Obuna bo`ling!
USD10173.38
EUR11411.48
RUB145.97
“Raqamli iqtisodiyotni amaliyotda sinab ko‘rdim”. Siz-chi?
Mar 24, 2020
127

Guljahon Baxtiyorjonova – Qo‘qondagi oliygohning birinchi bosqich talabasi. U raqamli texnologiyadan foydalanish bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

– Darslarda ko‘p bora “Raqamli iqtisodiyot” atamasiga duch kelganman. Raqamli iqtisodiyot bu – iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy aloqalarni raqamli texnologiyalarni qo‘llash asosida amalga oshirish tizimidir, – deydi talaba qiz. – Bir so‘z bilan aytganda, raqamli iqtisodiyotning rivojlanishi aholiga ko‘plab qulayliklar yaratadi.

Masalan, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida barcha ta’lim muassasalariga ta’til e’lon qilingan shu kunlarda o‘zimiz uchun zarur bo‘lgan badiiy adabiyotni uydan chiqmasdan turib, “Telegram” ijtimoiy tarmog‘i yoki “Assaxiy book” mobil ilovasi orqali buyurtma berishimiz, to‘lovni ham elektron shaklda to‘lashimiz mumkin. Qarabsizki, bir necha soatda istalgan kitob qo‘limizda bo‘ladi. 

Raqamli iqtisodiyotdan foydalanish fuqarolarga ko‘plab qulayliklar berishini o‘z tajribamda sinab ko‘rdim. Yaqinda o‘qish joyimdan sudlanmaganlik to‘g‘risida ma’lumotnoma so‘rashgandi. Dadamga bu haqida aytganimda, bunday ma’lumotnomani olish uchun ko‘p vaqt talab etilishini aytishdi. 

Oliy ta’limga hujjat topshirishda bevosita tumanimizdagi Davlat xizmatlari markazi xodimlari ko‘maklashishgandi. Markaz xodimlarining yordami bilan YAIDXPdan foydalanishni o‘rgangan edim. Sudlanmaganlik haqida ma’lumotnoma olish tartibini bilish maqsadida markazga qo‘ng‘iroq qildim. Markaz xodimi ushbu ma’lumotnomani uyimdan chiqmagan holda yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olishim mumkinligini aytdi.

Buning uchun men shaxsiy elektron raqamli imzoimga ega bo‘lishim va id.gov.uz tizimida ro‘yxatdan o‘tishim kerakligini tushuntirdi.  Davlat xizmatlari markaziga borib navbat kutishdan ko‘ra, o‘zim mustaqil ravishda portaldan foydalanishni ma’qul ko‘rdim. Shunday qilib, ta’til kunlarida YAIDXPdan foydalanishni o‘rgandim.

Men uchun zarur bo‘lgan ma’lumotnomani olish uchun Cliks orqali belgilangan davlat bojining 90 foizi miqdorida to‘lov o‘tkazdim. Ikki kun muddatda arizamning javobi kelar ekan.

O‘zim mustaqil ravishda raqamli texnologiyalardan foydalana olganimdan dadam ham xursand bo‘ldilar. U kishiga ham portaldan foydalanishni o‘rgatmoqchiman. Menga interaktiv davlat xizmatlari portalidan mustaqil foydalanishim uchun elektron raqamli imzoimni olib berib, davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanishga ko‘maklashgan markaz xodimlariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman!

Bu – bir talaba qizning xolisona aytilgan shaxsiy fikrlari. Lekin qolganlar-chi? Siz ham raqamli texnologiyalardan foydalanishni boshladingizmi?

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50