Obuna bo`ling!
USD9411.30
EUR10421.13
RUB146.51
Yahyobek MO‘MINOV: «Kitob o‘qimagan san’atkor yaxshi qo‘shiq yarata olmaydi»
Jun 30, 2019
233

Kuy va qo‘shiq ko‘ngil mulki, dil malhamiga qiyoslanadi. Maromiga etkazib ijro etilgan qo‘shiq tinglovchi qalbidan joy oladi, uning mehrini qozonadi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Yahyobek Mo‘minov ijodidan o‘rin olgan «O‘xshatolmayman», «Dildor go‘zal», «O‘shal damlar», «Sayra, bulbulim, sayra» singari qo‘shiqlar guldastasi o‘ziga xos ohang, so‘z va soz uyg‘unligi bilan ajralib turadi.

«Qo‘shiq yaratish uchun bilim va mahorat kerak»

Dunyoda qo‘shiq kuylamagan odam yo‘q. Har kim qaysidir ma’noda xirgoyi qiladi, eshitadi. Lekin qo‘shiqchi sifatida elda obro‘-e’tibor qozonish uchun san’atkordan bilim va albatta, mahorat talab etiladi. Qo‘shiq yaratish uchun tanlangan she’r ijrochi ohangi, mahoratiga mos bo‘lsagina elga  manzur san’at asari yaratiladi.

Shu o‘rinda Prezidentimizning kitobxonlikni targ‘ib qilish borasida chiqargan farmon va qarorlari muhim ahamiyat kasb etadi. CHunki san’atkorlar bu borada boshqalarga ibrat bo‘lishi zarur. Qo‘shiqchi qanchalik ko‘p kitob mutolaa qilsa, shuncha ko‘p yaxshi musiqiy asarlar yarata oladi. Qolaversa, o‘zingiz uchun dilkash suhbatdosh, maslakdosh bo‘lgan kishilarning kundalik hayot tarzi, orzu-umidlarini his qilmay turib, etuk san’atkor bo‘la olmaysiz.  Atrofga e’tiborsizlik, loqaydlik bilan nazar tashlagan har qanday san’atkorning o‘zi  e’tibordan chetda qoladi.

Yashirmayman, ba’zi ijrochilar bitta-ikkita qo‘shiq bilan elga taniladi-yu, keyin ijoddan, izlanishdan to‘xtaydi. Bu borada biror-bir so‘z, tanbeh aytsang, xizmatdan ortib, ijod qilaolmayotganini ro‘kach qiladi. Albatta, bu ishlar har kimning o‘ziga havola.

Yana bir jihati, qo‘shiq matni, musiqasini o‘zi yozib qo‘shiq kuylayotgan san’atkorlar bor. Bu san’at yo‘nalishidagi bor bo‘lgan maktablarimizdan. Xususan, el sevgan ustoz san’atkor Sherali Jo‘rayev ijodiy faoliyatida bunga ko‘plab misollar bor. Lekin hamma ham ustozdek bo‘la olmaydi. Buning uchun hayotiy tajriba, ijodiy barkamollik va bilim uyg‘unligi katta ahamiyatga ega. Kimgadir biron-bir narsani maqbul darajada o‘rgatish uchun uning o‘zi bu borada etuklik maqomiga erishgan bo‘lishi zarur.

Ustoz ko‘rmagan shogird...

Qo‘shiq yaratish har kimning ma’naviy dunyoqarashiga bog‘liq. Men bundan 25 yil avval Namangan shahrida bo‘lib o‘tgan «Vodiy bulbuli» ko‘rik-tanlovidagi ishtirokim tufayli katta san’atga kirib kelganman. Bunda xalq hofizi Rasulqori Mamadaliyev nomidagi Buvayda bolalar musiqa va san’at maktabidagi ustozlarimning mehnatlari, pand-nasihatlari qanchalik muhim bo‘lganligini aslo unutmayman. Aytishadi-ku, «Ustoz ko‘rmagan shogird har maqomga yo‘rg‘alar» deb. Buning zamirida juda katta ma’no mujassam. Har qanday kasb egasi ustozlar maktabida saboq olishi, toblanishi kerak. Bu jihatlar, ayniqsa, qo‘shiqchilik sohasida tez ko‘zga tashlanadi. Bugun-chi, ayrim ijrochilar tomonidan yaratilayotgan va ko‘pning tanqidiga uchrayotgan qo‘shiqlarning dunyoga  kelishi «ustoz ko‘rmagan»lar hissasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu illatlar yaxshi ovoz, bilim va mahoratga ega bo‘lgan qo‘shiqchi-yoshlar ijodiy faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Chunki yengil-yelpi yo‘l bilan qo‘shiq yaratish qanchalik oson bo‘lishiga o‘rgangan ijodkor mehnat qilishdan to‘xtaydi, o‘z imkoniyatlarini chegaralab oladi.

Klip – qo‘shiqchining aytolmagan so‘zimi?

Keyingi paytlarda klip asosida qo‘shiqlar yaratish an’anaga aylanib qoldi. To‘g‘ri, bu ham taraqqiyot, rivojlanish mahsuli. Lekin bu har qanday qo‘shiqni «klip» qilish kerak, degani emas. Qolaversa, klip katta xarajatlar hisobiga tayyor ijodiy mahsulotga aylanadi. Menimcha, ayrim kliplar yengil-yelpi yo‘l bilan yaratilgan qo‘shiqlar mazmun-mohiyatini sun’iy tarzda boyitish uchun olingandek. Ya’ni qo‘shiqchi nima demoqchi bo‘lganini yaratgan qo‘shiqlari orqali emas, aksincha, ana shu rang-barang lavhalar orqali  ko‘rsatib berishga urinmoqda. Bu bilan klip asosida qo‘shiq yaratib bo‘lmas ekan-da, degan fikr paydo bo‘lmasligi kerak. Albatta, har qanday yangilik zamirida rivojlanish mujassam. Faqat unda ko‘tarilgan masala, maqsad va g‘oyalar xalqimiz ma’naviy olamiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kerak.

«Qo‘shiqchining farzandi qo‘shiq kuylasa...»

Bundan quvonish kerak. Demak, oiladagi ma’naviy muhit, yosh avlod ta’lim-tarbiyasidagi jarayon uni shu sohaga etaklab kelgan. Ammo taniqli xonanda farzandi sifatida katta sahnaga chiqish orqali  biror-bir muvaffaqiyatga erishish juda murakkab. Shu nomga xos tarzda ijodiy izlanishlar olib borish, o‘z uslubi, yo‘lini topish, mas’uliyatni his etib, mehnat qilish  kerak. Bu yo‘lda ibrat bo‘lgan xonanda yoshlarimiz ko‘p. O‘g‘lim Bekjon Ozarbayjon davlat konservatoriyasida tor sozi yo‘nalishida tahsil olmoqda. Ovozi yaxshi. Lekin men unga mana shu yo‘ldan borasan, degan talabni qo‘ya olmayman. Har kimning  o‘z iqtidori, imkoniyati bor. Qolaversa, bolaga biror narsani majburlab o‘rgatib bo‘lmaydi.  Faqat ularning to‘g‘ri yo‘ldan borishlari uchun munosib sharoit yaratib berish – har bir ota-onaning burchi.

«Dakki olmaslikka harakat qilaman»

Qo‘shiq yaratish – mas’uliyatli yumush. Har bir qo‘shiq matni, ohangini tanlaganimda avval yaratilgan san’at asarlarim, uning ijrosi va sarhisobiga alohida e’tibor qarataman. Bundan tashqari, ustoz san’atkor, O‘zbekiston xalq hofizi Mahmudjon Yo‘ldoshev bilan hamjihat bo‘lib ishlayman. Maqsad – qo‘shiqlarim bilan muxlis va ustozlardan dakki olmaslik. Qolaversa, klassik va mumtoz qo‘shiqlar, xalq baxshichiligini rivojlantirish, ommalashtirish yo‘lida olib borilayotgan ishlar ham milliy qo‘shiqchiligimiz rivojida muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Har kuni bir yangi iste’dod egasi dunyoga kelmoqda, boshqa biri elga tanilyapti. Shahrisabz shahrida o‘tkazilgan xalqaro «Maqom» festivali,  Samarqandda bo‘layotgan «Sharq taronalari», Termizda tashkil etilgan I Xalqaro  baxshichilik san’ati festivali, xalq hofizlari – Ma’murjon Uzoqov, Jo‘raxon Sultonov nomidagi  milliy qo‘shiqchiligimiz rivojida muhim bo‘lgan nufuzli ko‘rik-tanlov va festivallar yoshlar ijodiy faoliyatini yangi  bosqichga olib chiqdi. Natijada  ular orasida klassik va milliy mumtoz qo‘shiqlarga bo‘lgan qiziqish sezilarli  darajada ortmoqda, jonli ijroda kuy va qo‘shiq yaratayotgan yangi iqtidor egalari kashf etilmoqda. Demak, bu boradagi ishlar targ‘ibotini yana kuchaytirish, iqtidorlarni  qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish zarur.

«Muxlis uchun sizning o‘y-tashvishingiz qiziq emas»

San’atkor hamisha izlanishda bo‘lishga majbur. Izlanishdan to‘xtash, bu – hamma ishga qo‘l siltab, chetga chiqish bilan teng. Muxlis uchun sizning o‘y-tashvish, muammongiz muhim emas. U har qanday holatda ham yaxshi qo‘shiq tinglashni istaydi. Ayni kunda akam Muhsinjon Mo‘minov bilan ijodiy hamkorlikda Alisher Navoiy hamda O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning sara g‘azal va she’rlari  asosida yangi qo‘shiqlar turkumini yaratish ustida ish olib boryapmiz. Bu ijodiy izlanishlarimiz san’at shinavandalariga qanchalik manzur bo‘lishini  vaqt ko‘rsatadi.

Ma’lumot o‘rnida:

Yahyobek Mo‘minov – 1972 yilda Buvayda tumanidagi Buvayda qishlog‘ida tug‘ilgan. 2013 yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, 2017 yilda an’anaviy ijrochilik yo‘nalishida «E’tirof» Milliy mukofoti sovrindori bo‘lgan. Uning ijodiy repertuaridan 300 ga yaqin sara qo‘shiqlar o‘rin olgan. Hozir O‘zbekiston davlat filarmoniyasida Akbarali Asqarov rahbarligidagi «Mumtoz» ansambl xonandasi.

Rasul KAMOL

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50