Obuna bo`ling!
USD10588.01
EUR12881.37
RUB146.62
XOTIRJАMLIKKА HАLI ERTА yoki qahramonlar huzurida bir kun
May 31, 2021
61

...Bu yoqimsiz kurashning boshlanganiga bir yildan o‘tdi. Dastlabki kunlari yovni tanib olish, unga qarshi qaysi qurolni qo‘llash murakkabliklar keltirib chiqargan, bir dam o‘ylantirgan bo‘lsa, bugun yov aniq, qurollar shay, jangovar tayyorgarlik yuqori. Himoyachilarimiz tunu kun hushyor, bir dam bo‘lsin tinim bilishmayapti. Shu sababli ham makkor dushman ancha yiroqlashdi. Lekin xotirjamlikka hali erta...

Eng ishonchli qurol

– 23 may holatiga viloyatimizda COVID-19 infektsiyasiga gumonlanganlar 1179 nafarni tashkil etyapti, ularning 8 nafari koronavirus infektsiyasini yuqtirganligi tasdig‘ini topgan. Gumonlanganlarning 1143 nafari to‘liq sog‘ayib, oilasi bag‘riga qaytdi, – deydi Farg‘ona viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshqarmasi boshlig‘i Аhmadjon Yakubov. – Baʼzi odamlar mazkur infektsiya bo‘yicha statistik maʼlumotlar yashiriladi, raqamlar kamaytirib aytiladi, degan fikrni taʼkidlaydi. Lekin bunday emas. Har kuni mutasaddi idoralarga hisobot beramiz, har bir raqam ostida esa javobgarlik, masʼuliyat yotadi. Faqat bir jihat shuki, yurtimizga infektsiya kirib kelgan dastlabki vaqtlarda oddiy istima, gripp holatlari ham vahimaga sabab bo‘lgandi.

Bugun maʼlum darajada tajriba to‘plandi, xodimlar zarur jihozlar bilan taʼminlandi. Viloyat aholisidan har kuni 2-3 ming sinama olinyapti. Bularning barchasi kasallikni erta aniqlash imkonini beradi. Bundan tashqari, koronavirusga qarshi emlash tadbirlari uyushqoqlik bilan olib borilyapti. Shu kungacha viloyatimiz aholisining 181 ming nafari emlandi.

– Аmaliyotda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan, muayyan sinovlardan o‘tgan “AstraZeneca” (АQSh), “ZF-UZ-VAC2001” (Xitoy-O‘zbekiston hamkorligida), “Sputnik V” (Rossiya) vaktsinalari qo‘llanilmoqda, – deydi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari G‘ulomjon Yoqubov. – Bu vaktsinalar hammasi bir xil vazifani bajaradi, fuqarolarimiz u yoki bu vaktsina yaxshi-yomon degan fikrdan yiroq bo‘lishlarini istardim. Zero bugungi kunda kasallikka qarshi kurashishda asosiy qurol – emlashdir.

– Pandemiyaning dastlabki kunlari go‘yo urush holatiga o‘xshardi, – deya suhbatga qo‘shildi virusologiya laboratoriyasi mudiri Nigora Ibodinova. – Hamma o‘zini ehtiyot qilishga urinar, lekin masʼuliyatni his qilgan holda kechasi-yu kunduzi ishlardik. Chunki kasallikka gumon sifatida olib kelingan namunalarning adog‘i ko‘rinmas, ularni tekshirib, xulosalar berish bizdan tinimsiz mehnatni talab qilardi. Shu kungacha viloyatimiz bo‘yicha 300 mingdan ziyod namunalar tekshirilib, xulosalar taqdim qilindi. Bu harakatlarimiz kasallikni maʼlum darajada “ushlab qolish”ga yordam berayotganidan xursandmiz. Ijobiy natijalar ko‘nglimizga taskin beradi, mehnatimiz besamar ketmayotganidan quvonamiz.

 

Kurash maydoni

Rishton tumanining olis cho‘l hududida joylashgan 2-sonli viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga kirib borarkanmiz, bu yerdagi saranjom-sarishtalik... va sokinlik eʼtiborimizni tortdi. Go‘yo hammayoq tinch, hech qanday tashvishli voqea ro‘y bermaganday...

– O‘tgan yili may oyi boshida ishga tushirilgan, xalq tilida “Kovid markaz” deb nom olgan shifoxonamizda virusga qarshi barcha muolajalar qilishga shart-sharoit bor, – deydi bosh shifokor Maʼrufxo‘ja Tursunxo‘jaev. – Endi bu kasallikdan qo‘rqmaymiz, unga qarshi bemalol kurasha olamiz.

Shifoxona dastlab 250 o‘ringa mo‘ljallanib tashkil etilgan. 2020 yil kuz oylarida kasallikning ikkinchi to‘lqini kelishi sababli ikki qavatli 100 o‘ringa mo‘ljallangan reanimatsiya bo‘limi yangitdan qurib bitkazildi. Viloyat hokimligi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi, masʼullar ko‘magi bilan Frantsiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy kislorod stantsiyasi olib kelib o‘rnatildi. Muassasa uchun o‘ta kerakli bo‘lgan kislorod ilgari ballonlarda tashib keltirilardi. Hozirda shifoxonada 30 o‘rinli homilador ayollar uchun va 220 o‘rinli umumiy davolash bo‘limi faoliyat olib bormoqda.

– 24 may holatiga shifoxonada 57 nafar bemor davolanmoqda. Shundan 51 bemorda pnevmoniya mavjud bo‘lib, 6 nafar bemorda COVID-19 virusi PTsR usulida tasdiqlangan, – deydi bosh shifokorning davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Oybek O‘rinov. – Hozirda bir oylik ish rejimida 34 nafar vrach, 71 nafar hamshira va 33 nafar kichik tibbiy xodimlar faoliyat olib borishmoqda. Barcha xodimlarimiz to‘liq emlandi. O‘tgan vaqt mobaynida ularda kasallikka qarshi kurashish uchun yetarli bilim va malaka ham shakllandi. Ish jarayonida zaxira kadrlar tayyorlashga eʼtibor qaratdik, hozir yuzdan ortiq mutaxassislar aynan shu sohada ishlashga tayyor.

Biokimyoviy laboratoriyada ish qizg‘in. Mutaxassislar har bir namunani sinchkovlik va tartib bilan tekshirib, elektron bazaga joylab borishmoqda.

– Eng so‘nggi rusumdagi analizator apparati ishimizni birmuncha yengillashtiryapti, – deydi bosh epidemiolog Аbdumalik Ortiqov. – Uskuna yordamida birdaniga 40 ta tahlilni 45 daqiqa ichida 27 xil mezon bo‘yicha batafsil tekshirish mumkin. Bunda inson omili qatnashmaydi.

– Oshxonamiz 350 o‘ringa mo‘ljallangan, lekin rahbariyat talabi bilan barcha taomlar har bir bemor xonasiga bir martalik idishlarda yetkazib beriladi, – deydi bosh oshpaz Haydarali Normatov.

 

Hayot qadri va minnatdorlik

Davolash bo‘limidagi bemorlar bilan suhbatlashdik. Garchi kasallikdan xavotir sezilsa-da, tuzalib ketishga umid va ko‘rsatilayotgan beminnat xizmatdan minnatdorlik balqib turadi ularning nigohlarida. Yonma-yon o‘rinda davolanayotgan er-xotin bemorlardan hol-ahvol so‘radik.

– 28 aprelь kuni ayolim Muborakxon bilan bu yerga olib kelinganman, – deydi farg‘onalik Ibrohimjon Yo‘ldoshev. – Yoshim 71 da. Shu yoshni yashaganim bir tomonu, oxirgi 20 kun bir tomon bo‘ldi. O‘n kundan ortiq vaqt behush yotdim. Shifokorlarimizga ming rahmat, o‘z ota-onasiga, jigariga qaraganday eʼtibor ko‘rsatishdi. Mana, hozir ahvolimiz yaxshi. Umrimizning oxirigacha bu insonlarga taʼzimdamiz.

Homiladorlar bo‘limida shu kungacha uch nafar chaqaloq dunyoga kelibdi. Kasallangan onadan sog‘lom go‘dak tug‘ilishining o‘zi ham mo‘ʼjiza!

– Bunaqa joyda onalik baxtini tuyaman deb sira o‘ylamagan edim, – deydi Gulnozaxon O‘rinboeva. – Qizalog‘imning sog‘ligi meʼyorida, unga virus yuqmaganligini aytishganida xursand bo‘lganimni taʼriflab berolmayman. Oxirgi namunani topshirganman, natija ijobiy chiqsa, oilamiz bag‘riga qaytishni orziqib kutyapmiz.

 

Masʼuliyat va fidoyilik

“G‘alabadan keyin qahramon ko‘payadi” degan gap bor... Lekin bu maskandagilarning deyarli hammasini qahramonlar deyish mumkin. O‘z sog‘ligi, oila aʼzolari, oromidan kechishga jurʼat topa olgan qahramonlar. Kasbiga sadoqat ko‘rsatish, bemorlar dardiga darmon bo‘lish istagida yongan fidokorlar!

Dastlabki vaqtda viloyatdagi barcha tibbiyot muassalaridan mutaxassislar bu yerga jalb etilgan, ular 14 kunlik vaxta rejimida mehnat qilishgan. Ular orasida o‘z ixtiyori bilan uzluksiz faoliyat olib borganlar ham borki, ularni eʼtirof etmaslik insofdan bo‘lmas.

– Favqulodda vaziyat natijasida mazkur shifoxona tashkil etilgach, hammamiz bir yoqadan bosh chiqarib ishladik, – deydi bosh shifokor. – Zimmamizdagi ulkan masʼuliyat, bildirilgan ishonchni oqlash vazifasi bir dam bo‘lsin beparvolikka yo‘l bermasdi. Maqtanmoqchi demang-u, virus balosi chekinguniga qadar yetti oy davomida uyga bormadim. Oila aʼzolarim bilan faqat telefonda so‘zlashib turdim.

– Bemorlarni davolashda asosan yondosh kasalliklar bizni ko‘proq qiynadi, – deydi reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i Furqat Dadaboev. – Barcha xodimlarimiz jonbozlik ko‘rsatishdi. Vrachlarimiz Аdhamjon G‘afurov, Oybek O‘rinov, Аhror Jakbarov, Bahrom Yigitov... Tunu kun mijja qoqmay davolagan bemoringda salbiy o‘zgarish yuz ko‘rsatsa, asablaring dosh berishi mushkul. Shular taʼsir qildimi, hammamiz bir-bir kasal bo‘lib chiqdik...

Muassasada xorijlik mutaxassislar bilan hamkorlik ham yo‘lga qo‘yildi. Moskva COVID markazi, Qozon shahridagi shifoxona mutaxassislari, turkiyalik virusologlar shifoxonaga tashrif buyurishdi, o‘zaro tajriba almashishdi. Bularning barchasi ijobiy natijalarda o‘z samarasini ko‘rsatdi.

Shifoxonada bir soat mobaynida himoya liboslari egnimizda bo‘ldi. Shu vaqt oralig‘ida qancha noqulaylik sezdik – o‘zimizga ayon. Bir yildan beri shu kiyimni yechmay, yov bilan kurashayotgan haloskorlar mehnati va jasoratiga tasannolar!

Hayotjon BOYBOBOEV.

Elyor Olimov olgan suratlar.

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50