Obuna bo`ling!
USD10414.86
EUR12344.73
RUB136.69
Ikki xalqning buyuk farzandi
Aug 14, 2020
135

Futbolda afsonalar bisyor. Afsonaga aylanish uchun esa juda ko‘p mehnat va mashaqqatlar talab etiladi. Pele, Maradona, Zidan, Yashin, Aleks Fergyuson, Mirjalol Qosimov kabi yetuk futbolchilar, o‘z yurtining qahramonlari "Millionlar o‘yini" afsonalariga aylangan. Mazkur qahramonlar safiga o‘zbek futboli afsonasi Yuriy Sarkisyanni ham kiritish joiz.

Yuriy Vazgenovich Sarkisyan 1947-yil 30 may kuni Armanistonnig Yerevan shahrida tug‘ilgan. 8 yoshida futbol olamiga qadam qo‘ygan, shu bois futbol uning hayotining bir qismiga aylangan. Futbolchilik faoliyatini 1968-yilda O‘zbekistonda boshlagan. Dastlab, 2 yil Olmaliqning "Metallurg" jamoasida, 1970-1975-yillarda Termizning "Avtomobilist" jamosida faoliyat olib borgan. U yerda futbol o‘ynash bilan birga, Termiz shahridagi universitetda taʼlim olgan. Ushbu 2 jamoadagi ajoyib o‘yinlari orqali hujumchi 1975-yilda Farg‘onaning "Neftyanik" (hozirgi kunda "Neftchi") jamoasiga ko‘chib o‘tadi. 7 yil viloyat bosh jamoasi sharafini himoya qiladi va faoliyatini 1982-yili "Neftyanik" safida yakunlaydi. Hujumchi faoliyati davomida 241 marta raqib darvozabonlarini ranjitishga muvaffaq bo‘lgan. Futbolchilik davrida "pichoqqa ilinarli" yutuqlarni qo‘lga kiritmagan.

Yuriy Vazgenovichning "yulduzli onlari" uning murabbiylik davriga to‘g‘ri keladi. "Butsasini mixga ilgan" Yura bir yil "Neftchi"da Yevgeniy Borisovichga yordam bergach, Moskvaga borib, ikki yil murabbiylar oliy mahorat maktabida tahsil olib qaytadi. 1986-yil noyabr oyida "Neftchi" bosh murabbiyi etib tayinlanadi. Bu davrgacha "Neftchi"da 25 yil ichida 18 nafar murabbiy ishlab ketgan edi. Sarkisyan jamoani qabul qilib olgach, jamoa ketma-ket to‘rt mavsum o‘z mintaqasida birinchi o‘rinni egalladi. Birinchi ligaga chiqqanidan so‘ng ittifoqning 22 ta klublari orasida 7-o‘rinni egallab, o‘ziga xos shov-shuvga sabab bo‘ladi.

1992-yil O‘zbekiston milliy chempionatiga asos solingach, "Neftchi"ning g‘alabali yurishlari davom etadi. 1992-1995-yilgi mavsumlarda ketma-ket 4 marta chempionlikni nishonlaydi. Bu g‘alabalardan keyin Toshkentda "Bu chempionat Sarkisyan uchun tashkil qilinganmi?" degan gaplar tarqalgan edi. Bu ham Yuraning buyuk isteʼdodidan dalolatdir. Shundan keyin jamoa 2001-yilgacha faqat vitse-chempionlik bilan cheklanadi. Va nihoyat, 2001-yil chempionlikni yana qaytarib oladi. Bu "Neftchi"ning milliy chempionat doirasidagi so‘nggi chempionligi bo‘lib turibdi. Keyingi yillar davomida ham Yura boshqarayotgan "Neftchi" chempionlik uchun kurashdi. Biroq biroz omad yetishmadi. Bir necha mavsum omadsizlikdan keyin, 2013-yil 15 may kuni Yuriy Vazgenovich Sarkisyan Farg‘ona klubi muassislari tomonidan isteʼfoga chiqariladi. Yarim yil ishsiz yurgan qahramonimizga "Bunyodkor" jamoasidan taklif tushadi va ushbu jamoa murabbiylar shtabida faoliyat boshlaydi.

Yuriy Sarkisyan bir vaqtda ham klubni ham milliy terma jamoani boshqargan murabbiy hisoblanadi. U 1997-yil O‘zbekiston milliy terma jamoasida katta murabbiy, 2000-yil esa bosh murabbiy sifatida ish olib borgan. Lekin terma jamoadagi faoliyati omadsizroq kechadi.

Yuriy Vazgenovichning murabbiylik karerasi futbolchilikka qaraganda ancha sermahsul kechadi. Bu murabbiy "Neftchi" jamoasi bilan 5 marta oltin (1992-1994, 2001), 9 marta kumush (1996-2000, 2002-2004, 2006) va 1 marta bronza (2008) medallarini qo‘lga kiritgan, 2 marta O‘zbekiston kubogida (1994, 1996) zafar quchgan. Bundan tashqari, "Neftchi" Sarkisyan boshchiligida 1994-yil MDH chempionlar kubogida 2-o‘rin, 1995-yil Osiyo chempionlar kubogida 3-o‘rinni band qiladi.

Yuriy Sarkisyanning shaxsiy titullari ham yetarlicha. 1990-yilda "O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy", keyinchlik, "Do‘stlik" va "Mehnat shuhrati" ordeni bilan taqdirlangan. Bu ham hali hammasi emas. Sarkisyan O‘zbekistonda 5 marta "Yilning eng yaxshi murabbiyi" deya eʼtirof etilgan.

Sarkisyan millati arman bo‘lishiga qaramasdan, o‘zbek futboli rivoji uchun salmoqli ishlarni amalga oshirgan. U 1992-yil Farg‘onada birinchi futbol internatini ochgan shaxs hisoblanadi.

O‘zbek xalqi ana shunday qahramonlarni hech qachon unutmaydi va hamisha ardoqlaydi. Ikki millatning buyuk afsonasiga keyingi faoliyatlari davomida xalqimiz nomidan omad tilaymiz va tashakkur izhor etamiz!

 

Muhammadshukur

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50