Obuna bo`ling!
USD10173.38
EUR11411.48
RUB145.97
Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash jinoyati, uning iqtisodiy rivojlanishga ko‘rsatadigan salbiy ta’siri
Jun 29, 2020
27

Jinoyatning bevosita obyekti har bir jismoniy va yuridik shaxs tomonidan qonun bilan belgilangan soliq va boshqa to‘lovlarni to‘lashdek konstitutsiyaviy burchlarni bajarish bo‘yicha davlat¬ning moliyaviy sohadagi ijtimoiy munosabatlaridir.

O‘zbekiston Respublikasi JK 184-moddasida javobgarlikni nazarda tutuvchi jino­yatning predmeti – soliqlar, yig‘imlar, bojlar va boshqa to‘lovlar hisoblanadi.

Bu tushunchalarning mazmunini aniqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Soliq Kodeksiga, shuningdek, amaldagi soliq qonunchiligida qo‘llanilgan ta’riflarga murojaat etish lozim.

Soliq kodeksining 12-moddasiga ko‘ra soliq deganda, Soliq Kodeksida belgilangan, muayyan miqdorlarda undiriladigan, muntazam, qaytarib berilmaydigan va beg‘araz xususiyatga ega bo‘lgan, byudjetga yo‘naltiriladigan majburiy pul to‘lovlari tushuniladi.

Boshqa majburiy to‘lovlar deganda ushbu Kodeksda belgilangan davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy pul to‘lovlari, bojxona to‘lovlari, shuningdek vakolatli organlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan yuridik ahamiyatga molik harakatlarni to‘lovchilarga nisbatan amalga oshirish uchun, shu jumladan muayyan huquqlarni yoki litsenziyalar va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarni berish uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan yig‘imlar, davlat boji tushuniladi.

Soliq Kodeksining 23-moddasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi hududida umumdavlat soliqlari va mahalliy soliqlar va yig‘imlar amal qiladi.

Umumdavlat soliqlariga yuridik shaxslar daromad (foyda) solig‘i; jismoniy shaxslar daromad solig‘i; qo‘shilgan qiymat solig‘i; aksiz solig‘i; er osti boyliklaridan foydalanganlik uchun soliq; ekologiya solig‘i; suv resurslaridan foyda­langanlik uchun soliqlar kiradi.

Boshqa majburiy to‘lovlarga ijtimoiy jamg‘armalarga majburiy to‘lovlar ( yagona ijtimoiy to‘lov; fuqarolarning byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari; byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga majburiy ajratmalar;), Respublika yo‘l jamg‘armasiga majburiy to‘lovlar (Respublika yo‘l jamg‘armasiga majburiy ajratmalar; Respublika yo‘l jamg‘armasiga yig‘imlar;), davlat boji,  bojxona to‘lovlari, ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlarni ko‘rsatish huquqi uchun yig‘imlar kiradi.

Mahalliy soliqlar va yig‘imlarga quyidagilar ki­radi: mol-mulk solig‘i; er solig‘i; obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i; jismoniy shaxslardan transport vositalariga benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz ishlatgan­lik uchun olinadigan soliq; savdo-sotiq qilish huquqi uchun yig‘im, shu jumladan ayrim turlardagi tovarlarni sotish huquqini beruvchi litsenziya yig‘imlari; yuridik shaxslarni, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslarni ro‘yxatga olganlik uchun yig‘imlar kiradi.

Davlat umummilliy dasturlarini amalga oshirish davrida tegishli jamg‘armalar tashkil etilishi mumkin bo‘lib, ularga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda majburiy to‘lovlar belgilanadi. (Soliq Kodeksining 23-moddasi).

Shu bilan bog‘liq ravishda har bir alohida holatlarda aybdor aniq qaysi soliqni to‘lashdan bo‘yin tovlayotganini aniqlash lozim.

Obyektiv tomondan soliq yoki boshqa to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash daromad yoxud boshqa to‘lovlarni yoki soliq solishning boshqa obyektlarini yashirish, kamaytirib ko‘rsatish, ancha miqdordagi soliqlar, yig‘imlar, bojlar va boshqa to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun ma’muriy choralar ko‘rilgandan so‘ng ancha miqdorda sodir etilishi bilan tavsiflanadi.

Soliq kodeksining 25-moddasiga ko‘ra soliq solish obyekti soliq to‘lovchida soliq yoki boshqa majburiy to‘lov hisoblab chiqarilishi va (yoki) to‘lanishi yuzasidan majburiyat keltirib chiqaruvchi mol-mulk, harakat, harakat natijasi bo‘lishi mumkin.

Foyda (daromad) mazkur modda ma’nosida jami daro­mad bilan O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga muvofiq belgilanadigan chegirmalar o‘rtasidagi farq hisoblanadi.

Jami daromadga jo‘natilgan tovar, bajarilgan ishlar, ko‘rsatilgan xizmatlar va boshqa operatsiyalar uchun yuridik shaxs olishi lozim bo‘lgan (olgan) yoki tekinga olgan pul yoxud boshqa mablag‘lar kiradi.

Chegirmalar bu qonunda nazarda tutilgan hollarda soliq solinadigan bazaning kamayishiga olib keluvchi soliq to‘lovchining xarajatlari hisoblanadi.

Soliq solishning boshqa obyektlari deganda, mazkur modda doirasida shunday predmet va huquqlarni (daromaddan tashqari) tushunish joizki, ular mavjud bo‘lganda soliq majbu­riyati paydo bo‘ladi va ularning sifati soliq miqdorini belgilaydi. 

Amaldagi Soliq Kodeksiga muvofiq soliq solishning boshqa obyektlariga: tovarlarni (ish­larni, xizmatlarni) realizatsiya qilish oboroti va tovarlar im­porti, aksiz to‘lanadigan tovarlar, tovarlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarish tannarxi, jismoniy va yuridik shaxslar egaligidagi mulk, er usti va er osti manbalaridan olib foydalanilgan suv resurslarining hajmi kiradi.

Foydani, daromadni yoxud soliq solinadigan boshqa obyektlarni yashirish bu soliq organlariga taqdim etiladi­gan tegishli hisobot hujjatlarida ularni olganlik to‘g‘risida haqiqiy ma’lumotlarni qasddan ko‘rsatmaslik, shuningdek, ular­ning mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotni yashirib qolish maqsa­dida ularning kelib tushishini hisobga olish tartibini buzgan­lik. Masalan, taqdim etilgan mahsulotlarga to‘lovni uchinchi shaxsga berish, barter asosida kontraktlar tuzish daromadlarni yashirish hisoblanadi.

Foydani, daromadni yoki soliq solinadigan boshqa obyektlarini kamaytirib ko‘rsatish soliq organlariga taqdim qilinadigan hisobot hujjatlariga bila turib soliqning miq­dori to‘g‘risida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, balki uni pasayti­rish va kamaytirish tomoniga ma’lumotlar kiritishda ifodala­nadi.

Shuni nazarda tutish lozimki, daromad (foyda) yoki soliq solishning boshqa ob’ktlarini yashirish yoxud kamaytirib ko‘rsatish soliq yoki boshqa to‘lovlardan bo‘yin tovlash uslubidir. Boshqacha aytganda, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash turli uslublarni o‘z ichiga olgan kengroq tushunchadir, uni davlat yoxud mahalliy byudjet hisobiga majburiy to‘lovlarning olinadigan hajmini pasaytirish maqsadida soliq organlarini aldash deb tushunish lozim.

Soliq to‘lashdan boshqacha usulda bo‘yin tovlash deganda, narsalar haqiqiy holatini qasddan o‘zgartirish, soliq organlariga bila turib noto‘g‘ri axborot berishning turli uslublarini qo‘llash, to‘lanadigan soliq hajmini kamaytirish maqsadida ma’lum fakt, holat, hodisalar borasida yanglishtirish tushuni­ladi. Soliq yoxud boshqa majburiy to‘lovlardan bo‘yin tovlash uslublari turlicha va aksariyat hollarda to‘lanayotgan soliq tu­riga bog‘liq, xususan, bularga soliq organlariga soliq to‘lash obyektlari haqida hisobot hujjatlarini bermaslik, imkoniyat mavjudligida majburiy to‘lovlarni to‘lamaslik, soliq organla­riga ro‘yxatga qo‘ymaslik kabi holatlar kiradi. Mazkur jinoyatni sodir etish uslublari uni kvalifikatsiya qilishga ta’sir qilmaydi. Biroq shuni nazarda tutish lozimki, izohlanayotgan jino­yatning sodir etilishining alohida uslublari mustaqil qilmish deb tan olinishi va mustaqil kvalifikatsiya qilishni talab qilishi mumkin. Masalan, aksizsiz savdo faoliyatini amalga oshi­rishda, ustav faoliyatini amalga oshirmaslikda, ro‘yxatdan o‘tmasdan savdo qilishda yoxud vositachilik faoliyati bilan shug‘ullanishda va boshqa holatlarda qilmishni jinoyatlar majmui bo‘yicha kvalifikatsiya qilish lozim. 

Jinoyat soliq qonunchiligida o‘rnatilgan soliq solish to‘lashning tegishli muddatida soliq to‘lanmagan paytdan boshlab tugallangan hisoblanadi. SHuning uchun avvalgi harakatlar (buxgalteriya hisoboti hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish, soliq organlariga yolg‘on hisobot berish va hokazolar)ning hammasi jinoyat sodir etishga tayyorgarlik ko‘rishdir. Agar to‘lov haqiqatda kam to‘langan bo‘lmasa, aybdor harakatida haqiqiy ji­noyat tarkibi mavjudligini tasdiqlash mumkin emas.

Soliq va boshqa to‘lovlardan bo‘yin tovlash quyidagi majburiy shartlar mavjud bo‘lgandagina jinoyat deb tan olinadi: to‘lanmagan to‘lovning ancha miqdordaligi va ma’muriy preyuditsiya.

To‘lanmagan soliq soliqning avval to‘langan qismi bi­lan qo‘shimcha to‘lanishi kerak bo‘lgan soliq o‘rtasidagi farqdir. Agar soliq majburiy tartibda undirilsa, to‘lanmagan deb topiladi, soliq to‘lash ixtiyoriy ravishda jinoyat sodir etishga qaratilgan harakatsizlikni to‘xtatadi va jinoyat sodir etishdan ixtiyoriy qaytish deb tan olinishi lozim.

To‘lanmagan soliqning miqdorini aniqlashda shuni nazarda tutish lozimki, bunda soliq solish obyektining yashirilgan yoki kamaytirib ko‘rsatilgan miqdori emas, balki aybdor tomonidan yashirilgan yoki kamaytirilgan soliq obyektidan to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summasi tushuniladi. Soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash, foydani, daromadni va soliq to‘lanadigan boshqa obyektlarni yashirish, kamaytirib ko‘rsatish davomli jinoyat hisoblanadi. SHu sababli zarar miqdori soliq to‘lanmagan barcha muddat uchun kam to‘langan summalar yig‘indisi bilan belgilanishi kerak. Tergov organlari va sudlar to‘lanmagan soliq, daromad va soliq to‘lanadigan boshqa obyektlarning miqdorini aniqlashda Soliq Kodeksining oltinchi bobi (chegirmalar va zararlar) talablarini hisobga olishga majburdirlar, ya’ni bunga binoan foydani (daromadni) aniqlashda, ma­salan, xodimlarning ish haqi, asosiy fondlarni ta’mirlash, ijara to‘lovi bo‘yicha va boshqa xarajatlar chegirilib tashlanadi.

Soliq yoki boshqa to‘lovlardan bo‘yin tovlash oqibatida etka­zilgan zarar miqdorini aniqlashda jinoyat tugallangan davrdagi eng kam oylik ish haqi miqdoridan kelib chiqish lozim.

Jinoyat Kodeksining 184-moddasi dispozitsiyasiga bi­noan soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash harakatda, xuddi shu­ningdek, harakatsizlikda ham ifodalanishi mumkinligidan, ammo faqat qasddan sodir etilishidan kelib chiqib tergov organ­lari va sudlar har bir ish bo‘yicha soliq to‘lashdan bo‘yin tovlayotgan shaxsning maqsadini va haqiqiy niyatini aniqlashga majburdirlar. Xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lish oqibatida hisobni yoki hisobotni chalkashtirib yuborish, foydani hisoblashda xatoga yo‘l qo‘yish holatlarining o‘zinigina Jinoyat Kodeksining 184-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi mumkin emas, lekin tegishli asoslar bo‘lgan taqdirda Jinoyat kodeksining 207-moddasida ko‘zda tutilgan mansab sovuqqonligi jinoyatining tarkibini tashkil etadi.

Motiv va maqsad qoida tariqasida g‘arazli bo‘ladi.

Jinoyat sub’ekti o‘n olti yoshga to‘lgan shaxs hisoblanadi. Bunday sub’ekt deb qonunga muvofiq daromad, foyda va soliq solishning boshqa obyektlari haqida to‘liq axborot berish hamda davlat foydasiga belgilangan to‘lovlarni kiritish vazifasi yuklatilgan shaxslar tan olinishi mumkin. Bular qatoriga, mulk shaklidan qat’i nazar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning soliqlarni hisoblab chiqarish va to‘lash bilan bog‘liq bux­galteriya hisobotini olib borish, hujjatlar taqdim qilish zim­masiga yuklatilgan mansabdor shaxslar (korxona, muassasa va tashkilotlarning rahbarlari, ularning o‘rinbosarlari, bosh hisobchilari va hisobxonaning mansabdor shaxslari) kiradi.

Qonunga binoan belgilangan hisobot shaklida xujjatlar taqdim etishga va soliq to‘lashga majbur bo‘lgan jismoniy shaxslar (soliq to‘lovchilar) ham ushbu jinoyatning sub’ektlari bo‘lishi mumkin. JK184-moddasida nazarda tutilgan jinoyatning sodir etilishini tashkil qilgan yoki unga rahbarlik qilgan yoxud o‘zlarining harakatlari bilan foydani (daromadni) yoki soliq solinadigan boshqa obyektlarning kamaytirilishida ishti­rok etishga rahbar, bosh hisobchi, soliq to‘lovchini da’vat etgan, yoxud bu jinoyatni sodir etilishiga maslahat, ko‘rsatma bilan ko‘maklashgan boshqa shaxslar JK 30-moddasiga muvofiq va JK184-moddasining tegishli qismi bo‘yicha jinoyatning ishtirokchilari (tashkilotchi, dalolatchi yoki yordamchilar) sifatida javobgarlikka tortiladilar.

Agarda mazkur jinoyatni sodir etishda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari mansabdor shaxslarining ishtiroki bo‘lsa va ular tahlil qilinayotgan qilmishning sodir etilishiga qasddan yordam berishsa, ularning harakatini tegishli belgilar mavjud bo‘lganda jinoyatlar majmui tariqasida JK 205, 209, 210-moddalari bo‘yicha kvalifikatsiya qilish lozim.

Agar foyda va daromad to‘g‘risida ko‘rinib turgan yolg‘on ma’lumotli tegishli hisobot hujjatlarini soliq organiga taqdim qilish hamda soliqlarni ko‘p yoki juda ko‘p miqdorda (bitta, bir nechta yoki barcha soliqlar bo‘yicha) haqiqatdan kam to‘laganlik holati mavjud bulsa, soliq va boshqa to‘lovlarni ko‘p yoki juda ko‘p miqdorda to‘lashdan bo‘yin tovlash tugallangan jinoyat hisoblanadi.

Sudlar moddiy zararning miqdori aybdor tomonidan yashirilgan yoki kamaytirilgan soliq to‘lanadigan obyektning butun miqdoridan emas, balki uning mazkur soliq to‘lanadigan obyektdan to‘lashi lozim bo‘lgan soliq summasidan kelib chiqib belgilanishini inobatga olgan holda sinchiklab aniqlashga majburdirlar.

Soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash, foydani, daromadni va soliq to‘lanadigan boshqa obyektlarni yashirish, kamaytirib ko‘rsatish davomli jinoyat hisoblanadi. Shu sababli zarar mikdori soliq to‘lanmagan barcha muddat uchun kam to‘langan summalar yig‘indisi bilan belgilanishi kerak. 

Shular qatorida yana bir holatga to‘xtalsak maqsadga muvofiq bo‘lardi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 2015 yil 20 avgustdagi Qonuniga asosan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 184-moddasi quydagi mazmundagi “Birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha davlat soliq xizmati organining qarorini olgan kundan e’tiboran o‘ttiz kun ichida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar, shu jumladan penyalar va boshqa moliyaviy sanksiyalar tarzida davlatga etkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplasa, javobgarlikdan ozod qilinadi”-degan 5-qismi bilan to‘ldirildi va bu Qonun 2015 yil 21 avgustdan e’tiboran kuchga kirdi, bu esa soliq to‘lovchilarga berilgan yana bir imtiyoz bo‘lib hisoblanaib, sudlar tomonidan bu toifadagi ishlarni ko‘rilishida yanada adolatli qaror qabul qilinishiga erishiladi.

Har bir mamlakatning soliq tizimi shu yurt iqtisodiyotining tayanchi hisoblanadi, soliq yoki boshqa to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash daromad yoxud boshqa to‘lovlarni yoki so­liq solishning boshqa obyektlarini yashirish, kamaytirib ko‘rsatish, soliqlar, yig‘imlar, bojlar va boshqa to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik soliq tizimining beqarorlashuviga, iqtisodiyotning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, shuning uchun yurtimiz ravnaqi yo‘lida har bir fuqaro va mansabdor shaxs qonun doirasida faoliyat yuritsa maqsadga muvofiq bo‘libgina qolmasdan, mamlakatimiz tarraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shgan bo‘lardi.

P.Djo‘rayev, B.Raxmonov,

JIB Farg‘ona tuman sudining sudya yordamchilari

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50