Obuna bo`ling!
USD10529.73
EUR12808.36
RUB142.32
“Tinchlik - tengsiz ne’mat” deydi urush qatnashchisi O‘lmasboy ota Dolimov
May 4, 2021
49

Bag‘dod tumanining Qorovultepa qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi O‘lmasboy ota Dolimov xonadoniga yo‘l oldik. Serfayz ko‘cha odamlar bilan gavjum. Har yili 9-may yaqinlashganda shu holat takrorlanarkan. Mahalla raisi Mahmudxon Аʼzamov boshchiligida ko‘cha bo‘ylarini tozalash, obodonlashtirish ishlari avjida. “O‘lmasboy ota qishlog‘imiz faxri. Аlbatta mehmonlar keladi, shuning uchun saranjom-sarishtalikka eʼtibor beramiz”, deydi rais.

Otaxon bilan suhbatimiz qiziqarli kechdi. Tabiatan xushchaqchaq va ziyrak O‘lmasboy otani savollarga ko‘mib tashladik. U shoshilmay, batafsil javob berardi.

– Urush boshlangan yili kuzdayoq armiya safiga chaqirildim. Farg‘ona poligonida harbiy tayyorgarlikdan o‘tdik. Qirq ikkinchi yili qasamyod qabul qilgach, urushga otlandik, – deya hikoyasini boshladi otaxon. – 1-Ukraina frontida jangga kirdik. Xarkov, Odessa, Kiyev shaharlarini bosqinchilardan ozod qilishda ishtirok etdik. Ko‘p qurbon berildi...

Otaxonning ko‘zlari yoshlandi. Janglarda qahramonlarcha halok bo‘lgan safdosh do‘stlari, qadrdonlari yodiga tushdimikan? Mashaqqatli kunlar, azob-uqubatli damlarni eslab qoldimikan? 1944-yil yanvarida jang payti o‘q tegib mayib bo‘lgan chap qo‘li zirqirab og‘ridimikan?..

Biroz o‘tib yana so‘zlay ketdi 98 yoshli otaxon.

– 1944-yil oxirida urushdan qaytdim. Qishloqqa kelsam, ikkala akam ham urushga olinibdi. Onam meni bag‘riga bosganicha hushidan ketib qoldi. Bir necha kundan so‘ng jamoa xo‘jaligi raisi kelib, ishga olib chiqib ketdi. Xo‘jalikda hisobchi bo‘lib ishlay boshladim. Qo‘qondagi texnikumda shu soha bo‘yicha tahsil oldim. Uyli-joyli, o‘g‘il-qizli bo‘ldim.

O‘lmasboy otaning qalbida alamli chandiqlar bisyor. Аkalari Mamatiso va Аbduhoshim urushga ketib, qaytib kelishmadi, bir qizi xastalikdan erta vafot etdi. Lekin mustahkam irodali sobiq jangchi qiyin damlarni ko‘p ko‘rgani uchunmi, faqat yaxshi kunlar umidi ila yashadi.

Bugun farzandlari, nevaralari, hamqishloqlari ardog‘ida umrguzaronlik qilayotgan otaxonning tilidan shukronalik tushmaydi. Nevarasi Nilufarxonning aytishicha, bobosi kitob-gazetalarni muntazam mutolaa qiladi. Mahalladagi barcha to‘y-marosimlarning to‘ri uniki.

Mavzuni bugungi O‘zbekiston, yurtimizdagi islohotlarga burishimiz bilan O‘lmasboy ota jonlanib, ko‘zlari nurlanib ketdi. “Tinch zamon, farovon hayot, oqil yurtboshi – bular baxtli odamlargagina nasib qiladi”, deydi u. Urush, jangu jadal, ocharchilik, qatag‘on yillarini ko‘rgan, istibdod zulmini yuragidan o‘tkazgan boboning shaxsiy xulosasi edi bu.

– Yurtboshimiz va hukumatimizning alohida eʼtiborini his qilish ham maroqli. Prezidentimizning Xotira va qadrlash kuniga oid qarorini o‘qib chiqdim. Mendek keksalarga, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga hissa qo‘shganlarga katta g‘amxo‘rlik qilinyapti, ehtirom ko‘rsatilyapti. Bundan tashqari, viloyat, tuman hokimliklari, mahalla faollari, sog‘liqni saqlash muassasalari hamisha xabar olib turishadi, ko‘mak ko‘rsatishadi. Barchasidan minnatdorman, – deydi ko‘ksi medalu nishonlarga to‘la O‘lmasboy ota Dolimov. – Bugungi osoyishta zamonning qadriga yetish, uni asrab-avaylash kerak. Urushni biz ko‘rdik, endi sizlar ko‘rmang. Bu balodan hech kim naf ko‘rmagan. Ilohim, yurtimizda abadiy tinchlik-farovonlik hukmron bo‘lsin.

H.Boyboboyev,

foto Davlatjon Polvonov.

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50