Obuna bo`ling!
USD10642.43
EUR12662.36
RUB145.69
“Mahalla” XJF: Ishlar sarhisob qilindi, vazifalar belgilandi
Jan 13, 2021
249

Mahalla fuqarolar yig‘iniga bo‘lgan eʼtibor va g‘amxo‘rlik ko‘lami kengaydi, huquq va manfaatlari oshdi. Bugun mahalla tom maʼnodagi aholining kundalik hayot tarzining har jabhasida faol bo‘lgan ishonchli tuzilmaga aylandi.

 “Mahalla” xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyat bo‘lim boshqaruvida 2020 yildagi faoliyati yakunlari to‘g‘risida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi raisining o‘rinbosari S.А.Karimov ishtirok etdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda PQ-4602-sonli Qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan xayriya yordamlari, qo‘shimcha tushgan mablag‘lar va taqsimot rejasi, ijro intizomi, Prezident virtual va Xalq qabulxonalaridan kelib tushgan murojaatlarning amaliy ijrosi borasidagi ishlar tahlil etildi.

Respublika boshqaruvi raisining o‘rinbosari S.А.Karimov aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularni o‘rganish borasida bo‘linmalar tomonidan loqaydlik bilan qaramaslik, vijdonan va maʼsuliyat bilan yondashish zarurligi to‘g‘risida gapirib o‘tdi.

Koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va boshka global xavf-xatarlar davrida xalqimizning tarixiy va maʼnaviy qadriyatlarini, mehr-saxovat, oqibat va himmat kabi yuksak fazilatlarini inobatga olgan holda aholini samarali ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maksadida fond qoshida tashkil etilgan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tomonidan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalariga, ko‘p farzandli oilalarga, nogironligi bo‘lgan shaxslarga va yolg‘iz qariyalarga, o‘z daromadini yo‘qotgan vaqtincha ishsiz bo‘lgan jismoniy shaxslarga pul mablag‘lari, kundalik isteʼmol tovarlari, dori vositalari va boshqa turdagi mahsulotlar bilan xayriya moddiy yordamlari ko‘rsatilganligi taʼkidlab o‘tildi. “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobiga kelib tushgan mablag‘larni maqsadli hamda Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlarining tegishli tartibdagi qarorlariga asosan sarflanishini nazoratga olish yuzasidan zaruriy ko‘rsatmalar berildi.

Hisobot yig‘ilishida Fondning tuman (shahar) bo‘linmalari pul mablag‘lari to‘g‘ri sarflanishi va mol-mulkidan maqsadli foydalanishi yuzasidan monitoring ishlarini tashkil etish va ularga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tadbirlar rejasi ishlab chiqish yuzasidan zaruriy ko‘rsatmalar berildi.

Prezidentimizning 2018 yil 7 fevraldagi “Ichki turizmni jadal rivojlantirishni taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan amalga oshiriladigan vazifalar, tizimda amalga oshirilayotgan tadbirlarni ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda yoritib borish borasida ish ko‘lamlari eʼtiborga olindi. Turizmga ixtisoslashgan mahallalar imkoniyatidan kelib chiqib, “Mahalla Tur” uy muzeyini tashkil etish bo‘yicha taklif loyihasini ishlab chiqish va viloyat boshqaruviga taqdim etish, “O‘zbekistan bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostida tumandagi turizm salohiyatiga ega bo‘lgan mahallalarda turlar va ekskursiyalarni tashkil etish ishlariga eʼtibor qaratish muhimligi aytildi.

Mahallalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sog‘lomlashtirish, kam taʼminlangan oilalarni tadbirkorlik va tomorqadan daromad olishga o‘rgatish, ish bilan taʼminlash, aniq manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatish, fondning shahar, tuman bo‘linmalari faoliyatini baholash yuzasidan reyting tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar kiritish bo‘yicha kerakli vazifalar berildi. Yig‘ilish davomida shahar va tuman bo‘linmalari mutasaddilari fikrlar almashib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga yetarlicha javoblar olishdi.

 

“Mahalla” xayriya jamoat fondi matbuot xizmati

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50