Obuna bo`ling!
USD10209.86
EUR12021.09
RUB137.46
Onlayn xizmat ko‘rsatuvchi xorij kompaniyalari uchun QQS-ofis tashkil etildi
Feb 13, 2020
197

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi mamlakatda jismoniy shaxslarga elektron xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy yuridik shaxslar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i soliq to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tish imkoniyatini taqdim etdi.

Elektron xizmatlar deganda dasturiy ta’minotdan foydalanish, shu jumladan, Internet tarmog‘i orqali o‘yinlar, elektron kitoblar, o‘quv qo‘llanmalari, musiqa asarlari va boshqalardan foydalanish huquqini berish tushuniladi.

Endilikda bu kabi xorijiy yuridik shaxslarni soliq organidan ro‘yxatdan o‘tkazish (ro‘yxatdan chiqarish) elektron xizmat ko‘rsatuvchilar uchun QQS-ofisning http://tax.uz veb-sayti orqali amalga oshiriladi. Sayt rus va ingliz tillarida faoliyat yuritadi.

Ushbu manba xorijiy yuridik shaxslarga O‘zbekistonda QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tish uchun ariza berish, onlayn shaxsiy kabinetdan foydalanish, hisobotlarni taqdim etish va soliqni to‘lash, shuningdek, savollarga javob olish imkonini yaratadi.

Shaxsiy kabinetdan foydalanishga ruxsat olish uchun ro‘yxatdan o‘tish haqida tegishli ariza berish kerak. Buni saytning “ariza berish” bo‘limida onlayn tarzda amalga oshirish mumkin.

 Bunda kompaniyaning nomi, uning manzillari, elektron pochtasi, ro‘yxatga olingan mamlakati, taqdim etayotgan xizmatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ko‘rsatadigan elektron ariza to‘ldirilishi talab etiladi.

Arizaga xorijiy tashkilotning kelib chiqishi tegishli bo‘lgan mamlakatning yuridik shaxslar reestridan ko‘chirma yoki huquqiy maqomini tasdiqlovchi boshqa hujjat ilova qilinishi kerak.

Barcha kerakli ma’lumotlar taqdim etilgach, 15 kun ichida shaxsiy kabinetga kirish faollashadi va ro‘yxatdan o‘tish paytida ko‘rsatilgan elektron pochta orqali bildirishnoma yuboriladi.

Yuqoridagi ro‘yxatdan o‘tish qoidalari O‘zbekistonda doimiy muassasalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri xizmat ko‘rsatadigan xorijiy kompaniyalarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Bunday kompaniyalar O‘zbekiston Respublikasidagi yuridik shaxslar uchun belgilangan tartibda QQS to‘lovchilari sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari shart.

Elektron ko‘rinishda xizmat ko‘rsatadigan xorijiy kompaniyalarni QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish qoidalarining yangiligi va texnik imkoniyatlarni tayyorlash jarayoni bir muncha vaqt talab etishini hisobga olib, joriy yil boshida ro‘yxatdan o‘tkazishni kechiktirganlik uchun jarimalar qo‘llash nazarda tutilmagan.

DSQ Matbuot xizmati

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50