Obuna bo`ling!
USD10414.86
EUR12344.73
RUB136.69
Samolarga sochilgan sevimlilar...
Aug 11, 2020
132

Bugun, 11-avgust sevimli "Paxtakor-79" jamoasi fojeasiga 41 yil to‘ldi. Oradan shuncha vaqt o‘tganiga qaramay ular hamisha qalbimizda. Shuning uchun ularni quyidagi maqola orqali oz bo‘lsada eslab o‘tmoqchiman. O‘tganlarni oxiratlari obod bo‘lsin!

Futbol... Bu so‘z kimlar uchundir oddiy bir jumla, kimlar uchun esa hayot mazmuni. Futbol o‘yin sifatida paydo bo‘lgandan buyon hayotini, umrini ushbu o‘yinga baxshida qilgan insonlar, taʼbir joiz bo‘lsa qahramonlar dunyodan o‘tdi. Biz ularni doim yodda saqlaymiz. Sababi ular o‘z yurtining faxri, futbol jonkuyarlaridir. Hozir men sizlarga aytmoqchi bo‘lgan qahramonlarni esa o‘z yurti, balki barcha futbol ixlosmandlari unutmaydi, unuta olmaydi.

11-avgust. Har yili ushbu sanani qarshilar ekanman o‘zbek futboli afsonalarini, "Paxtakor" jamoasi o‘yinchilarini yodga olaman, nafaqat men, balki butun o‘zbek futboli ishqibozlari yodga oladi, xotirlaydi. Chunki ular hayotini futbolga bag‘ishlagan qahramonlardir.

Bundan 41 yil avval – 1979-yilning xuddi shu kunida butun O‘zbekiston futbol muxlislari uchun og‘ir va unutilmas fojea sodir bo‘ldi. Aynan shu kuni Ukrainaning Dneprodzerjinsk shahri yaqinida 8400 metr balandlikda Toshkent-Gurev-Donetsk-Minsk yo‘nalishi bo‘ylab uchib borayotgan Tu-134 hamda shu rusumdagi yana bir samolyot havoda to‘qnashib ketdi. Aviahalokat natijasida ikkala havo kemasidagi barcha 178 nafar yo‘lovchi va ekipaj aʼzolari halok bo‘lishdi, shu jumladan, Toshkentning “Paxtakor” jamoasining 17 nafar aʼzosi ham hayotdan ko‘z yumdi. 1979-yilning 8-avgust kuni Toshkentda Voroshilovgradning “Zarya” klubini 3:1 hisobida mag‘lub etildi. Ushbu o‘yin “Paxtakor”ning o‘sha tarkibi uchun oxirgi uchrashuvga aylanishini hech bir inson, hech bir futbol muhlisining "etti uxlab tushiga ham kirmagandi".

"Paxtakor" jamoasi 13-avgust kuni Minsk shahrida "Dinamo" jamoasi bilan matchda ishtirok etishi kerak edi. Bu SSSRdagi eng yirik halokat edi. Bu xabardan barcha tushkunlikka tushgan, o‘zbek xalqi karaxt holga tushib qolgan edilar.

Ushbu havo laynerida "Paxtakor"ning quyidagi afsonalari bor edi: Murabbiy Izgay Tazetdinov, shifokor Vladimir Chumakov, administrator Mansur Tolibjonov, o‘yinchilar Sergey Pokatilov, Viktor Churkin, Yuriy Zagumennix, Mixail An, Sirojiddin Bozorov, Ravil Agishev, Konstantin Bakanov, Olim Ashurov, Nikolay Kulikov, Vladimir Fyodorov, Vladimir Sobirov, Shuhrat Ishbo‘tayev, Vladimir Makarov va Aleksandr Korchenev. Tasodif sababligina jamoaning bosh murabbiyi Oleg Bazilevich omon qoldi. U sharoit taqozosi bilan Minskga boshqa samolyotda biroz kechroq yetib bormoqchi edi. Turli sabablar bilan ushbu o‘yinga bora olishmagan darvozabon Aleksandr Yonovskiy, himoyachilar To‘lagan Isoqov va Anatoliy Mogilniylar ham omon qoldilar.

Oradan 41 yil o‘tgan bo‘lsa ham ushbu futbol fidoyilari hamon qalbimizda, yodimizda. Ular bizning faxrimiz, g‘ururimizdir! OXIRATINGIZ OBOD BO‘LSIN SEVIMLILAR!

Samolarga sochildi o‘n yetti yulduz

O‘n yetti fidoyi o‘zbek o‘g‘loni

To abad qalbimizda mangu yashaysiz

O‘zbekning jonkuyar qahramonlari!

Muhammadshukur

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50