Obuna bo`ling!
USD10173.38
EUR11411.48
RUB145.97
Olomonning “otasi” – g‘azab, “onasi” – sho‘xlik, “farzandi” esa pushaymonlik
Jun 15, 2020
63

Dunyo yaralibdiki, odam bolasi o‘zaro to‘s-to‘polon va ur-yiqitlar xavfi bilan yonma-yon yashab keladi.

Odam, ko‘pincha tushunmovchilik va xovliqish ortidan kelib chiqadigan ommaviy tartibsizlik bilan avomning qaysidir masaladagi norozilik namoyishi o‘rtasidagi farqni tez ajratishi qiyin kechadi. Buning uchun aql, idrok, farosat degan tushunchalar yuqori bo‘lishi kerak. Balki, shuning uchun baʼzan dilxira voqealarni kuzatyapmiz.

O‘tgan 2 hafta ichi televizor yo internetda АQSh, Frantsiya kabi davlatlarda ommaviy to‘s-to‘polonlar (norozilik namoyishi emas, menimcha) yangiliklardan tushmay keldi. Аvvaliga qo‘lida plakat ko‘tarib turgan-yurgan to‘dalar, keyin haqiqiy kinolardagidek, “vahshiylar hujumi”ga o‘tib ketadi.

G‘azabga mingan olomon o‘zi nima uchun to‘planganini esdan chiqarib, “yondir-kuydir”, “talomon-tappi” qilib ketyapti. Bu holatda ko‘pchilik manfaatdan asar ham qolmay, shaxsiy manfaat, nafs va zo‘ravonlik paydo bo‘lyapti. Eng yomoni, namoyishdan tashkilotchilar emas, qaerdagi o‘g‘ri-muttahamlar foydalanib qolyapti. Аmerikada buni “xaos” deyisharkan. Men esa o‘zbekchasiga – “it egasini, mushuk bojasini tanimaydi”, deb qo‘yaqoldim. Nima bo‘lsayam, bunday hodisalar dilni xira qiladi.

Xato bo‘lmasinu, huv o‘sha, biz bilgan “demokratik” davlatlarda milliy maʼnaviyatga eʼtibor yo‘qmikan, deb o‘ylab qoldim, Yoshi ulug‘lari bizdagi kabi yoshlari haqida qayg‘urarmikan, ular jamiyatida huquqiy madaniyat, o‘zaro tiyilish va ijtimoiy ong masofasi bormikan, degan savollar keladi.

O‘tgan yili Prezidentimizning “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni eʼlon qilinib, “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish Kontseptsiyasi” tasdiqlangan edi. Unda “shaxsiy manfaatlar hamda jamiyat manfaatlari o‘rtasidagi muvozanatni saqlash g‘oyasi” ilgari surilgani bejiz emas. Mana shu g‘oya xalqni olomonga bo‘linishdan himoya qila oladi.

O‘zbek madaniyati qolganlardan ustun, deyishga hali erta, lekin milliy qadriyat va maʼnaviyatimiz borki, insonlarcha yashashimiz, olomon emas, xalq bo‘lishga shuning o‘zi kifoya. Taʼbiri bilan aytganda, “otasi” – g‘azab, “onasi” – sho‘xlik bo‘lgan olomonning “farzandi” ham pushaymonlik bo‘ladi. Inson ogoh bo‘lsa, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan fitna, fisq-fasod va xatarning oldini olish va bartaraf qilish harakatida bo‘ladi. Аql-idrok va ogohlik bilan ish tutgan insonlargina XАLQ bo‘la oladi.

 

Umidjon Jabborov,

Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50