisi Kengashga rahbarlik qiladi. Bundan tashqari, Kengash ishchi organlari sifatida Moliya vazirligi va Adliya vazirligi belgilangan. Ular mos ravishda ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy reytinglar bo‘yicha ish olib borishadi.

Yuqorida qayd etilgan Prezident farmonlar bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bir nechta qarorlari ham tasdiqlandi. 2018-yil 13-iyuldagi PQ-3852-son «Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining «Biznes yuritish» yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi, 2019 yil 5 fevraldagi «Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining «Biznes yuritish» yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-4160-son va 2019-yil 25-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglar va indekslardagi o‘rnini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4210-son qarori shular jumlasidandir.

Yuqoridagi kabi hujjatlar ijrosi natijasida O‘zbekistonning xalqaro reytingi va nufuzi bir muncha yaxshilandi.

Xususan soliq va bojxona sohalaridagi, bank, valyuta va sud-huquq tizimlaridagi islohotlar, raqamli iqtisodiyot, xususiylashtirish va iqtisodiyotni liberallashtirish, va korrupsiyaga qarshi kurashish, inson huquqlarini himoya qilish va majburiy mehnatga barham berish, bolalar huquqlarini ta’minlash va bolalar mehnatiga barham berish, so‘z va OAV erkinligini hamda diniy erkinlikni ta’minlash borasidagi ijobiy o‘zgarishlar xalqaro tashkilotlar va mutaxassislar tomonidan ham ko‘p e’tirof etilmoqda.

O‘zbekistonda o‘ndan ortiq xalqaro reyting va indekslar bo‘yicha turli darajadagi dasturlar ishlab chiqilib, maqsadli yo‘nalish sifatida amalga oshirilmoqda. Dastlabki natijalar shuni ko‘rsatmoqdaki, masalan, “Biznes yuritish” reytingida O‘zbekiston 190 mamlakat orasida 2012-yildagi 166-o‘rindan 2018-yilda 74-o‘ringa, 20 ko‘tarilib, eng qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish ko‘rsatkichi bo‘yicha islohotchi mamlakatlarning birinchi o‘nligidan joy oldi. O‘zbekiston 2022-yilgacha Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” hisobotidagi jahon mamlakatlarining birinchi yigirmaligi darajasiga mos keladigan eng qulay shart-sharoitlarni yaratishga harakat qilmoqda. Bu maqsad O‘zbekiston Prezidentining 2018-yil 13-iyuldagi “Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida o‘z ifodasini topgan.

Olib borilgan ishlar natijasida natija yanada yaxshilanib bormoqda. “Biznes yuritish-2020” hisobotida esa O‘zbekiston 69-o‘rinni egallab, islohotlar miqyosi va samaradorligi bo‘yicha dunyoning eng yaxshi 20 ta islohotchi davlati qatoridan joy oldi.

O‘zbekistonning xalqaro maydondagi siyosiy mavqeyi ham tobora mustahkamlanib, o‘z so‘zi va o‘rniga ega bo‘lmoqda.

Xususan, davlatimiz rahbari 2017-yili BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida jahon hamjamiyatini mamlakatimizning zamonaviy rivojlanish tendensiyalari bilan tanishtirish barobarida, ko‘plab muhim tashabbuslarni ilgari surdi. O‘tgan yili ularning ikkitasi amalga oshirildi. Ya’ni, BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” (2018-yil 22-iyun) va “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” (2018-yil 12-dekabr) to‘g‘risidagi rezolyusiyalari qabul qilindi. Umuman olganda esa, 2018-yilda O‘zbekistonning 10 ta muhim xalqaro tashabbusi to‘liq ro‘yobga chiqdi.

Shuningdek keyingi yillarda O‘zbekistonda ko‘plab xalqaro nufuzli tadbirlar tashkil etilayotgani ham yuqoridagilarning isbotidir.

Jumladan joriy yilning 15-16 iyul kunlari Toshkentda “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya tashkil etildi. Toshkent shahrida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyaga 600 nafardan ortiq nufuzli mehmonlar va 80 dan ziyod nufuzli xorijiy OAVlari vakillari bevosita ishtirok etishdi. Konferensiyada Markaziy, Janubiy va Sharqiy Osiyo mamlakatlari, arab davlatlari, Turkiya, AQSh, Rossiya va Yevroittifoq rasmiylari hamda qator xalqaro tuzilmalar mulozimlari ishtirok etdi. Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani, Pokiston bosh vaziri Imron Xon va Yevrokomissiya vitse-prezidenti Jozep Borrel shular jumlasidan.

Shu o‘rinda “mamlakatni xalqaro nufuzini oshirish, ijobiy imijini va xalqaro reytingini yaxshilash nima beradi” degan savol tug‘iladi.

Aytish mumkinki mamlakatni xalqaro nufuzi, imijini va xalqaro reytinglardagi ko‘rsatgichlari avvalo xorijiy investitsiyalar va turistlar oqimiga, shuningdek mamlakatda inson resursini rivojlanishiga hamda xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan hamkorlik va o‘zaro ishonchga juda katta ta’sir ko‘rsatadi.

Davlatimi rahbarining «Yangi O‘zbekiston» gazetasiga bergan intervyusida ta’kidlanganidek o‘tgan tarixan qisqa davrda yurtimizning Markaziy Osiyo mintaqasi va jahon miqyosidagi siyosiy o‘rni va nufuzi keskin oshdi. Dunyoda Yangi O‘zbekistonga nisbatan ishonch ruhi va mamlakatimiz bilan hamkorlikka intilish tamoyillari kuchaydi.

Qahramon Uzakov,

Davlat boshqaruvi akademiyasi

Farg‘ona filiali o‘qituvchisi

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50