Obuna bo`ling!
USD10650.06
EUR12497.85
RUB146.08
Аndijonda o‘qituvchi ayolning turmush o‘rtog‘i maktab direktori o‘rinbosarini kaltakladi
Oct 8, 2019
668

Аndijon shahridagi 50-umumiy o‘rta taʼlim maktabi direktorining o‘rinbosari darsga formasiz holda kech qolib kelgan pedagog ayolning turmush o‘rtog‘i tomonidan o‘qituvchi va o‘quvchilar ko‘z o‘ngida, maktab hovlisida kaltaklangan. Bu haqda «Daryo» internet nashri xabar bermoqda.

Viloyat xalq taʼlimi boshqarmasining maʼlum qilishicha, mazkur voqea 5 oktabr, shanba kuni yuz bergan. O‘sha kuni maktabda soat 13:20 da maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sh.O‘. hamda Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi G‘.А. tomonidan kiyinish madaniyatiga rioya qilmagan va darsga kech qolgan matematika fani o‘qituvchisi D.Yu.ga og‘zaki ogohlantirish berilgan. Biroq D.Yu. ularga qarshilik qilgan va o‘rtada tortishuv kelib chiqqan.

Tortishuv natijasida D.Yu. ularga turmush o‘rtog‘i bilan tahdid qilgan. Shu kuni soat 13:35 da D.Yu.ning turmush o‘rtog‘i hamda uning do‘sti maktabga bostirib kirib Sh.O‘. hamda G‘.А.ni maktab kirish qismida temir tayoq bilan do‘pposlagan. Bezorilar janjalni to‘xtatishga uringan o‘qituvchilarni yomon so‘zlar bilan haqorat qilib, ularni ham do‘pposlashga uringan.

Ushbu holat bo‘yicha boshqa pedagoglar tomonidan zudlik bilan shoshilinch tez tibbiy yordamga hamda hududiy profilaktika inspektorlariga xabar berilgan.

Soat 14:00 da profilaktika inspektorlari voqea joyiga yetib kelgan, lekin bu vaqtda D.Yu.ning turmush o‘rtog‘i hamda uning do‘sti hodisa sodir etilgan joydan ketib bo‘lgan edi.

Jabr ko‘rganlar shoshilinch tez tibbiy yordam navbatchi shifokorlari tomonidan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markazi Аndijon filialiga olib ketilgan.

Shifokorlar xulosasiga ko‘ra, Sh.O‘. miya chayqalishi, burun sinishi, yuz o‘ng qismining ko‘zi atrofi hamda oyoqlarining tizza qismi qattiq zarba natijasida jarohatlangani, G‘.А.ning miya chayqalishi, burun va ikki tishi sinishi, badani hamda chap qo‘li zarbadan qattiq jarohatlangani aniqlangan. Barcha muolajalar o‘z vaqtida qilinganligi sababli hozirda jabrlanuvchilarning sog‘lig‘i yaxshi holatda hamda doimiy shifokorlar nazoratida turibdi.

Mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlari tergovoldi tekshiruv ishlari olib bormoqda, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50