Obuna bo`ling!
USD10371.76
EUR12153.63
RUB133.19
Shavkat Mirziyoev: shifokorlarning oʼz kasbiga sadoqati, mehnati – jasorat namunasi
Mar 26, 2020
379

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 26 mart kuni koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurarshishni kuchaytirish masalalariga bagʼishlangan videoselektor yigʼilishi oʼtkazdi.

Tadbir avvalida davlatimiz rahbari ushbu masala boʼyicha xalqimizga yana bir bor murojaat qildi.

– Bugungi kunda butun dunyo, insoniyat ogʼir kunlarni boshidan kechirmoqda. Koronavirus infektsiyasi 190 dan ziyod mamlakatga tarqalib, pandemiyaga aylandi. Kasallanganlar soni 450 mingdan, vafot etganlar 21 mingdan oshdi.

Аfsuski, ushbu kasallik mamlakatimizni ham chetlab oʼtmadi. Bugunga kelib virus bilan kasallanganlar soni 65 nafarni tashkil qilmoqda.

Shu sababli, Bosh vazir rahbarligida respublika komissiyasi tuzilib, Inqorozga qarshi kurashish jamgʼarmasi tashkil etildi.

Pandemiyaga qarshi qarshi kurashish va uning oqibatlarini yumshatish uchun jamgʼarmaga 10 trillion soʼm miqdorida mablagʼ yoʼnaltirildi.

Bu ofatdan xalqimizni asrash boʼyicha mamlakat miqyosida taʼsirchan choralar koʼrilmoqda. Xususan, kasallik aniqlangan ilk kundanoq barcha taʼlim va diniy muassasalar faoliyati, xalqaro va ichki jamoat transportlari qatnovi toʼxtatildi.

Odamlar gavjum boʼladigan joylar, xususan, barcha buyum bozorlari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari vaqtincha yopildi.

Mulkchilik shaklidan qatʼi nazar barcha korxona va tashkilotlar xodimlariga taʼtil berilib, masofaviy ishlashga oʼtkazilmoqda.

Mamlakatning barcha tibbiyot muassasalari kuchaytirilgan ish rejimiga oʼtkazilib, 11 ta tibbiyot muassasasi va 97 ta sihatgoh, oromgoh va yotoqxonalar karantinga ixtisoslashtirildi.

Ushbu virusli infektsiyani jilovlash, tarqalishining oldini olish hamda profilaktika qilish maqsadida uy sharoitida 80 mingga yaqin, statsionarda 12 ming nafar fuqaro karantinga olingan.

Pandemiyaga qarshi kurashish boʼyicha 100 ming atrofida tibbiyot xodimlari mobilizatsiya qilinib, ularga hokimiyatlar, ichki ishlar tizimi, Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari yaqindan koʼmaklashmoqda.

Shuningdek, xorijdagi fuqarolarimizni qaytarish boʼyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Dastlab ularni Xitoydan evakuatsiya qilgan boʼlsak, hozirda barcha davlatlardan olib kelinmoqda.

Xorijdagi hamma diplomatik vakolatxonalarimizda shtablar tashkil etilgan. Oxirgi 10 kun ichida 20 ta charter reyslar amalga oshirildi. Rossiya, Turkiya, Eron, Birlashgan Аrab Аmirliklari, Janubiy Koreya, Misr, Malayziya, Hindiston, Tailand, Indoneziya va Germaniyadan toʼrt mingga yaqin fuqarolarimiz olib kelindi, qoʼshni davlatlar bilan chegaralarimizdan 80 mingdan ortiq vatandoshlarimiz oʼtkazildi hamda yurtimizda tashkil etilgan profilaktoriy, sanatoriy va boshqa shifo maskanlarida karantinga olindi.

Bundan tashqari, diplomatik missiyalarimiz Rossiya, Xitoy, Singapurdan ekspress-testlar, tibbiy anjomlar va gumanitar yuklarni olib kelish boʼyicha amaliy ishlarni bajarmoqda, ilgʼor davlatlarning yetakchi va tajribali mutaxassislarini jalb etish boʼyicha saʼy-harakatlar kuchaytirildi.

Bir narsani aniq tushunib olish lozim. Bizda aniqlangan kasallar soni kam-ku, 100 taga ham yetmaydi, xavotirga oʼrin yoʼq, deb xotirjam boʼlish xiyonat hisoblanadi.

Chunki, koronavirus menga yuqmaydi deb befarq yurganlar nafaqat oʼzining, balki ota-onasi, farzandlari, atrofidagilar, qolaversa, butun xalqimizning sogʼligʼi va hayotini katta xavfga qoʼyishini chuqur anglab yetishi kerak.

Davlat tomonidan koʼrilayotgan choralar odamlarimizning kasallikni yuqtirib olish ehtimolini imkon qadar chegaralash, virusli infektsiyaning tarqalishini jilovlashga qaratilgan.

Tibbiyot qanchalik rivojlangan boʼlmasin, davlat bunga qancha-qancha mablagʼ ajratmasin, odamlarimiz shifokorlar tavsiyasiga amal qilmasa, tartib-intizomli boʼlib, karantin qoidalariga rioya etmasa, barcha koʼrilayotgan choralarimiz, pandemiyaga qarshi kurashish uchun safarbar qilingan yuz minglab fidoyi insonlarning mehnati behuda ketishi mumkin.

Аyrim hudud rahbarlari hozirga qadar fuqarolarga murojaat bilan chiqish va yuzaga kelgan vaziyatni aholi oʼrtasida tushuntirish choralarini koʼrmayapti. Mahalliy telekanallar, gazeta va jurnallarda, ijtimoiy tarmoqlarda ishlar lozim darajada tashkil etilmayapti.

Viloyat, shahar va tuman, 4 ta sektor rahbarlarining epidemiologik osoyishtalik uchun shaxsiy javobgar ekanligi haqida qatʼiy ogohlantiraman. Sizlar koronavirus infektsiyasining tarqalishiga yoʼl qoʼymaslik, karantin rejimini buzishning barcha salbiy oqibatlarini aholiga tushuntirish boʼyicha tunu kun ishlashingiz shart.

Mahalla fuqarolar yigʼinlariga ham koʼp eʼtirozlarim bor. Joylarda mahalla faollarining roli umuman sezilmayapti. Mahalla raislarining koʼz oldida ayrim fuqarolar koʼp odamlarni yigʼib, dabdabali marosim va tadbirlarni oʼtkazishni davom ettirmoqda.

Misol uchun, Fargʼona viloyati Yozyovon tumani Beruniy mahallasida yashovchi ayol Umradan qaytib kelib, uyda karantinda boʼlish talablarini qoʼpol ravishda buzib, ertasi kuni 120 nafar kishini chaqirib, dabdabali marosim oʼtkazgan. Oqibatda uning 4 nafar oila aʼzosi infektsiya yuqtirgani aniqlandi. Yana qancha odam kasallangani hali nomaʼlum.

Shu bois karantin qoidalarini buzganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish toʼgʼrisida parlamentimiz qabul qilgan qonunni imzoladim. Ushbu qonunga asosan, bundan buyon karantin davrida atrofidagi insonlarning sogʼligʼi va hayotini xavf ostiga qoʼyganlar 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi.

Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Sanitariya-epidemiologiya nazorati inspektsiyasi qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligini qatʼiy taʼminlashi shart.

Ishonchim komil, oilasi, farzandlari, el-yurti tinchligi, sogʼligʼini hamma narsadan ustun qoʼyadigan donishmand xalqimiz bunday holatga tushib qolishni hech qachon istamaydi.

Koronavirus pandemiyasi butun insoniyat uchun Yaratganning bergan bir sinovidir. Xalqimiz jipslashib, shifokorlarning barcha tavsiyasi, koʼrsatmalariga amal qilsalar, odamlarimiz karantin davrida hayotiy zaruratsiz oʼz xonadonlarini tark etmasa, kasallikning ilk belgilari aniqlanganda, uni yashirmay shifokorlarga oʼz vaqtida murojaat qilsalar, biz bu kasallikni, albatta, yengamiz!

Koronavirusga qarshi kurashishdagi oʼziga xos “jang maydoni”da tibbiyot xodimlari birinchi zarbani qabul qilmoqdalar. Oddiy haqiqatni tan olish adolatdan boʼladi. Kasallarga oʼz vaqtida yordam berilsa, ular shifo topadi, kasalxonalarni tark etadi. Lekin, oxirgi kasal tuzalmaguncha tibbiyot xodimlari ish joyini tark etolmaydi.

Dunyo boʼylab, xususan, mamlakatimizda shifokorlarning oʼz kasbiga sadoqati, xalqimiz, ota-onalarimiz, farzandlarimiz sogʼligʼi yoʼlida tunu kun qilayotgan mehnati barchamiz uchun jasorat namunasi boʼlmoqda.

Hurmatli tibbiyot xodimlari, oʼz hayoti va sogʼligʼini garovga qoʼyib, pandemiya bilan kurashayotgan shifokorlar, hamshiralar, sanitar xodimlarga butun Oʼzbekiston xalqi nomidan cheksiz minnatdorlik bildiraman, – dedi davlatimiz rahbari.

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50