Obuna bo`ling!
USD10209.86
EUR12021.09
RUB137.46
Sudya bo‘lish xavflimi?
Jul 16, 2020
103

So‘nggi kunlarda Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida yuz bergan Sudyalar bilan bog‘liq voqealarni kuzatib turib, nahot bugungi kunda Sudya bo‘lish sharafli kasbdan ko‘ra, o‘z ehtiyotini qilib yuradigan va boshqa alohida toifadagi shaxslarni nafrati nishoniga aylanayotgan shaxs toifasiga o‘tib qolayapti, degan asosli savollar paydo bo‘lmoqda.

Sudya kim? Qonunga ko‘ra odil sudlovni amalga oshiradigan mansabdor shaxs. Xalqni orasida esa, Sudya bu eng avvalo oqni oq, qorani qora deydigan, qo‘liga topshirilgan ishni faqat qonunga asosan, hissiyotlarga berilmagan va boshqa shaxslarning “qosh-ko‘zlariga” qaramay hal qiladigan adolatli, insofli shaxs gavdalanadi. Har xolda shunday shaxsni ko‘rishni istaydi oddiy odamlar.

Ochig‘ini aytish kerak, Sudyani shaxsi jamiyatda o‘ziga xos tarzda ko‘tarib qo‘yilgan. Nima maqsadda? Chunki Sudya ham mansabdor, ham oddiy shaxs sifatida mustaqil bo‘lsa, uning mustaqilligi kafolatlansa, undan shundagina adolatni talab qilish mumkin bo‘ladi. Sudyani mustaqilligi va shaxsi daxlsizligini kafolatlamay turib undan qonuniy, asosli va adolatli qarorlarni qabul qilishni talab qilish mantiqsiz va imkonsiz.

Qonunchiligimizda Sudyalarning mustaqilligi kafolatlarini taʼminlash mezonlari belgilab berilgan.

- Sudyaning shaxsi daxlsizdir.

- Sudyaning daxlsizligi uning turar joyiga, xizmat xonasiga, foydalanadigan transporti va aloqa vositalariga, xat-xabarlariga, unga tegishli ashyolar va hujjatlarga taalluqlidir.

- Sudyaga nisbatan jinoyat ishi faqat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin.

- Sudya O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining xulosasi olinmasdan va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, qamoqqa olinishi mumkin emas.

- Sudya O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining xulosasi olinmasdan maʼmuriy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.

- Sudyaning turar joyiga yoki xizmat xonasiga, foydalanadigan transportiga kirish, ularni ko‘zdan kechirish, ularda tintuv o‘tkazish yoki ulardan ashyoni olish, telefondagi so‘zlashuvlarini eshitish, Sudyani shaxsan ko‘zdan kechirish va uni shaxsiy tintuv qilish, shuningdek uning xat-xabarlarini, unga tegishli ashyolar va hujjatlarni ko‘zdan kechirish, olib qo‘yish yoki olishga faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurorining, viloyat, Toshkent shahar prokurorining, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurorining ruxsati yoki sudning qarori bilan yo‘l qo‘yiladi.

Yuqoridagilardan ko‘rishimiz mumkinki, Qonun Sudyalarni mustaqilligini kafolatlash uchun barcha imkoniyatlarni va imtiyozlarni bergan. O‘zbekistonning eng chekka qismidagi tumanda ishlayotgan Sudya va viloyatdagi sudga raislik qilayotgan Sudyaning maqomi ham daxlsizligi ham bir xil. Bu daxlsizlikni buzishga esa hech kimning xaqqi yo‘q.

Shunday ekan, har qanday mansabdor shaxs yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari Sudyani biror bir huquqbuzarlik yoki ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgani yoxud sodir etayotgani, xuddi shuningdek qonunga bo‘ysunmasligi holati yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri munosabatga kirisha olmaydi, toki yuqoridagi jarayonlardan o‘tmas ekan. Unga nisbatan jismoniy kuch ishlatish yoki boshqacha tarzda taʼsir o‘tkazish esa favqulodda holat deb topilishi lozim.

Bo‘lib o‘tgan voqealar yuqoridagi qonun normalarida belgilangan qoida va tartiblarni ochiqchasiga bajarmagan yoki bajarishni istamagan yoxud bu qoidalar borligini amalda bilmagan shaxslarni saviyasi qanday darajada ekanligini ko‘rsatadi.

Maqsadimiz qonunlarni moneliksiz bajarilishiga asoslangan huquqiy demokratik davlatni qurish ekan, bunga sud tizimini mustaqil va Sudyalarni daxlsiz qilmasdan erisha olmaymiz. Bu qoidani buzganlarga esa javobgarlikning muqarrarligi taʼminlanishi shart.

Sudyaning daxlsizligi Sudya uchun qadriyat, boshqalar uchun noqonuniy tarzda buzib bo‘lmas qo‘rg‘on bo‘lishi kerak. Bu qadriyatni o‘rnatishda Sudyalar bir bo‘lib qonun ustuvorligini taʼminlashda birgalikda harakat qilishimiz shart.

Аbrorxon Аkramov,

Toshloq tuman maʼmuriy sudining raisi

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50