Obuna bo`ling!
USD9455.24
EUR10438.58
RUB147.25
Farg‘onada Janubiy Koreyaning nufuzli universiteti filiali ochiladi
Jul 4, 2019
3065

Farg‘ona viloyati va Janubiy Koreya o‘rtasidagi do‘stona, iqtisodiy, biznes aloqalari tobora mustahkamlanib bormoqda. Ushbu aloqalar tibbiyot va ta'lim sohalarida ham natijali bo‘lmoqda.

Avval xabar berganimizdek, Farg‘ona shahrida Janubiy Koreyaning jahonda katta nufuzga ega oliy ta'lim muassasasi filiali ochilishi yuzasidan memorandum imzolangan edi. Kecha Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev Janubiy Koreyadagi O‘zbek-Koreya biznes markazi rahbari, Farg‘ona viloyatining faxriy fuqarosi Edvard Kim boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Farg‘ona viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.  

Viloyat hokimligi qabullar uyida bo‘lib o‘tgan bu rasmiy uchrashuvga Koreyadagi Seojong universiteti rektori janob Pak va bir guruh universitet o‘qituvchilari ham tashrif buyurdilar.Viloyat hokimi mehmonlar tashrifidan mamnunligini bildirib, Edvard Kimning har safargi kelishi viloyat uchun samarali ekanligini va bu farg‘onaliklar uchun quvonchli ekanini bayon etdi. Shuningdek, viloyatda yangi universitet filiali ochilishiga katta tayyorgarlik ko‘rilayotgani, joriy yilning sentyabr oyidan filialga talabalar qabul qilinib, o‘quv faoliyati boshlanishi maqsadida ekanligini bildirib o‘tdi.

Edvard Kim, janob Pak va Shuhrat G‘aniyev o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda universitetga qabul masalalari, uning joylashuvi, ajratiladigan yer maydonlari, ochiladigan fakultetlar  bo‘yicha muhokama olib bordilar.  Ushbu universitet Xalqaro maqomga ega bo‘lib, Koreyadagi hamma universitetlar bilan aloqada bo‘ladi. 

Shu kungacha Janubiy Koreya tomonidan Toshkent shahrida uchta universitet filiali ochilgan, ularda 2-3 tadan fakultet faoliyat ko‘rsatadi. Farg‘onadagi universitetda esa 10 dan ortiq fakultetlar ochish ko‘zda tutilgan.

– Farg‘ona shahridagi Koreya Xalqaro universiteti 2019-2020 o‘quv yilidan o‘z ish faoliyatini boshlaydi, hammasi bo‘lib 16 ta fakultet ochiladi, – deydi yangi universitet rektori janob Pak. – Boshlang‘ich davrda ta'lim o‘zbek va koreys tillarida olib boriladi. Koreys tilini bilmagan talabalar uchun tarjimonlar jalb qilinadi, og‘zaki va yozma tarjimonlar orqali hech qanday muammosiz darsni to‘liq tushunishlari mumkin. 4 yillik o‘qish tugaganidan so‘ng talaba ikkita diplomga ega bo‘ladi, ikki tomonlama daraja oladi. O‘zbekistonda bakalavr diplomini olgach, Koreyaga borib yarim yil o‘qigandan so‘ng Koreya universitetining ham diplomiga ega bo‘ladi.

Boshqa universitetlar bilan ham hamkorlik olib borilganligi uchun faqat Seojong universiteti emas, boshqa universitetlarga ham yuboriladi, hamkorlikda ish bilan ta'minlanadi. Qabul jarayoni hozirgi kunda Koreya universitetlarida kechayotgan jarayon bilan bir xil tartibda bo‘ladi. Ya'ni maktab, lisey-kollejdagi oxirgi yillardagi reyting ballari ko‘rib chiqiladi, birinchi etapda bu imtihon o‘rniga o‘tadi, eng yuqori reyting ballarga ega abiturientlar tanlab olinadi. Ikkinchi etapda esa universitet o‘qituvchilari suhbat o‘tkazadilar. Suhbatdan o‘tgandan keyin talabalikka qabul qilinadi. 

Yangi universitet Farg‘ona shahridagi Koreya Xalqaro universiteti (KIUF – Korea International University in Ferghana) deb nomlanadi. Koreyalik hamkorlarimiz o‘zbek tilida xuddi shu nomda kitob nashr ettirib olib kelganlar, bunda qabul, yo‘nalishlar, kerakli hujjatlar va boshqa ma'lumotlar to‘liq berilgan. 2019 yilda 9 ta fakultet ochiladi, qolganlari esa keyingi yil ochiladi. Eng asosiysi, bu yil ochiladigan fakultetlar ichida maktabgacha ta'lim, turizm menejmenti, koreys tili, go‘zallik menejmenti, kompyuter hisob-kitob menejmenti, internet va axborot-kommunikatsiya, avtomobilsozlik, arxitektura muhandisligi, elektrotexnika-gaz muhandisligi yo‘nalishlari bor. 2000 ta talaba qabul qilish ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50