Obuna bo`ling!
USD10173.38
EUR11411.48
RUB145.97
Ma’naviyatchilarga “Cpark” va 25 million so‘m
Oct 21, 2019
418

Qutlug‘ sana – 21 oktyabr kuni Farg‘ona shahridagi Alisher Navoiy nomidagi xiyobon viloyat faollari, ma’naviy-ma’rifiy soha jonkuyarlari, mehnat faxriylari, ijodkor-ziyolilar, talaba-yoshlar bilan gavjum bo‘ldi.

“Til bor ekan – millat barhayot” nomli bayram tantanasi debochasida viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev boshchiligida buyuk mutafakkir Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi.

Erkin Vohidov nomidagi viloyat ijod maktabining iste’dodli o‘quvchilari tomonidan mushoira tashkillandi. Bayram tadbirining asosiy qismi viloyat Teatr-konsert saroyida bo‘lib o‘tdi. Dastlab tadbir ishtirokchilari bayramga tayyorgarlik jarayonlari, ko‘p millatli xalqimizning o‘zbek tiliga hurmat va e’tiborini aks ettirgan lavhalarni videoko‘rgazmalar orqali tomosha qildilar.

Shundan so‘ng viloyat rahbari kirish so‘zida ona tilimizning mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida tutgan o‘rni, O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida tilimizning jamiyatdagi nufuzini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, davlatimiz rahbarining qaroriga muvofiq Marg‘ilonda Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabining tashkil etilishi ona tilimizning tarixiy ildizlarini chuqur o‘rganishga zamin yaratganini e’tirof etdi va yig‘ilganlarni ona tilimizga ehtirom bayrami bilan tabrikladi.

So‘ng viloyatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shayotgan bir guruh jamoatchilik kengashi vakillariga ikki million so‘mdan pul mukofotlari tantanali taqdim etildi. Taniqli shoira, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Zuhra Aliyevaga 25 million so‘m pul mukofoti, Qo‘qon shahar tarixi va madaniyati Davlat muzeyi direktori Manzuraxon Mansurovaga “Spark” rusumli avtomashina kaliti tantanali topshirilishi Farg‘onada ma’naviy-ma’rifiy soha xodimlariga e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaldagi ifodasi bo‘ldi.

Bayram kechasida farg‘onalik taniqli shoirlar yangi ijod namunalaridan o‘qishdi. Viloyatimiz san’at ustalari tomonidan teatrlashtirilgan konsert dasturi namoyish etildi. Kechaga tashrif buyurgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, dublyaj ustasi Behzod Muhammadkarimov Zahiriddin Muhammad Bobur obrazini sahnada ijro etib, tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.

Bayram tantanalarining ilmiy-amaliy qismi Farg‘ona davlat universitetida davom etdi. “Filologiyaning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda Qirg‘iziston, Tojikiston respublikalarining O‘sh va Xo‘jand universitetlari, Farg‘ona shahridagi Koreya Xalqaro universiteti filiali professor o‘qituvchilari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi. Anjumanda o‘zbek tilimizning qardosh xalqlari tillari bilan o‘xshash xususiyatlari, tarixiy ildizi, zullisonayn ijodkorlar haqida so‘z yuritildi. O‘zbek tilining ilmiy-nazariy asoslari keng tahlil etildi.

Ilmiy-amaliy anjumanda tilshunoslik, adabiyotshunoslik, o‘qitishning dolzarb masalalari yo‘nalishlarida sho‘‘ba yig‘ilishlari o‘tkazildi.

–Bugungi anjuman ikki millat do‘stligi azaliy an’analarining davomiyligining ifodasi bo‘ldi, – deydi Xo‘jand davlat universiteti dotsenti Sharifjon Tojiboyev. – Mahmud Qoshg‘ariy, Yusuf xos Hojib qalamiga mansub qadimiy qo‘lyozma yodgorliklari tojik millatining faxridir. Bugungi kunda ikki millat o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik o‘zbek va tojik tilining rivojiga munosib hissa qo‘shadi.

Elyorjon EHSONOV

 

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50