Obuna bo`ling!
USD9526.28
EUR10329.35
RUB148.82
Piri Siddiq va Kaptarli mozor haqida bilasizmi? (+foto)
Feb 13, 2020
111

Marg‘ilondagi eng ko‘zga ko‘ringan inshootlardan biri Piri Siddiq majmuasidir. U – nafaqat ko‘hna Marg‘ilonning, balki butun Farg‘ona vodiysining mashhur ziyoratgohlaridan.

Ziyoratgoh shaharning Yo‘rmado‘z mahallasida joylashgan bo‘lib, mahalliy aholi o‘rtasida bu yer haqida turli xil rivoyatlar mavjud.

Piri Siddiq mozori XVII asr o‘rtalarida qurilgan. Bu qutlug‘ maskanni Hazrat Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu nomlari bilan bog‘laydilar. Ziyoratgohda bu muborak zotning jiyanlari Shojalil va Poshshobibi marqadlari bor.

Фото: Муқимжон Қодиров

 Tarixiy ma’lumotlarda keltirilishicha, Buxoro xoni Subxonqulixon tomonidan Piri Siddiq mozoriga vaqf yerlari ajratilgan. Shu davrlarda ziyoratgoh atrofidagi Oqariq, Toshloq, Zarkent, Varzak, Qaqir, Boyiston qishloqlaridan, To‘qsoba mahallasidagi do‘konlardan soliq olinmagan ekan. Bu haqida Qo‘qon xonlari Madalixon, Xudoyorxonlar tomonidan ham ziyoratgoh mutavallilariga maxsus yorliqlar berilgan. Davrlar o‘tishi bilan uning atrofida masjid, minora, maqbarali hovli, darvozaxona hamda kaptarxonadan iborat bo‘lgan me’moriy arxitektura inshootlari paydo bo‘lgan. Peshtoq va gumbazli darvozaxona ortiga ayvon hamda to‘rt tabaqali kaptarxona qurilgan. Shu sababli u xalq o‘rtasida Kaptarxona, Kaptarli mozor deb ham atalgan.

Фото: Муқимжон Қодиров

O‘rta Osiyodagi mashhur ziyoratgohlarda kaptarlar bilan bog‘liq xalqona qarashlar bir necha asrlik tarixga ega bo‘lib, har bir ziyoratchining shu kaptarlarga don berishi ziyoratning ma’lum bir odatlaridan sanalgan. Agar ular kaptarlarni cho‘chitmay don bera olsalar, ishlari yurishib, balo-qazodan halos bo‘ladi deb qaralgan. Piri Siddiq majmuasidagi kaptarlarni ham ziyoratchilar ana shunday e’tiqod bilan e’zozlaydilar. 

Фото: Муқимжон Қодиров

Naql qilishlaricha, Piri Siddiq dushmanlaridan qochib g‘orga yashiringanlarida kaptarlar qanotlari bilan g‘or og‘zini berkitib turgan ekan. Shundan so‘ng Piri Siddiq kaptarlar bilan do‘st bo‘lib qolgan ekan. Hatto kaptarlar Piri Siddiq vafotidan so‘ng ham mozorda yashab qolibdilar. Mozordagi kaptarlar muqaddas sanalgani uchun ularni ushlash yoki o‘ldirish azaldan gunoh hisoblangan. 

Фото: Муқимжон Қодиров

Maqolamizni tayyorlash jarayonida Burhoniddin al-Marg‘inoniy hazratlarining chillaxonasi nima uchun aynan shu yerda joylashganligi bilan qiziqdik. Ma’lumotlarga ko‘ra, Burhoniddin al-Marg‘inoniy Abu Bakr Siddiq avlodlaridan bo‘lgan ekan. Uning o‘z ajdodlari dafn etilgan mozorga bo‘lgan ixlosi keyinchalik chilla tutganligiga sabab bo‘lgan deyiladi. Hazratning islom olamida mashhur bo‘lgan “Al-Hidoya” asarining birinchi qismi “Daftari avval” aynan mana shu Piri Siddiq madrasasi chillaxonasida ro‘za tutib yozilgan, degan ma’lumotlar ham uchraydi.

Фото: Муқимжон Қодиров 

2007 yilda Marg‘ilon shahrining 2000 yillik yubileyi munosabati bilan ziyoratgohda katta o‘zgarishlar amalga oshirildi. Bugun ham Piri Siddiq majmuasiga kelayotgan yurtdoshlarimizning safi kamaygani yo‘q. Aytishlaricha, bu erda aytilgan har bir tilak o‘z ijobatini topar ekan. Piri Siddiq ziyoratgohi bizni tarix sahifalaridan boxabar etguvchi muqaddas go‘sha ekanligi bilan hamisha faxrlantiradi.

 

Фото: Муқимжон Қодиров

 

Фото: Муқимжон Қодиров

 

 

Фото: Муқимжон Қодиров

Madaminjon SOLIJONOV

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50